TARIXDAN XULOSA CHIQARIB YASHAMOQ KERAK

Tarixning o‘zi bir maktab. Uning saboqlari insoniyatni hamisha hushyorlikka undab kelgan. Sezdirib-sezdirmasdan bosib kelayotgan balo-qazolarga qarshi kurashish, ularga nisbatan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rish, bu jarayonda yelkama-yelka bo‘lib, hamjihatlikda faoliyat yuritishni davrning o‘zi, taraqqiyot yo‘li taqozo etmoqda. Axir bejiz xalq o‘tmishga qarab turib kelajak sari qadam tashlaydi, degan hikmat yaratilmagan. Zero, kechagi kunini yoddan chiqargan, uning saboqlariga amal qilmagan millatning buguni parokanda, ertangi kuni esa tanazzuldir.

 Ustiga-ustak, shiddatli davrimiz, integratsiyalashuv va globallashuv jarayonlari har bir fuqarodan ona-sayyoramizning turli nuqtalarida yuz berayotgan voqyea-hodisalarga daxldorlik his­si bilan yashashni kun tartibidagi birinchi darajali masala qilib qo‘ygan.

Afsuski, ona-sayyoramizda bugungi kunda, XXI asrning bir necha o‘n yilligi o‘tib ham xalq­lar va millatlar, tuzumlar va davlatlar o‘rtasidagi ixtilof-ziddiyatlar barham topgan emas. Aksincha... Hushyorlik qo‘ldan boy berilsa, tash­qi tajovuzkor kuchlar nog‘orasiga o‘ynalsa, oqibati qanday tugashini YAqin Sharq va Afrika davlatlaridagi noxush manzaralar yaqqol isbotlab turibdi.

Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik, shovinizm kabi ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

Dunyo mamlakatlarida fashizm bosh ko‘tara boshladi. Yovuzona g‘oyalar tarqatilmoqda. XXI asrga kelib, jahon bo‘ylab fashizm sharpasining kezib yurishi, uning yo‘lboshchilari ulug‘lanishi, davomchilarining paydo bo‘lishi qanchalar dahshat. Ukrainadagi voqyealar, ikkinchi jahon urushida fashistlar bilan hamkorlik qilgan kuchlarning go‘yoki ozodlik jangchilari sifatida ta'riflanishi, Fransiya, Gollandiya, Avstriya, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda radikal millatchi kuchlarning obro‘yi oshib borayotgani fikrimizning isbotidir. 

Nahotki, insoniyat tarixdagi xatolarini yana takrorlasa, xulosa chiqarmasa. Ikkinchi jahon urushi azob-uqubatlarini shunchalar tez unutsa. 

Urush olovi yonayotgan mamlakatlardagi murakkab vaziyat tahlil qilinganida bu davlatlarda milliy birdamlik, hamjihatlik tamoyillari bar­ham topganiga guvoh bo‘lamiz. Bu holat kimlargadir qo‘l kelib, urushlarning boshlanib ketishiga sabab bo‘lgan.

Qaysiki xalq birlashmasa, Vatan va Millat sha'ni uchun kurashmasa, tahdid va xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra olmasa, urushlar, parchalanishlar girdobida qolib ketadi.

Ayniqsa, Ukraina atrofida bo‘layotgan hodisalar soyasida teleekranlarda hamda bosh­qa axborot vositalarida taraflarning bir-birlarini va radikal millatchilik kayfiyatidagi aholini fashizmda ayblanishini ko‘p ko‘ryapmiz. Aslida avtoritar rejimning eng xavfli shakllaridan biri fashizmdir. Fashistik rejim XX asrning 30-40 yillarida g‘arb mamlakatlarida (Germaniya, Italiya) paydo bo‘lib, u yerda mavjud bo‘lgan demokratik huquq va erkinliklarni yo‘qqa chiqardi va muxolif partiya va tashkilotlarni terroristik usulni qo‘llab yanchib tashladi.

Fashistik rejimlarni paydo bo‘lishiga jamiyatning ichida ijtimoiy-sinfiy ziddiyatlarning keskinlashuvi, siyosiy hokimiyatni inqirozi sabab bo‘ladi. Inqirozlar natijasida hukmron tabaqa o‘z hukmronligini liberal-demokratik usullar orqali ta'minlay olmaydi, shu sababli hokimiyatni qo‘ldan boy berishdan qo‘rqib terroristik usullarni qo‘llashga o‘tadi. Ularga misol qilib, ikkinchi jahon urushi boshlanishi oldidagi Germaniya va Italiyadagi fashistik rejimlarni ko‘rsatish mumkin. Bu mamlakatlarda mavjud bo‘l­gan fashistik rejimni xususiyatlariga quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

raholini kam ta'minlangan qatlamini himoya qilishni ro‘kach qilib boshqaruvni repressiv usullarini qo‘llash;

rommaviy axborot vositalari orqali g‘ayriinsoniy g‘oya­larni targ‘ib qilinishi;

rxalq farovonligi uchun g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘risidagi yolg‘on shiorlarni tarqatish;

rfashist rahbarlari siyosatiga qarshi bo‘lganlarga ommaviy miqyosda kurash olib borish;

rhukmron doiralarning armiya, politsiya va boshqa repressiv kuchlarga tayanishi;

rGermaniya va Italiya fa­shist­larining yo‘lboshchilarining daxlsizligi dohiylikka da'vogarligi va hokazo.

YUqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, fashistik rejimning yana bir qator o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Ulardan eng muhimi ijro etuvchi hokimiyatning qonun chiqaruvchi hokimiyatdan mutloq ustunligidir. Ijro etuvchi hokimiyatning mutloq ustunligi «tub islohotlar»ni o‘tkazish, «millat birligi» uchun kurashish, «haqiqiy» demokratiyani o‘rnatish, qonuniylik va adolatni tantanasi uchun kurashish kabi shiorlarni o‘rtaga tashlash bilan ta'minlandi. Bunda parlament faoliyat yuritishni to‘xtatadi va siyosiy jihatdan betaraflashadi. Parlament o‘zining qonunlarni yaratish vakolatidan mahrum bo‘ladi.

Britaniyalik doktor Lorens Brit Gitler (Germaniya), Mussolini (Italiya), Franko (Ispaniya), Suxarto (Indoneziya) va Pinochetlarning (Chili) tuzumlarini o‘rganib chiqqan. Uning xulosa qilishicha, barcha fashis­tik tuzumlar o‘n to‘rtta umumiy alomatga egadir, mazkur alomatlar esa fashizm xususiyatini tashkil qiladi. Olim tadqiqot natijalarini Amerikaning gumanitar jurnali “Free Inquiry”(Fri Inquri)ning saytida 2003 yili “Kimgadir fashizm kerakmi?” deb nomlangan maqolasida chop qilgan.

Birinchidan, fashistik tuzumlar doim millatchilik shiorlar, timsollar, qo‘shiqlar va xokazolardan foydalanishadi. Umum tan olingan inson huquqlarini paymol qilishadi - dushmandan qo‘r­qish va xavf­sizlikni ta'minlash bahonasida fashistik hukumatlar inson huquqlarini nazar-pisand qilmaydilar. Harbiy va kuch ishlatar tizimlarga davlat byudjetidan ko‘p miqdorda pul ajratiladi, ichki muammolar esa hal bo‘lmay yotaveradi. Jinsiy alomat bo‘yicha kuchli kamsitish - fashistik hukumatlarda erkaklar ko‘p bo‘lib, ayollarga yo‘llar to‘siladi. OAVlari ustidan nazorat - ular bevosita hukumat tarafidan yoki bilvosita hukumatga hamtovoq bo‘lgan jurnalist­lar tarafidan nazorat qilinadi. Senzura joriy qilinadi, ayniqsa harbiy harakatlar davrida u juda kuchaytiriladi. Vasvasa oqi­batidagi psixoz tufayli milliy xavfsizlikka haddan oshiq e'tibor qaratiladi.  Din va hukumat odamlari bir-birlari bilan chatishib ketadi - fashistik mamlakatlarning hukumatlari ijtimoiy fikrni boshqarish, nazorat qilish uchun dindan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishadi. Hukumat peshvolari diniy ritorika va istilohlardan ko‘p foydalana boshlaydi. 

Korporatsiyalar himoyasi - fashistik mamlakatlarda iqtidorga peshvolarni ko‘pincha sanoat va tijoratdagi yirik aris­tokratiya vakillari olib keladi, shuning uchun hukumat elitasi bilan yaxshi va o‘zaro foydali munosabatlar o‘rnatilgan bo‘ladi. Kasaba uyushmalari fashistik hukumatlarga real xavf soladigan yagona kuch bo‘lgani uchun ularni umuman yo‘q qilib yuborishadi yoki imkoniyatlari jiddiy ravishda cheklangan bo‘ladi. Oliy ta'lim va olimlarga nisbatan dushmanlik kayfiyati qo‘llab-quvvatlanadi, ko‘pincha ziyolilar ta'qibga uchraydi. San'atkorlar o‘z g‘oyasi, dunyoqarashini erkin ifoda eta olishmaydi. Politsiya cheklanmagan huquqga ega bo‘ladi. Xalq vatanparvarlik g‘oyalari uchun aksar holatlarda politsiya haddidan oshayotganini ko‘rishni istamaydi, hatto o‘zining fuqaroviy huquqlari paymol bo‘lsa ham.  Fashistik tuzumlarni tanish-bilish va sheriklar aymog‘i bosh­qarib keladi, ular bir-birlarini hukumatning muhim lavozimlariga tayinlashadi va iqtidorni o‘z aymog‘i vakilini himoya qilish uchun foydalanadi. Ko‘p hollarda hukumatdagi peshvolar davlat­ ­res­urs­­lari va xazinadagi boyliklarni o‘zlashtirib oladi, xalq boyligini talon-taroj qiladi, o‘g‘irlaydi. Fashizm 1939-1945 yillarda II jahon urushi olovini yoqdi. 50 milliondan ortiq kishining qirilib ketishiga sabab bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan ham yangi fashizm g‘oyasi insoniyat uchun zararli ekanligini har bir inson ang­lamog‘i lozim.

 Toshpo‘lat MATIBAYEV,

sotsiologiya fanlari nomzodi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.