YURT TINCHLIGI - KATTA DAVLAT

Jamiyatda tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik bardavom bo‘lsa, inson bunday ulug‘ ne'matning qadriga hamisha ham yetmasligi mumkin. Lekin dunyoda ro‘y berayotgan odamkushliklar, axborot tahdidlari, terrorizmning mudhish oqibatlaridan boxabar bo‘lgan kishi yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning naqadar qadrli ekanini yurak-yurakdan his qiladi.

Dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. U atomlar vahimasidan, omilkorlik bilan singdirilayotgan, tajovuz va agressiyaning yangicha uslublaridan zir titrab turibdi. Insoniyat aqli va qo‘li bilan samoda, yerda joylashtirgan ommaviy qirg‘in qurollari xavotiri, yon-atrofimizda sodir etilayotgan terroristik harakatlar, qudratli davlatlarning mustaqil mamlakatlar ichki ishlariga aralashishi, nufuzli xalqaro tashkilotlar qo‘li bilan o‘z manfaati yo‘lida boshqalarning moddiy manfaatlarini toptashga intilish, zo‘ravonlik, siyosiy bosimlar odat tusiga kirib, turli mafkuraviy tajovuzlar uyushtirilmoqda.

«Mafkuraviy poligon», «mafkuraviy immunitet», «mafkuraviy profilaktika» tushunchalari bizni jahon siyosatiga yangicha nazar tashlashga o‘rgatdi. Siyosiy g‘irromlik, ikkiyuzlamachilik, riyokorlikka asoslangan mafkuraviy kurashlarning maqsad va mohiyatini hamma ham anglab yetavermaydi. Ko‘pincha bunday maqsadlar kutilmaganda juda katta kulfatlar, yo‘qotishlar va qurbonlarga sabab bo‘ladi. Eng yomoni, jamiyat tinchligi buziladi, beqaror vaziyat yuzaga keladi. Ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyot to‘xtaydi.

Xalqimizda «Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi» degan ibratli naql bor. Bu nima degani? Bu - o‘zbek xalqi mentalitetiga xos bo‘lgan xushfe'llik, bag‘rikenglik, birovning ko‘ng­liga ozor bermaslik, hammaga yaxshilikni ravo ko‘rish kabi inson hayotining ziynatlaridir. Lekin chetdan kirib kelayotgan ig‘vo va uydirmalar, axborot tahdidlari o‘z fikriga, dunyoqarashiga ega bo‘lmagan yoshlarni o‘z oqimiga tortib ketish xavfi yildan-yilga kuchaymoqda. 

« - Men qonuniy hokimiyatni tan olaman, - degan edi Prezidentimiz 1991 yil «Di Sayt» nemis haftanomasi muxbiri savollariga bergan javobida. - Lekin u fuqarolar tinchligini, siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni, qattiq tartib va intizomni ta'minlashi, har bir kishi, millati va diniy e'tiqodidan qat'i nazar, o‘zi uchun, farzandlari va yaqinlari uchun xavotirlanmay, xavfsiz yashashi va mehnat qilishi uchun kafolat berishi kerak».

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, tahlikali davrda uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, odam savdosi, g‘oyaviy tahdidlar axboroti xuruji, diniy ekstremizm va missionerlik harakatlari tinchlik va osoyishtalikka o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda, terrorizm va din niqobidagi siyosiy ekstremizm xalqaro muammoga aylandi.

- Davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishi bilan bog‘liq, - deydi falsafa fanlari nomzodi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi Samar­qand shahar bo‘limi rahbari Tangir Sattorov. - Inson xotirjam bo‘lsagina, hayotda ko‘zlagan maqsad va orzu-havaslarini amalga oshirishga intiladi. Biror kishining farzandi betob bo‘lsa yoki uyi notinch bo‘lsa, uning qo‘li ishga bormaydi, xayoli farzandi yoki oilasida bo‘ladi. Yurt notinch bo‘lsa, to‘y-tomosha, xursandchilik, o‘yin-kulgi tatimaydi. Tinchlik barqaror bo‘lgan yurt­da har tomonlama yuksalish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-biriga ishonch va sadoqati, mehr-muruvvati samimiy bo‘ladi.

Onalar allasida, otalar duosida doimo xonadonlarga, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilanadi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyingi davr ichida xal­qimizning moddiy farovonligi, turmush darajasi oshib, shahar va qishloqlarimiz tobora obod, ko‘rkam bo‘lib bormoqda, ta'lim-tarbiya, sog‘­liqni saqlash borasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati jahon andozalari darajasiga yetib bormoqda. Iqlim sharoitlari, milliy urf-odatlarimiz talablariga javob beradigan zamonaviy uy-joylar qurilishi jadal davom etmoqda.  Har bir inson uchun tinchlik, osoyishtalikdan ko‘ra tansiqroq, azizroq ne'mat yo‘q. Ko‘hna solnomalarga nazar solsak, urushlar qancha begunoh jonlar umriga zomin bo‘lgan, katta vayrongarchiliklar keltirib, taraqqiyotni ortga surib yuborgan. Bugungi kunda ham dunyoning turli hududlarida urushlar, qon to‘kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etyapti. Eng achinarlisi, ko‘pincha bu urushlarga diniy tus berilyapti.

Xalqaro maydonda turli zo‘ravon kuchlar tomonidan «erkinlik va demokratiya tamoyili» niqobi ostida amalga oshirilayotgan g‘arazli siyosat tufayli dunyoning ayrim mintaqalarida tinch hayotning izdan chiqishi, hokimiyat tepasiga aynan o‘sha qudratli davlat manfaatiga xizmat qiladigan kuchlar kelishi kuzatilmoqda. Milliy va strategik rejalarni amalga oshirishga qaratilgan bu siyosatning asl mohiyati va maqsadi xalqni tahdid va qo‘rquv iskanjasida saqlab turish orqali dunyoni qayta bo‘lib olishdan iborat. Nafsiga erk bergan korchalonlar ana shu qonli urushlar bahonasida o‘zlarining o‘yinlarini olib borishyapti.

Shimoliy Afrika va YAqin Sharq mamlakatlarida yuz bergan “Arab bahori” o‘sha mamlakatlar iqtisodiyotini xonavayron qilib, xalqni sarson-sargardon qildi. Bir vaqtlar gullab-yashnagan Iroq, Liviya, Suriyada yuz minglab odamlarning halok bo‘lishi oxir-oqibatda zo‘ravon kuchlarning asl qiyofasini, manfur maqsadlarini fosh etdi. Zamonaviy qurollar vositasida ming-minglab odamlar qoni to‘kilib, hayotdan ko‘z yumayotgani, yovuz kuchlar or­qali dunyoda yangi-yangi urush o‘choqlari paydo qilinayotgani ko‘pni ko‘rgan, oq bilan qorani ajrata oladigan kishilarni nihoyatda hushyor bo‘lishga undaydi.

- Istiqlolning ilk kunlaridan to hozirgacha yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bar­qarorligini ta'minlash yo‘lida davlatimiz rahbari tomonidan katta ishlar olib borilmoqda, - deydi Jizzax viloyat nogironlar jamiyati raisi Abdulla Qarshiboyev. - Bugungi kunda yanada ogoh bo‘lib, dunyoning turli mintaqalarida, mamlakatlarda sodir bo‘layotgan noxush voqyealar, turli mojarolar, o‘zaro qarama-qarshiliklar, qon to‘kilishlar, dilni xira qiladigan voqyealar bizdan uzoqda, deb unga loqayd qarash mumkin emas. Chunki bu balo bir mamlakat yoki mintaqa doirasida chegaralanib qolmaydi, vaqtida bartaraf etilmasa, tobora kuchayib, boshqa mamlakat va mintaqalarga ham yoyilishi mumkin. Dunyoda bo‘layotgan voqyea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini diliga jo qilmog‘i darkor. Ayniqsa, bu fikrni yoshlarimiz ongu shuuri, qalbiga jo etishimiz hammamizning vazifamizdir.

Ne'matning qadri u yo‘qolganda bilinadi, ne'matning yo‘qolmasligi esa doimo uning shukrini ado qilish bilan bo‘ladi. Bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetgan inson o‘z qadriga yetadi. Tinchlik uchun kurashmoq kerakligini doimo yodimizda saqlashimiz, har kuni o‘z xonadonimizda, mahallamizda, korxonamizda tinchlikni mustahkamlashga hissa qo‘shish uchun jonbozlik ko‘rsatib, faol kurashmog‘imiz kerak. Kurashmoq degani qo‘lga qurol olib maydonga chiqish degani emas. Avvalo, mana shunday dorilomon va yorug‘ kunlarga yurakdan shukrona aytib, yurt obodligi, uning kundan-kunga ravnaq topishi uchun har kim o‘z joyida hissasini qo‘shishi kerak.

Prezidentimizning “O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li” kitobidagi “O‘zining milliy davlat manfaatlari ustuvorligida o‘zaro manfaatlarni har tomonlama hisob­ga olib, respublika biror-bir buyuk davlatning ta'sir doirasiga kirmasligi darkor” degan fikrlari yurtimizda amaliy ifodasini topmoqda.

Urush insoniyatga faqat kulfat va ofat keltiradi. Birgina ikkinchi jahon urushi ellik millondan ziyod odamning yostig‘ini quritdi. Millionlab kishilar mayib va majruh bo‘lib qoldi. Ko‘plab shahar va qishloqlar vayron qilindi. Shu ma'noda, tinchlikni avaylash, qadrlash, hayotdan o‘tgan urush qatnashchilarini xotirlash, tiriklarining hurmatini jo­yiga qo‘yish bugungi avlod uchun ham farz, ham qarzdir. Mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda BMT orqali tinchlik uchun kurashdagi faoliyati, Markaziy Osiyoning yadrosiz hudud deb e'lon qilinishi, uning xal­­­q­aro hamjamiyat tomonidan tan olinishi nafaqat mintaqamizda, balki jahonda tinch­likni saqlashda muhim aha­miyat kasb etadi.

O‘zbek xalqi azaldan bolaparvar, oilada tinchlik-xotirjamlik, jamiyatda oso­yishtalik tarfdori bo‘lib kelgan. Katta-katta ishlarni hashar qilib bitirgan, to‘yda ham, azada ham bir-biriga yonma-yon, yelkadosh bo‘lgan, quvonchli va tashvishli kunlarda bir-birining holidan xabar olgan, beva-bechoralar, yetim-yesirlarning boshini silagan, odamgarchilikni, ma'naviyatni barcha maqsadlardan ustun qo‘ygan.

Mustaqillik yillarida boshimizdan kechirgan turli tajovuzkorlik urinishlari, mamlakatimizdagi tinch-osuda hayotni, islohotlarni, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rolmayotganlarning g‘arazli niyatlari har birimizdan hushyorlikni, har bir yangilikka teran fikr, chuqur mulohaza bilan qarashni taqozo qiladi. Dunyo­dagi turli tazyiq va agressiyalarning yangicha mohiyatiga nazar tashlab, oqilona xulosa chiqargan, nayranglar ostidagi maqsadlarni anglab yetgan mamlakatdagina tinchlik-osoyishtalik, farovonlik barqaror bo‘ladi. Dunyo tinchligi, yurt tinchligi katta davlatdir.

 

 N. OSTONOV, jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.