STRATEGIK HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH YO‘LIDA

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning dolzarb strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta’minlaydi. O‘zbekiston hukumati Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Angren — Pop yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Qadimiy Movarounnahr va Chin yurti o‘rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalar choy, paxta, ipak, qog‘oz va boshqa mahsulotlarning butun dunyoga tarqalishida muhim o‘rin tutgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin — 1992 yilning 2 yanvarida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgach, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yangicha taraqqiyot va mazmun-mohiyat kasb etdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari ko‘lami kengayib, strategik sheriklik yuksak darajaga ko‘tarildi. Bunday do‘stona hamkorlik mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga, O‘zbekis­ton va Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotiga, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Xitoy xal­qaro maydonda ikki mamlakat manfaatlariga oid eng muhim masalalarda bir-birini siyosiy qo‘llab-quvvatlab, BMT, ShHT singari xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligini tobora kengaytirib kelmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasida ham o‘zaro faol hamkorlik qilmoqda. Ikkala mamlakatning ko‘plab mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal etish bo‘yicha yondashuvlari bir-biriga o‘xshash yoki yaqin ekanligi ta’kidlandi. Masalan, O‘zbekiston va Xitoy Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini, uning siyosiy yechimini topish, BMT shafeligida muzokaralar o‘tkazish va qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida murosaga erishish bu boradagi yagona to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi.

Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 455 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 70 tasi yuz foiz Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning 71 kompaniyasi vakolatxonasi ishlab turibdi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda “O‘zbekiston — Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi — Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010 yildan O‘zbekiston Respublikasiga Xitoy fuqarolarining guruh bo‘lib sayohat qiladigan turis­tik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, tarixi qadimiy va madaniyati boy mamlakatlar bo‘lmish O‘zbekiston va Xitoy xalqlarini 2000 yildan ortiq vaqt mobaynida Buyuk Ipak yo‘li bir-biriga bog‘lab kelgan. Hozirgi bosqichda har ikki mamlakat ishonch, o‘zaro hurmat va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan faol siyosiy muloqot jarayonini boshdan kechirmoqda.

Do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikdan ruhlangan Xitoy endilikda mamlakat bozorlarini uchta qit’a bilan bog‘lovchi infratuzilmani barpo etish maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etishga qaror qildi. Jamg‘armaning umumiy mablag‘i 16 milliard 300 million dollarga teng ekani aytilmoqda.

Bu sa’y-harakatlar zamirida Buyuk Ipak yo‘lining yangicha ko‘rinishdagi qiyofasini tiklash maqsadlari yotadi. Ma’lumki, qadimda Buyuk Ipak yo‘li Xitoyni Yevropa mamlakatlari bilan bog‘lagan.

Tahlilchilarning ta’riflashicha, jamg‘arma mablag‘lari Xitoy viloyatlarida temir va avtomobil yo‘llari, quvurlar qurilishiga sarflanadi. Bunda birinchi navbatda Xitoyning Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari uchun zarur bo‘lgan dengiz va quruqlikdagi yo‘llarni rivojlantirish strategiyasi inobatga olinadi.

Rejaga ko‘ra, Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi yangi «Buyuk Ipak yo‘li» o‘tadigan mamlakatlarning infratuzilmalari rivojlanishiga Xitoy o‘z sarmoyalarini kiritishni nazarda tutmoqda. Bu borada hukumat mamlakatdagi kompaniyalarni rag‘batlantirish yo‘lida bir qator chora-tadbirlar ko‘rilishini e’lon qildi. Mazkur loyihaga binoan Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropaning ayrim mintaqalari moliya bilan ta’minlanadi.

— Bu Xitoyning strategik rejasi o‘zgarganidan dalolat beradi, — deydi Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy tadqiqot instituti direktori Chjan Yunlin. Uning fikrlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha o‘n yillikda Xitoy xorijiy sarmoyalarga katta ahamiyat qaratgan bo‘lsa, endi qo‘shni mamlakatlarga o‘z istagi bilan sarmoya kiritmoqda. “Avvallari Xitoy xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilishga e’tibor qaratardi. Endi vaziyat o‘zgardi. Endilikda Xitoy xorijdagi loyi­halarga sarmoya kiritishga katta e’tibor qaratmoqda”, — deydi Pekindagi Xitoy xalqaro aloqalar institutining yetakchi ilmiy xodimi Feng Yuyun.

Ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li eramizdan avvalgi II asrda paydo bo‘lgan. Bu yo‘l Xitoydan boshlanib Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Eron, Gretsiya, Kavkaz davlatlari orqali Yevropagacha yetib borgan.

Ekspertlarning fikriga qaraganda, tashkil etilayotgan Jamg‘arma mamlakatning ichki infratuzilmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Yotqiziladigan sarmoyalar Xitoy Taraqqiyot banki singari, mamlakat banklari nazoratida bo‘ladi.

“Sinxua” axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Buyuk Ipak yo‘lining quruqlikdagi qismi Sian shahridan boshlanib, Lanchjou va Urumchi tomon kengayadi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Yaqin Sharqqa va undan keyin Yevropaga yetib boradi. Buyuk Ipak yo‘lining dengiz qismi esa Guandundan boshlanib Xaynan oroli orqali Hind okeaniga chiqadi. Shunisi e’tiborliki, har ikki yo‘l Venetsiyada birlashadi. In­fratuzilmalar ishga tushirilishi bilan Buyuk Ipak yo‘li Xitoy va boshqa mamlakatlarga taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Tahlilchilarning fikricha, Xitoy hukumati temiryo‘l tizimini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bugungi kunda “osmon osti mamlakati” xoh xorijdagi, xoh o‘zidagi transport in­fratuzilmalarini rivojlantirish maqsadida mablag‘larni ayamayapti. Ko‘rinib turibdiki, temiryo‘llar uzunligi bo‘yicha Xitoy birinchilikka intilmoqda. So‘nggi o‘n yillikda Xitoy tezyurar va o‘tatezyurar poezdlarga mo‘ljallangan tarmoqlarni ancha kengaytirdi. Natijada mamlakatdagi tezyurar temiryo‘llar uzunligi Yaponiya va Yevropadagi temiryo‘llar uzunligidan oshib ketgan. O‘tatezyurar temiryo‘llarga bag‘ishlangan birinchi dastur Xitoyda 2004 yilda taqdim qilingan edi. Oradan 10 yil o‘tib transport tarmog‘i 28 ta viloyat, Muxtor o‘lka va markaziy hukumatga bo‘ysunuvchi shaharlarni qamrab oldi.

Bugungi kunda Xitoy temiryo‘llarining umumiy uzunligi 16 ming kilometrdan oshib ketdi.

Ayni paytda imkoni yo‘qdek tuyulishiga qaramay, Xitoy Pekin — London yo‘nalishida tezyurar poezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham bosh qotirmoqda. Xitoy injenerlik akademiyasi mas’ullaridan biri Van Menshuning so‘zlariga qaraganda, “Yangi Sharqiy ekspress” uchun temir yo‘llar 10 yil ichida qurib bitkazilishi mumkin. Agar bu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, u holda yo‘lovchilar atigi ikki kun ichida Londondan Pekinga yoki Pekindan Londonga yetib olishlari mumkin bo‘ladi.

Pekindan Los-Anjelesga bo‘lgan 13 ming kilometrlik tezyurar poezdlari uchun yo‘l qurilishi ham rejaga kiritilgan. Pekindan boshlanadigan temiryo‘l Vladivostok orqali Oxota dengizi sohillari bilan 200 kilometrlik yer osti yo‘lidan Bering bo‘g‘ozigacha va Alyaskaga, Kanada g‘arbiy sohillari, Vankuverga boradi. So‘ng AQSh hududiga o‘tib Los-Anjelesgacha cho‘ziladi. Bu g‘oya tarafdorlarining aytishicha, ushbu yo‘nalish bo‘yicha tezyurar poezdlar yo‘lovchilarni bir kunda Pekindan Los-Anjelesga yetkazib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Nima bo‘lganda ham tinch va manfaatli hamkorlikda baraka bor. Dunyoni bog‘lab turgan yo‘llar bir-biriga tutash. Ular tinchlik va xalqlar farovonligiga xizmat qilsin.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.