GIBRID URUSH:UNDA NOHUKUMAT TASHKILOTLAR ISHTIROKI

Urushni tasavvur qilganda ehtimol ko‘pchilikning ko‘z oldiga ikkinchi jahon urushi haqidagi filmlardagi manzaralar, “Ura” deya miltiq ko‘tarib hayqirib ketayotgan askarlar, tanklar, katyushalar, qulab tushayotgan samolyotlar, yaradorlar, ularning to‘s-tupoloni va boshqalar keladi. Urushni shunday tasavvur qilish balki bizning baxtimizdir. Chunki haqiqiy harbiy urush qandayligini ko‘rganlar biladi.

 Zamonaviy harbiy fan va amaliyotlar bizning yuqorida keltirilgan urush haqidagi qarashlarimizdan tubdan farq qiladi. Internet va boshqa OAVda tarqatilayotgan ma’lumotlar zamonaviy urushlar mutlaqo boshqacha shakl va shamoyilda amalga oshirilayotganligini ko‘rsatmoqda. Urushlar nafaqat quruqlikda, suvlikda, havoda harbiy amaliyotlar orqali balki mafkurada, matbuotda, iqtisodiyotda, diplomatiyada va boshqa ko‘plab sohalarni ham qamrab olgan holda amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida front chiziqlari ham qandaydir geografik, hududiy chiziqlardan emas boshqacha bir mezonlar, ko‘rsatgichlar orqali belgilanmoqda. Ularni xaritada ko‘rsatish mushkul yoki imkonsiz. Aksariyat hollarda front chiziqlari ko‘rinmaydi, insonlar ongidan o‘tmoqda.

Ayrim yirik mamlakatlar harbiy-siyosiy rahbariyati tomonidan keyingi yillarda global dunyo sharoitida qarshi kurashishning — urush olib borishning yangi strategiyasini samarali qo‘llash bo‘yicha sezilarli amaliy natijalarga erishilgani aytilmoqda. 

Bunday qarshi kurashishning shakllari va uslublari: terrorizm, partizanlik urushi, “rangli” inqiloblar, iqtisodiy inqirozlarni keltirib chiqarish va boshqalar. Yangi qarshi kurashning asosiy elementi qarshi taraf o‘zini tutishini boshqarish uchun ishlatiladigan strategik axborot urushidir.

Keyingi paytlarda nafaqat harbiylar balki jurnalistlar, siyosatchilar, diplomatlar tomonidan gibrid urush, 4-avlod urushlari (“4GW”) tushunchalari keng qo‘llanilmoqda, mazmun-mohiyati ochib berilmoqda. Ayni paytda bu urush toifalari haqiqiy urush maydonlarida, davlatlar, ularga o‘xshash tuzilmalar o‘rtasida amaliy sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Ayniqsa so‘nggi yillarda o‘z strategik maqsadiga erishish uchun ayrim yirik davlatlar tomonidan boshqa mamlakatlar hududida gibrid urush olib borilayotganligi haqida internetda ko‘plab ma’lumotlar tarqatilmoqda. Shu o‘rinda dastlab “gibrid urush” tushunchasi haqidagi ayrim fikrlarga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. 

AQSh dengiz piyodalarining sobiq zobiti, hozirda Mudofaa vazirligi ilmiy xodimi Frenk Xoffman gibrid urushni dushmanning bir paytda va batartib tarzda jang maydonida har qanday ruxsat berilgan qurol, partizanlik urushi, terrorizm, jinoiy xatti-harakatlarni siyosiy maqsadlarga erishish uchun ishlatish, deya ta’rif beradi. Ayrim manbalarga ko‘ra bu shaxs gibrid urush kontseptsiyasining mualliflaridan biri sanaladi.

Gibrid urush haqida bu ochiq va maxfiy harbiy harakatlar, fitnalar, qo‘poruvchilik ishlarini o‘z ishtirokini inkor etgan holda amalga oshirish, degan fikr ham mavjud.

Internet ma’lumotlariga ko‘ra amerikalik harbiylar gibrid urush deganda urushayotgan taraf raqibning davlat tuzilmalari yoki muntazam qo‘shiniga qarshi chet el va ichki tuzilmalar (oligarxlar, uyushgan jinoyatchilik, millatchi va soxta diniy tashkilotlar) tomonidan moliyalash va qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlanadigan mahalliy isyonchilar va ayirmachilar yordamida hujum qilinadigan e’lon qilinmagan, maxfiy harbiy harakatlarni nazarda tutishadi.

Gibrid urush o‘z mohiyatiga ko‘ra muayyan strategik maqsadga erishish uchun amalga oshiriladigan taktika hisoblanadi. Biroq bu urush haqida gapirganda Arastuning “Maqsad emas, balki unga erishish usullari hal qiluvchi o‘rin egallaydi” degan so‘zlarini eslash o‘rinli ko‘rinadi.

Gibrid urush faolligi jihatdan turli darajada bo‘lishi mumkin. Unda harbiy kuchlar, ayniqsa maxsus amaliyotlar kuchlari faol yoki nofaol tarzda ishtirok etadi. Bunday turdagi urush eng dahshatli vahshiyliklarni, inson fikrlashi, ruhiy olamiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan barcha vositalarni ishga soladi, deyishimiz mumkin.

Internet va turli xalqaro OAVda tarqatilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra hozir Rossiya va NATO tashkiloti o‘rtasida gibrid urush alomatlari mavjud, Rossiya va Ukraina o‘rtasida esa faol gibrid urushi ketmoqda.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari rahbarlaridan biri Orton Vork “dushman qo‘shinlari aholi orasida maxfiy joylashgan “gibrid harbiy xizmatchi”lardan foydalanishi mumkin”ligini ta’kidlaydi.

AQSh va NATOning hujjatlarida gibrid urush o‘zida oddiy, nomuntazam va assimetrik vositalarni uyg‘un holda ishlatishni ko‘zda tutishi ifodalangan. Gibrid urushda hukumatni ag‘darib tashlash yoki kuchsizlantirish ham mamlakat yoki hududdagi ichki kuchlar va ham tashqi kuchlar tomonidan amalga oshiriladi.

Tashqi kuchlarning ishtiroki isyonchilarga o‘z tarafdorlarini yollash, ularni tayyorlashda, tezkor axborot bilan ta’minlashda, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ta’sir etishda, diplomatik harakatlarni muvofiqlashtirishda, alohida maxsus amaliyotlarni o‘tkazishda ko‘maklashishdan iborat. Bunday maqsadlar uchun maxsus amaliyotlar kuchlari, josuslik, uyushgan jinoyatchilik jalb qilinadi,  aholiga, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar shaxsiy tarkibiga, hokimiyat tuzilmalariga axborot-texnologiyalari vositalari qo‘llangan holda keng ko‘lamli axborot psixologik ta’sir ko‘rsatiladi.

Keyingi yillarda Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Gruziya va Ukrainada gibrid urush olib borildi yoki borilmoqda. IShID — nodavlat sub’ektlar tomonidan noan’anaviy urush olib borishning yangi shakli sifatida talqin qilinmoqda.

E’tibor berib qaralsa, gibrid urush asosan strategik mintaqada joylashgan davlatlarga nisbatan sodir etilayotganligi ko‘rinadi. Ayrim tahlilchilar Makedoniyada yaqinda kuzatilgan ichki beqarorlikni ham gibrid urush prizmasida, ya’ni Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan kelib chiqib tahlil qilmoqda. Shu bilan birga, gibrid urush nazarimizda yirik davlatlarga nisbatan ham olib borilishi ehtimoldan holi emas.

Markaziy Osiyo davlatlari ham turli yirik geosiyosiy kuchlar manfaatlari mavjud strategik hududdagi mamlakatlar sifatida qaralmoqda. Bu siyosiy kuchlar tomonidan mintaqa mam-lakatlariga nisbatan “rangli inqilob” stsenariysini, “boshqariladigan tartibsizlik” nazariyasini qo‘llash, “bo‘lib tashla, hukmronlik qil” qabilida mintaqa mamlakatlarini o‘ziga og‘dirish yoki tartibsizlik botqog‘iga botirish harakatlari bo‘lgan. Ayniqsa bu mintaqa davlatlaridagi nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarini o‘z ta’siriga olishga qaratilgan urinishlar ko‘p bo‘lgan va ular to‘xtagani yo‘q. Bundan maqsad bu kuchlardan “beshinchi kolonna” sifatida foydalanish, ichki tartibsizlikni keltirib chiqarish, keyinchalik esa inson huquqlarining himoyasi bayrog‘i ostida mamlakatning ichki ishlariga niqoblangan tarzda aralashishdir.

Ayrim xorijiy kuchlar tomonidan mamlakatimizdagi nodavlat-notijorat tashkilotlardan turli g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan harakatlar bo‘lgan. Shu maqsadda xorijiy kuchlar ko‘magida respublikamizda mustaqillikning dastlabki davrlarida bir qator xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarning vakolatxona va filiallari, mahalliy nodavlat-notijorat tashkilotlari tashkil etilib, ular faoliyati moliyalashtirilgan. Bunday tashkilotlar buyurtmachilarning mahalliy aholining fikrini o‘rganish, shakllantirish, jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini yemirish, turli boshqariladigan ijtimoiy guruhlarni tuzish (misol uchun mustaqil jurnalistlar, yozuvchilarning birlashmalari), zarur bo‘lganda davlat organlari qarorlariga qarshiliklar ko‘rsatishgacha bo‘lgan vazifalarni va boshqa ichki barqarorlikni izdan chiqarish, boshqaruvni xorijiy kuchlar jiloviga o‘tkazishga qaratilgan harakatlarni bajarishi kerak bo‘lgan. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar, xususan 2003-2005 yillarda sohaga oid qonun hujjatlarining takomillashtirilishi, adliya va boshqa davlat organlariga aniq vazifalar yuklatilishi natijasida g‘araz maqsadlardagi bunday NNTlar faoliyatiga barham berildi.

 Hozirda bir qator xorijiy davlatlar o‘z hududidagi nohukumat tashkilotlarning davlat va jamiyat hayotidagi rolini tanqidiy tahlil qilib, ular faoliyati ustidan nazoratni kuchaytiruvchi qonun hujjatlarini takomillashtirmoqda. Bunda asosiy e’tibor nohukumat tashkilotlarning xorijdan mablag‘ olishini qattiq nazorat qilinishiga qaratilgan. Bu jarayon geosiyosiy bosimga beriluvchan Qirg‘izistondan tortib, yuqori harbiy-iqtisodiy salohiyat, geosiyosiy ta’sirga ega Rossiya va Xitoy singari davlatlarni ham qamrab olgan. Rossiyada joriy yilning may oyida nomaqbul nohukumat tashkilotlari faoliyatini cheklashga qaratilgan qonun qabul qilindi. Uch yil muqaddam xorijiy davlatlar va shaxslardan mablag‘ olgan tashkilotlarga “xorijiy agent” maqomini berishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston parlamentida shunday turdagi qonun loyihasi yuzasidan ish olib borilmoqda. Xitoy parlamentida ham xorijiy nohukumat tashkilotlar haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda uning normalari milliy xavfsizlik va terrorizm to‘g‘risidagi qonunga bog‘liq ravishda qayta ishlanmoqda. Nohukumat tashkilotlarning xorijdan mablag‘ olishi nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar, choralar Hindiston, Isroil, Venesuela, Ruminiya, Kambodja singari davlatlarda ham qabul qilingan.

Umuman XXI asrning o‘tgan davrida davlat va jamiyat hayotida nohukumat tashkilotlarning roli, ulardan turli maqsadlarda ishlatishga qaratilgan harakatlar yo‘nalishi shuni ko‘rsatadiki, yirik davlatlar o‘zga mamlakatlarga geosiyosiy ta’sirini o‘tkazishda nohukumat tashkilotlardan vosita sifatida foydalanishda kelgusida ham davom etadi. Shu bois bunday davlatlarning o‘zlari ham bu sohadagi qonunchiligini takomillashtirmoqda. 

Kelgusida geosiyosiy muhim hududda joylashgan mamlakatlar o‘z mustaqilligini saqlab qolishi uchun shubhasiz turli kuchlar tomonidan turli darajada tashkil etilishi mumkin bo‘lgan gibrid urushga qarshi tura olishi lozim. Buning uchun o‘z hududidagi milliy manfaatlarga zid tarzda xorijiy kuchlar uchun ishlaydigan barcha jismoniy va yuridik shaxslarni (“beshinchi kolonna”ni) bilish, ular faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha puxta huquqiy asoslar va tizim shakllantirilishi va ishlashi lozim.

Har qanday gibrid tajovuzga qarshi tura bilish, uni yo‘qqa chiqara olish tom ma’noda bu mamlakatlar mustaqilligini saqlab qolishning asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi. Gibrid urushga qarshi turish mudofaa, xavfsizlik, ichki va tashqi ishlar, axborot, matbuot, nodavlat-notijorat tashkilotlar sohasidagi davlat organlarining va bosh¬qa aloqador milliy tashkilotlarning o‘zaro muvofiqlashgan holda qarorlar qabul qilishi hamda harakat qilishini taqozo qiladi. Bunda gibrid hujumlardan mudofaalanishda barcha samarali, noan’anaviy choralarni ham ko‘rish zarur bo‘ladi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholining ma’naviyati, huquqiy va siyosiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi barcha normalar, huquq, axloq, diniy va odat normalaridan unumli foydalanish nafaqat gibrid hujumlardan balki mamlakat barqarorligiga rahna soluvchi har qanday xatarlardan ishonchli himoyalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Xudoyor MELIEV,

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.