QORA CHOY - DIABET UCHUN UNIVERSAL DORI

Choyni xush ko‘rasizmi? Qay birini? Aslida xush ko‘radigan choyni emas, organizm uchun foydalisini ichish kerak ekan.

Xalqaro olimlar guruhi qandli diabet kasali uchun qulay va hammabop dorini topishdi.

Bu yangilik dunyo fani jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Yaponiya va AQSH olimlarining organizmida qandli diabetga moyilligi bor odamlar ustida o‘tkazgan tajribalari buni tasdiqladi. Unga jalb etilgan kishilar bir necha kun mobaynida ma'lum me'yordagi choyni ichishdi. Natijada ushbu xastalikni davolashda qora choy har qanday doridan ko‘ra yaxshiroq samara berishi ma'lum bo‘ldi. Olimlar choy bargi tarkibidagi polifenol moddasi qonda qand miqdorini bir maromda ushlab turishini aniqlashdi. Xullas, tadqiqotchilar kuniga 2-3 piyola choy ichib turish diabetning oldini oladi, deyishmoqda.

 “NEFRITLI QUYON”DAN QIZIQARLI XABARLAR

Xitoyliklar tomonidan Oyga yuborilgan lunoxod “Yuytu” salkam bir yildan buyon harakatsiz turganiga qaramay, Yerdagi mutaxassislar u bilan aloqa o‘rnatishga urinishmoqda. 15 oydan buyon 180 darajali sovuqda turgan bu kosmik kema hamon ishlash “qobiliyat”ini yo‘qotmaganidan muhandislar hayron.

“Nefritli quyon” deb nomlangan ushbu uchuvchisiz lunoxodni ilk muvaffaqiyatli parvoz deyish mumkin. Undan olingan ma'lumotga qaraganda, oy jinslari to‘qqiz tosh qavatdan iborat. Ushbu uskuna joylashgan hudud esa oxirgi 3,3 milliard yildan buyon geologik faol ekani ma'lum bo‘ldi. Tadqiqotchi olim Lun Syaoning bergan xabariga ko‘ra, ushbu qatlamlar uzoq vaqtdan buyon nuray boshlagan tuproq va lavalar oqibatida yuzaga kelgan. Lunoxod yordamida Oyning bo‘ronli o‘tmishiga oid yana bir muhim narsa aniqlandi. Ushbu qatlamlarni yorib o‘tgan 400 metrli chuqurlik 27-80 million yil avval asteroidning kuchli urilishi oqibatida qolgan izdir.

- Eng qizig‘i ikki narsa bo‘ldi, - deydi Lun Syao. - Birinchisi, so‘nggi vulqonlar otilish davrida juda ko‘p lavalar oqib chiqqanidir. Ikkinchisi esa, ushbu vulqonli dengizda nafaqat bazalt lavalar, balki ularning portlovchi turlari ham uchrashi bilan bog‘liq. Demak, Oyda portlovchi lavalar ko‘p bo‘lgan ekan, degan xulosaga kelindi.

SATURN YO‘LDOSHIDA ISSIQ SUV TOPILDI

Yaqinda Saturn sayyorasi yuza qismini o‘rganayotgan “Kassini” kosmik uskunasidan qiziqarli xabar keldi. Olimlar ushbu sayyora yo‘ldoshi Enselandda (uning diametri 500 kilometrni tashkil etadi) tirik organizmlar bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilishmoqda. Chunki “Kassini” aynan ushbu yo‘ldoshda joylashgan bo‘lib, o‘sha joyda qalin muz qatlami ostida issiq suv borligi ma'lum bo‘ldi.

Yaponiyalik ilmiy hamkorlardan biri, Tokio universiteti vakili Yasuxito Sekine bu haqda shunday deydi:

- Oqar suvdagi bunday hodisa, yana muz ostida yuqori haroratning bo‘lishi ma'lum bir kimyoviy reaksiya ro‘y berayotganini anglatadi. Boshqa sayyoralar va kosmik ob'yektlarda ilgari bu hol kuzatilmagan. Faqat bizning sayyoradagina shunday holatga duch kelingan. Qayd etib o‘tishim kerak, Enseland yuzasidagi jinslar tarkibida kremniyli tuproq borligi aniqlandi. Aynan shu topilma issiqlik manbaini aniqlash imkonini beradi. Umuman, Saturn yo‘ldoshini o‘rganish mobaynida undagi ko‘pgina alomatlar bu yerda hayot bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surishimizga asos bo‘lmoqda.

 TINCH OKEANIDA SUV OSTI VULQONIDAN YANGI OROL PAYDO BO‘LDI

Yaqinda Tonga orolidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda suv osti vulqoni otilgan. Ushbu seysmik jarayon oqibatida suv yuziga orol “o‘sib” chiqqan. Unga Xunga-Tonga nomi berildi. Mutaxassislar bunday vulqon so‘nggi besh yil davomida ilgari ham belgi bergan va bu ikkinchi marta otilib chiqishi, deya ta'kidlashmoqda.

Sayohatchilar yaqindagina paydo bo‘lgan bu orolga serqatnov bo‘lib qoldilar. Bularning aksariyati faqat shu yaqin hududda yashovchi kishilar bo‘lib, ko‘p o‘tmay, bu voqyea ko‘pchilikni qiziqtirib, dunyo sayyohlarini jalb etsa ajabmas. Olimlar odamlarning ushbu hududga tashrifini ma'qullashmayapti. Chunki vulqon otilishi hali davom etishi mumkin va bu hayot uchun xavfli.

Bristol universiteti mutaxassisi Mett Uotsonning fikricha, bu magma (yer qa'ridan chiqadigan suyuq cho‘g‘simon modda)ning qotishmasi bo‘lishi mumkin va u mustahkam emas. Yana bir bor vulqon otilishi uni bo‘laklarga bo‘lib yuborishi yoki u butunlay suv ostiga tushib ketishi ham ehtimoldan xoli emas.

Internet materiallari asosida X.FAYZIYEVA tayyorladi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.