PARDA ORTIDAGI HAQIQATLAR

Bugun global miqyosda urchib borayotgan mojarolarning asl mohiyati neft va gazga egalik qilish, mamlakatlarning tabiiy boyliklaridan foyda olish maqsadida ro‘y bermoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Yer yuzida sodir bo‘layotgan mojarolarga teranroq nazar solsak, Suriya, Iroq va hatto Janubiy Xitoy dengizigacha energomanbalar, yana ham aniqrog‘i yoqiladigan foydali qazilmalar uchun kechayotgan kurashlarga guvoh bo‘lamiz. Tabiiyki, tinch-totuv hayot kechirayotgan insoniyatga qiron keltirish evaziga erishilayotgan har qanday boylik yovuzlikning yanada rivoj olishiga xizmat qiladi. Birgina Iroqning parchalanib, fuqarolik urushi va konfessiyalararo kelishmovchiliklar asosida ommaviy qirg‘inlar olovi ichida qolayotgani bunga misoldir.

Neft uchun bo‘layotgan janglar yanada noxush tus olayotgani, muhorabalarning ortidan dunyoning u yoki bu nuqtasini xunrezliklaru yalpi ofatlar qurshab borayotganidan ko‘z yumib bo‘ladimi?!

URUSH TEGIRMONIGA SUV QUYAYOTGANLAR

Iroq, Suriya, Nigeriya, Janubiy Sudan... xullas, qayerga razm solmang, yo yangi mojarolar paydo bo‘ladi, yoxud eskilari qayta jonlanadi. Bir qarashda biri boshqasidan tamomila farq qiluvchi, o‘ziga xos sharoit tufayli sodir bo‘layotgan hodisalardek tuyuladi. Ammo bu voqyealarda bir qator umumiy xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Eng avvalo, etnik, diniy va milliy ziddiyatlar energomanbalar bahonasida tobora avj olmoqda.

Bu mojarolarning murvatini burab, tegirmoniga suv quyib turayotgan, uzoq davrlardan “meros” bo‘lib kelayotgan va'j-karsonlar ham bir talay. Aksariyat hollarda ziddiyatlar bir-biri bilan o‘zaro aralashib ketgan qabila va elatlar, konfessiya hamda xalqlar o‘rtasida namoyon bo‘ladi. Iroq va Suriyada sunniylar, shialar o‘rtasidagi nizo, Nigeriyada esa musulmonlar, xristianlar va turli qabilaviy guruhlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, Janubiy Sudanda dinka va nuer elatlari o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar bunga misoldir.

Bu holatlarga ko‘p asrlik dushmanlikning oqibati, deya juda jo‘n ta'rif ham berish mumkin. Bunday kayfiyat haqiqatan ham ana shunday mojarolarni keltirib chiqarayotgandir. Biroq masalaning zamonaviy sabablarini ham e'tiborga olish zarur. Gap anchayin qimmatbaho sanalayotgan neft va gaz konlariga egalik qilish haqida boryapti. Iroq, Nigeriya, Janubiy Sudan va Suriya singari mamlakatlar daromadining asosiy qismini neft savdosidan tushayotgan foyda tashkil etadi. Shu sababli tarixiy adovatning nuqsi urib turgan bo‘lsa ham ushbu mojarolarning aksari aslida ana shu milliy boylikni nazorat qilish masalasi bilan bog‘liq. Energomanbalar uchun janglar so‘nggi yillardagi ko‘plab mojarolarda yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Jumladan, 1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushi, 1990-1991 yillarda Fors ko‘rfazidagi urush, shuningdek, Sudanda 1983 yildan 2005 yilgacha davom etgan fuqarolik urushlarida aslida energomanbalar uchun kurash birlamchi omil bo‘lgan.

IROQ, SURIYA HAMDA “ISLOM DAVLATI”

“Islom davlati” degan niqob ostiga berkinib olgan ekstremistik tashkilot Suriya janubi va Iroq shimolidagi katta hududni o‘z nazorati ostida saqlab turganini hammamiz bilamiz. Qurolli jangarilar otryadlaridan iborat guruh o‘zlari egallagan hududlarda egaminlik qilish va shu orqali neft va boshqa foyda keltiruvchi manbalarga ega bo‘lishni ko‘zlab janglar olib borishmoqda. Hozirda ushbu tashkilot Suriyadagi muhim neft qazib olinadigan hududlar hamda Iroqdagi neftni qayta ishlovchi quvvatlarni qo‘lga kiritdi. Oqibatda mintaqa yangi mojarolar iskanjasida qolishi ehtimoli tobora haqiqatga aylanib bormoqda.

Suriya hech qachon yirik neft qazib oluvchi davlat hisoblanmagan bo‘lsa-da, urushdan oldingi davrda Bashar Asad hukumati kuniga 400 ming barrel neft qazib olib, bundan kattagina foyda ko‘rar edi. Ma'lumotlarga ko‘ra, hozir konlardan neft qazib olish nisbatan ancha kamaygan. Biroq bir talay xorijiy manbalarda isyonchi guruhlar foyda ko‘rishi va ularning kundalik ehtiyojlari uchun yetarli darajada neft qazib olinib, yashirin yo‘llar orqali sotilayotgani ta'kidlanadi.

Nafsilambirini aytganda, xalqaro kuzatuvchilarning fikrlarini qu­yidagicha umumlashtirish mumkin: Iroq sharqidagi jangovar harakatlar qay yo‘sinda davom etmasin, neft uchun kurashdan bo‘lak narsa emas...

 NIGERIYA VA JANUBIY SUDAN

Nigeriya - Afrikada eng yirik neft qazib oluvchi davlat. Ushbu mamlakatda taxminan kuniga 2,5 million barrel neft qazib olinadi. Deylik, 1 barrel neftning narxi o‘rtacha 100 dollarni tashkil etganda ham bu ish bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniyalar o‘z ulushini olganidan qolgani-da, davlatga ulkan foyda keltirishi aniq. Bir yilda o‘nlab milliard dollarni tashkil etadigan ana shu mablag‘lar aholi turmush sharoitini yaxshilash, mamlakatni taraqqiy ettirish yo‘lida sarf­langanida Nigeriya butun Afrika uchun umid mash'aliga aylangan bo‘lur edi. Aksariyat kuzatuvchilar Nigeriyada “Boko xaram” singari isyonchi guruhlar safi kengayib borayotganini ana shu sabablar bilan izohlaydilar.

Janubiy Sudandagi mojarolarning ham turli sabablari bor. Biroq energomanbalar masalasiga oid yagona umumiy bog‘liqlik mavjud. Aslida, Janubiy Sudan davlati neft siyosati mahsuli o‘laroq tashkil topgan edi. Ushbu davlatda 1955 yildan 1972 yilgacha davom etgan fuqarolik urushi ko‘pchilik qismi musulmonlardan tashkil topgan shimoldagi hukumat mamlakat janubidagi afrikaliklarning an'anaviy e'tiqodiga amal qiluvchi hamda xristianlikka e'tiqod qiluvchi xalqlarga muxtoriyat berishga rozi bo‘lganidan so‘nggina o‘z nihoyasiga yetdi. Biroq mamlakat janubida neft konlari topilgach, Shimoliy Sudan hukumati avvalgi va'dalaridan voz kechib, neft konlarini o‘z nazorati ostiga olishga intildi. Bu mamlakatda 1983 yildan 2005 yilgacha davom etgan fuqarolik urushining ikkinchi to‘lqinini keltirib chiqardi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu urushda 2 millionga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan. Alaloqibat, Janub to‘liq mustaqillikka erishdi. 2011 yil yanvarida o‘tkazilgan referendumda janubliklarning 98,8 foiz ovozi bilan Janubiy Sudan alohida davlat sifatida ajralib chiqib, 9 iyulda o‘z mustaqilligini e'lon qildi.

Yangi davlat shakllanib ulgurmasdanoq, Shimolda neft mojarosi qaytadan jonlandi. Janubiy Sudanda neft konlari yetarli bo‘lishiga qaramay, mahsulot eksporti uchun mo‘ljallangan yagona neft quvuri Qizil dengiz sohiliga Shimoliy Sudan hududidan o‘tib borishi yangi ziddiyatlarga sabab bo‘ldi. Shu bois, o‘z-o‘zidan Janub Shimolga tobe bo‘lib qoldi. Shimolliklarning tranzit narxlarini keskin ko‘tarib yuborgani Janub tomonidan neft yetkazib berishning to‘xtatilishi va ikki davlat o‘rtasida haligacha bahslarga asos bo‘layotgan chegarada o‘qtin-o‘qtin takrorlanib turadigan zo‘ravonliklarga sabab bo‘ldi. 2012 yilning avgustida nihoyat tomonlar neft boyligini taqsimlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar. Shu tariqa neft qazib olish ishlari yana jonlandi. Biroq haligacha Shimolning nazorati ostida bo‘lgan, ammo asli janublik aholi joylashgan chegara hududlarida ayrim guruhlar tomonidan jangavor harakatlar davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari mamlakatda hokimiyat uchun boshlangan kurashlar tezda etnik-fuqaroviy urushga aylanib ketdi. Oqibatda kelib chiqishi dinka elatiga mansub bo‘lgan prezident Kiir tarafdorlari hozirgi kunda vitse-prezident Mashar mansub bo‘lgan nuer elati vakillari bilan jang qilmoqda. Sudan janubida ham Suriya va Iroqda bo‘lgani kabi jangovar harakatlar neft konlaridan uzoq bo‘lmagan hududlarda bo‘lib o‘tmoqda. Ikkala tomon ham konlarni o‘z nazorati ostiga olishga intilishmoqda.

 “...HYECH QAYSI XALQ URUSHNI XOHLAMAYDI”

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida: “Afsuski, bugungi kunda dunyo­ning turli hudud va mintaqalarida, olis va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi xavfli ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

Butun dunyo xalqlarining ezgu orzusi, xohish-irodasi bitta. U ham bo‘lsa, urush hech qachon, hech qanday shaklda qaytarilmasin, degan talabdir. Bunday istak, bunday maqsad jahondagi barcha xalqlarning manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, hech qaysi xalq urushni xohlamaydi”, deya ta'kidlagan edi.

Darhaqiqat, muayyan tor doiradagi manfaatlarning badali begunoh insonlarning qoni to‘kilishi, boshpanasiz qolishi, minglab odamlarning o‘z yurtini tashlab ketishi evaziga to‘lanmasligi kerak. Biroq bugungi kunda xususan, neft savdosidan, yerosti, yerusti boyliklaridan foyda olish orzusi baribir ziddiyatlarni harakatga keltirayotgan asosiy kuch bo‘lib qolmoqda. Etnik va diniy kelishmovchiliklar esa ana shu mojarolarga yanada keskin siyosiy, mafkuraviy tus berishda dastak vazifasini o‘tamoqda. Umid shuki, ajabmas qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha ishlanmalar rivoji yaqin kelajakda ana shunday mojarolarga nuqta qo‘ysa.

 Javohir QUDRATOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.