MARSDA YADROVIY PORTLASH YUZ BERDIMI YOKI...

Amerika fizigi Jon Brandenburg NASA anjumanida so‘zlagan nutqida Mars sayyorasida sodir bo‘lgan yadroviy portlash haqida xabar berdi. Bu olim o‘zining g‘ayrioddiy  g‘oyalari bilan ko‘pchilikka tanish. U qadimiy Mars biosferasi, sayyoradagi tabiiy yadroviy reaktorlar to‘g‘risida ilmiy izlanishlar olib borgan.

Eng asosiysi, Brandenburg ushbu ma'ruzasida o‘zining g‘ayriilmiy mulohazalarini bildirmadi. U hamkasblari e'tiborini faqat hodisaning fizik tomoniga qaratdi. Qizil sayyoradagi yadroviy portlashni faqat shu orqali tushuntirish mumkin. Sayyoradagi dog‘lar uran, toriy, kaliy radioaktiv elementlaridan, shuningdek, trinitit (radioaktiv shisha)dan qolgan izlardir, deydi olim.

 Qizil sayyoradan tushgan meteoritda ma'lum miqdorda topilgan uran, toriy, kaliy elementlari keyingi yillarda Mars yuza qatlamidan topilgan elementlardan biroz farq qilishi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, tadqiqotchining ta'kidlashicha, sayyoradagi ksenon-129 (inert gaz) hajmi Yerdagidan ikki baravar yuqori. Meteoritdagi ushbu element miqdori esa, aksincha, ancha kam. Ushbu ilmiy tadqiqotning qimmatini aniqlash uchun dunyoning yetakchi olimlari - planetolog va astrofiziklar jalb etilgan. Tez orada bunga aniqlik kiritilishi kutilmoqda.

“AQLLI” BRASLETLAR YARATILDI

Mobil aloqa uskunalarning salbiy ta'siri haqida ko‘p gapiriladi. Ammo baribir bugungi davrda undan voz kechishning imkoni yo‘q. Olimlar zararsiz mobil aloqa uskunalarini yaratish haqida ham bosh qotirishmoqda. Tadqiqotchi Roman Unuchek buning uddasidan chiqdi, o‘nlab fitnes-braslet yaratdi.

Bu gadjetlar tekshiruvdan o‘tkazilganda zararsiz ekani ma'lum bo‘ldi. Smartfondagi soddalashtirilgan aloqani beruvchi ushbu “aqlli” brasletlarda ekran mavjud emas. Ushbu moslama uning egasini turli xavfdan asraydi, vaziyatdan oson chiqishning yo‘lini ko‘rsatadi.

Unuchekning qayd qilishicha, uni smartfonga ulab qo‘yish mumkin. Tadqiqotchi gadjetga uzluksiz tebranish ko‘rsatmasini berish mumkinligini ta'kidlaydi. Agar tebranish o‘chirib qo‘yilsa, xakerlarga yo‘l ochiladi. Ushbu elektronika vositalari orqali undan foydalanuvchilarning yurak urish maromini ham eshitib turish mumkin. Masalan, do‘kon egasi uning yordamida xaridor yurak urishi tezlashishini sezadi va nimadir ma'qul bo‘lganiyu sotib olishga chog‘lanayotganini oldindan biladi. U sotuvchining vazifasini “yengillashtiradi” va xaridorni savdo qilishga undaydi, deydi dasturchi-tadqiqotchi. Ammo brasletga jiddiyroq vazifa yuklashning iloji yo‘q, chunki unga o‘rnatilgan moslama tufayli har soatda xotirasi yangilanadi. Bu bir tomondan qulay: jinoyatchi braslet sohibining rejasini oldindan bilolmaydi. Qachonki ushbu moslamalarning dasturi yangilangan, sensorli turlari ishlab chiqilsa, xakerlar uchun yo‘l ochilishi mumkin, deya ogohlantiradi tadqiqotchi.

ISSIQLIK OQIMINI BOSHQARISH MUMKIN...MI? 

Amerika fiziklari issiqlik oqimini magnit yordamida boshqarishning yangi usulini topishdi. Ular o‘tkazgan tadqiqotda yarimo‘tkazgich sifatida iridiy (kimyoviy element) hamda surma (kumush rang metall)dan tayyorlangan bir necha millimetrli kamertondan foydalanildi. Ushbu namuna Selsiy shkalasi bo‘yicha 268 darajagacha sovutildi. So‘ng tadqiqotchilar uni magnit maydoniga joylashtirishdi.

Olimlar taxmin qilganidek, magnit maydonida fononlarning bir-biriga to‘qnash kelishi issiqlik oqimini sekinlashtirdi. Namunani eng past darajada sovutish orqali issiqlik kristallari elektronlarga emas, balki fononlarga aylanadi. Ulardan yarimo‘tkazgich sifatida foydalanish esa kutilgan natijani beradi. Fononlar elektronlardan ko‘ra issiqlikni ko‘proq ushlab turadi, deyishmoqda tadqiqotchilar. Kelajakda olimlar nafaqat issiqlik, balki tovush to‘lqinlarini ham boshqarish mumkinligini isbotlashmoqchi.

HUJAYRALARNI QAYTA TIKLOVCHI PLASTIRLAR

AQSH tibbiyotchi olimlari noyob nano-plastir yaratdilar. Uning yordamida genetik ko‘rsatmalarni o‘rganish, organizm mushaklaridagi qon tomirlarni o‘stirish mumkin. Bu tadqiqot kemiruvchi organizmida sinab ko‘rildi.

- Bu kvant nazariyasida katta yuksalish bo‘ldi, - deydi Xyustondagi tadqiqot instituti vakili Ennio Tashotti. - Shu orqali hujayralar tuzilishini o‘rganibgina qolmay, ularni qayta dasturlashga ham erishishimiz mumkin. Bundan tashqari, u tibbiyotda maxsus tahlillarni amalga oshirish uchun yo‘l ochadi. Bularning bari inson soch tolasidan ming karra ingichka tuzilishga ega moslama tufaylidir.  

U ichki tomondan yumshoq “gubka”ga o‘xshaydi. Bu esa RNK va DNK tekshiruvida muhim rol o‘ynaydi. Tashotti boshchiligidagi guruh ana shu yangi plastirni kemiruvchining yelkasidagi mushaklarga joylashtirib, yangi qon tomirchalar o‘sishini tezlashtirishga urindilar. Bir haftadan so‘ng plastir joylashtirilgan joyda o‘nlab yangi kapillyarlar paydo bo‘ldi. Ushbu natija keyingi ikki hafta davomida o‘tkazilgan tadqiqot davomida ham saqlanib turdi. Faqat ikki sutka davomida kremniyli eritma yuborib turilgach, yo‘qolib ketdi. Bu orada olimlar jonivor yelkasidagi hujayralarning 80 foiz genetik qo‘llanmasini olishga ulgurdilar. Muhimi, plastir kemiruvchida hech qanday asorat qoldirmadi.

Olimlar bunday plastirlarni nafaqat qon tomirlarni qayta tiklash, balki tibbiyotdagi ko‘plab maqsadlar uchun qo‘llash mumkinligini ta'kidlashmoqda. Masalan, zararlangan asab hujayralari, chandiqlar o‘rnini qayta tiklash va implantatsiya yo‘li bilan ko‘chirib o‘tkazilgan organlarni asl holiga o‘xshatish va hokazolarda qo‘l keladi.

 TUXUMNING FOYDASINI BILASIZMI?

 Qandli diabet kasaliga yo‘liqishdan o‘zingizni himoya qilishni bilasizmi? Buning turli yo‘llari bor. YAqinda Sharqiy Finlyandiya universitetida o‘tkazilgan tadqiqot kasallik oldini olishning yana bir yo‘lini ma'lum qildi. Tovuq tuxumini muntazam iste'mol qilish diabetning ikki turidan himoya qilarkan.

Olimlarning ushbu tadqiqot loyihasiga 42 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ikki mingdan ziyod ko‘ngillilar ishtirok etdi. Ularning salomatligi salkam 20 yil davomida kuzatib borildi. Shu davr mobaynida ulardan 430 nafari diabet bilan og‘ridi. Ular ma'lum bir ovqatlanish ratsioni va turmush tarziga ega bo‘lgach, alohida tahlillardan o‘tishdi. Haftada to‘rttadan tuxum iste'mol qilgan erkaklarda kasallikka chalinish xavfi haftada bitta tuxum bilan kifoyalanganlarga nisbatan 37 foizga kamaydi.

Ha, tovuq tuxumi foydali va to‘yimli ovqat bo‘lishi bilan birga, yuqori biologik quvvatga ega 6,5 g protein, 5,8 g tez singadigan yog‘ hamda miyani va asab tolalarini oziqlantiruvchi moddalarga boy. Bundan tash­qari, tuxum aminokislotalar, mineral moddalar va vitaminlarning boy manbasidir.

Bodibilderlar bekorga tuxum oqini xush ko‘rmaydi-da. Buni qarangki, jahon  bodibilderi Kay Grin bir kunda 200 ta tuxum oqini iste'mol qilarkan. Joriy yilgi «Arnold Klassik-2015» g‘olibi Aleksey Shayev esa 100 tagacha tuxum oqini ko‘rdim demaydi. To‘g‘ri, shu kuni ular boshqa hech narsa yeyishlari mumkin emas.

Demak, tovuq tuxumi doimiy ovqatlanish ratsioningizda bo‘lsa, kasallik xavfidan xoliman, deyavering.

 

Internet materiallari asosida X. AHMADJONOVA tayyorladi.