TIMSOHNING KO‘Z YOSHLARI...

yoki “arab bahori”ning “yevropa kuzi”ga aylangani haqida

 Jahon telekanallari, axborot agentliklarida Yevropaning muhojirlar bilan bog‘liq muammolariga bag‘ishlangan xabar va lavhalar keng yoritilmoqda. Poyezd yoki asfalt yo‘llari bo‘ylab ketayotgan, chegara to‘siqlaridan oshib o‘tayotgan, politsiya bilan to‘qnashayotgan muhojirlar, kema va yuk mashinalarida halok bo‘layotganlarni ko‘rib alhazar, deysan kishi.

 Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini kundan-kunga muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz Yevropadagi boshqa davlatlarni ham o‘z domiga tortayotganini qayd qilib o‘tdi. “Bir necha oy muqaddam bu muammo Italiya, Malta, Ispaniya, Gretsiyaga tegishli edi. Bugun Vengriya, Germaniya, Avstriyada kuzatilmoqda. Ertaga esa boshqa davlatlarni ham qamrab olishi mumkin”, dedi Federika Mogerini. Qochqinlar oqimi 2011 yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada beqarorliklar boshlanganidan so‘ng eng yuqori cho‘qqiga chiqa boshladi. Muhojirlarning Yevropaga kelishini ta'minlash ayrimlar uchun daromad manbaiga aylanib borayotgani aytiladi. Masalan, Germaniyaga yetib olish uchun bir kishi 1 ming yevro, Vengriyaga borish uchun esa 400-500 yevro to‘laydi. Kuzatuvchilarning fikricha, faqat puli borlargina Yevropaga yo‘l olmoqda.

Qashshoqlar esa “osmon uzoq, yer qattiq”, deya o‘z vatanlarida taqdirlari nima bilan tugashini kutib yotishibdi. Yaxshi hayot umidida Yevropaga kelayotgan muhojirlarning 90 foizini yigitlar tashkil etayotir.

Hatto Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelayotgan mehnat muhojirlarini ham og‘rinib qabul qiladigan Buyuk Britaniyaga afrikalik chaqirilmagan mehmonlarning yoqmasligi aniq. Muhojirlarni Buyuk Britaniyaga olib o‘tish masalasida hatto “qora bozor” yuzaga keldi. Avvallari yuk mashinasi haydovchilari bir kishi uchun 500 yevro olgan bo‘lsa, endilikda bu xizmat 1,1 ming yevroga chiqdi. Buyuk  Britaniyada muhojirlarni olib o‘tayotgan haydovchilarni qo‘lga olish maqsadida amaliyot o‘tkazib turiladi. Polsha Prezidenti Andjey Duda muhojirlar to‘lqinidan kimlardir pul ishlab olayotganini ta'kidlab, deydi. “Biz Yevropaga muhojirlarning ommaviy kelishi haqida bosh qotirib yotibmiz. Aslida kimlardir pul ishlab olmayaptimi?”

Muhojirlar oqimi ko‘payib borishi asnosida, Yevropa mamlakatlari muammoni hal qilishda yakdil fikrga kela olmayapti. Mamlakatlar har biri o‘z holicha “boshiga tushgan qorni kurashga” harakat qilmoqda. Tahlilchilar, Yevropa muhojirlarga oid siyosatini asta-sekin o‘zgartirayotganini aytishmoqda. Vaziyat keskinlashgani bois Yevropa Ittifoqi “ko‘hna qita” mamlakatlariga muhojirlarni taqsimlashga qaror qildi. Yevropa o‘z eshiklarini muhojirlar uchun yopa olmaydi. Chunki aynan ўarbning Sharqqa demokratiya eksporti oqibatida mazkur mintaqalarda tinch yashab kelayotgan xalqlarning uyi va tinchi buzildi. Negaki, ularga hokimiyat o‘zgargudek bo‘lsa, tinch va osuda hayot va'da berilgan edi. Ayrim davlatlarning geosiyosiy aralashuvi tufayli  mintaqada xotirjamlik yo‘qolgan ekan, endilikda Yevropa o‘z qadriyatlaridan judo bo‘lmaslik uchun ham muhojir va qochqinlarga yordam berishi kerak bo‘ladi. Ammo Yevropa muhojirlar oqimini qabul qilishga tayyor emas. Ko‘chmanchilar bilan bog‘liq mojarolar Yevropa Ittifoqi uchun bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Bryussel rasmiylari muhojirlarning Ispaniya va Gretsiya hududlarida sodir etayotgan to‘polonlarini jiddiy muammo sifatida tan oldi. Politsiya bilan to‘qnashuvlarda uchinchi dunyo mamlakatlaridan kelgan yuzlab muhojirlar ishtirok etmoqda.  Ispaniyaning Salu shahrida namoyishga chiqqan Senegaldan kelgan qochqinlar “Biz terrorchi, jinoyatchi emasmiz, biz mehnat muhojirlarimiz” degan yozuvlarni ko‘tarib olishdi.

“Siti Grup” yetakchi iqtisodchisi, Xalqaro masalalar bo‘yicha kengash eksperti Uilyam Bayterning so‘zlariga qaraganda Yevropa Ittifoqi hududlarida erkin harakatlanish xavf ostida qolgani yetmagandek, tahdidlar bilan ham to‘qnash kelmoqda. “Ijtimoiy inqirozni bartaraf etish maqsadida ayrim mamlakatlar vaqtinchalik cheklov joriy qilar ekan, bu kabi choralar  nafaqat muhojirlar uchun, balki Yevropa Ittifoqi uchun ham doimiy bo‘lib qolishi mumkin”, deydi ekspert.

Amerikalik yana bir iqtisodchining aytishicha, muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz Yevropa siyosatini  “radikalizatsiyalashuviga, ksenofobiya va millatchilikka olib keladi hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari byudjetiga bir zumda ta'sir ko‘rsatadi. U muhojirlar bilan bog‘liq muammolar ўarbiy Yevropadan ko‘ra, Sharqiy Yevropa uchun bosh og‘rig‘i ekanini qayd qilib o‘tdi. Chunki shu kunga qadar Sharqiy Yevropa bu kabi inqiroz bilan to‘qnash kelmagan. Yaqinda Germaniya ichki ishlar vaziri Tomas de Mezyer o‘z mamlakatida fuqarolarning erkin harakatlanishi borasidagi qoidalar bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi. Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel ham terror xavfi tufayli chegaralar to‘g‘risidagi bitim qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘rta yer dengizi orqali Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlarga kelayotgan noqonuniy muhojirlar soni oy sayin o‘sib borishi, shu bilan birga ularning halok bo‘lishi bilan bog‘liq hodisalar soni ham oshmoqda. Xalqaro muhojirlik tashkiloti  yil boshidan beri O‘rta Yer dengizida Yevropaga o‘tishga harakat qilgan 2000 dan ortiq kishining halok bo‘lganini ma'lum qildi.

Slovakiyada o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda respondentlarning 80 foizidan ko‘prog‘i muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni hal qilishda Bryussel mavqyeidan havotirga tushayotganlarini aytishgan. So‘rovda qatnashganlarning 36 foizi vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa, u holda Yevropa Ittifoqi tarqalib ketishi mumkinligini qayd qilishgan.

Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi “arab bahori” kutilmaganda Yevropa uchun “muhojirlar kuzini” keltirib chiqardi. Uch yoshli bolakayning jasadi Internet tarmoqlarida paydo bo‘lganidan so‘ng, Yevropa uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldi va o‘z eshiklarini qoch-qinlarga ocha boshladi. Holbuki, muammoni muhojirlar yetib kelgan mamlakatlarda emas, balki ular mansub bo‘lgan mamlakatlarning o‘zida hal qilish kerak. Buning uchun o‘sha mamlakatlarda urush va qurolli to‘qnashuvlarga barham berish zarur. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mamlakatlarda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik o‘rnatilganidan keyin qochqin va muhojirlarning o‘z vatanlariga qaytishlariga hyech kim shubha qilmaydi. Zero, aytishadi-ku, “o‘z uyim, o‘lan to‘shagim”, deb.

Ta'kidlash kerakki, bir vaqtlar ўarb Sharq mamlakatlariga demokratiya va'da qilgan, hukmdorlari hokimiyatdan ketgan taqdirda farovon o‘lkada yashashlarini va'da bergan edi. Ammo hokimiyat o‘zgarganidan keyin Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida farovonlik emas, bosh-boshdoqlik yuzaga keldi. Mamlakat ahli esa tinch hayot ilinjida o‘z yurtlarini tashlab Yevropa sari yo‘lga chiqmoqda. “Nima eksang, shuni o‘rasan” deganlari shu bo‘lsa kerak.

Xo‘sh, Yevropaga yo‘l olgan noqonuniy muhojirlar qaysi davlat fuqarolari?” Ular yaqin-yaqingacha farovonlikda hayot kechirgan Iroq, Suriya, Tunis, Liviya kabi mamlakatlar fuqarolari bo‘lib chiqmoqda. Demokratiya olib kirish shiori bilan boshlangan “rangli inqiloblar” iqtisodi taraqqiy etgan mamlaktlarning o‘zini tanazzulga uchratmadimi? Aytishlaricha, timsoh ovqatlanayotganda, o‘ljasiga rahmi kelib ko‘zidan yosh oqizar ekan. Noqonuniy muhojirlar muammosini ko‘tarib chiqayotgan, bu masalani hal qilishga intilayotganini ko‘rsatayotgan, hamma aybni muhojirlarga yuklayotgan ўarb mana shu timsohni eslatayotgandek, go‘yo. Xumda tinch yotgan  jinni ochiqqa chiqarish, yoki arini  uyasini buzish shartmidi? Yoki buning ortida qandaydir g‘arazli maqsad yashirinmi? Buni, vaqt ko‘rsatadi.

Frontex ma'lumotlariga qaraganda, yil boshidan sentyabr oxiriga qadar Yevropa Ittifoqi hududiga 630 mingga yaqin muhojir kelgan. Yevrokomissiya muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdan beri kuzatilgan eng yirik inqiroz ekanligini ma'lum qildi. 

Albatta, muhojirlar bilan bog‘liq muammolarni cheklovlar joriy  qilish va chegaralarni mustahkamlash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun jahon hamjamiyati oyoqqa turishi kerak.

Muhojirlar bilan bog‘liq “portlash” xalqaro hamjamiyat oldiga bir qator jiddiy masalalarni qo‘ydi. Sir emaski, o‘ziga tinchroq makonni ko‘zlab  kelayotganlar bilan bir vaqtda terrorizm, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, epidemiya va boshqa illatlar ham paydo bo‘lmoqda.  

Otning o‘limi, itning bayrami, deganlaridek kishini ajablantiradigan - muhojirlar Germaniya iqtisodiyotiga faqat foyda keltirarmish, degan yana bir xabar tarqalgani hammasidan oshib tushadi. Deutsche Welle telekanali tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, respondentlarning 61 foizi muhojirlarni tahdid sifatida ko‘rmasliklarini aytishgan.

Ular bilan bog‘liq muammo nafaqat Yevropada, balki Osiyoda ham kuzatilmoqda. Myanmadagi xunrezliklardan charchagan roxinga millati vakillari Arakan shtatidan Malayziya va Indoneziya hududlariga bosh olib ketmoqda. Ular yog‘och qayiqlarda Andaman dengizini suzib o‘tishmoqda.  Arakan shtatida 1 million 300 mingdan ortiq roxinga millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.

Qayerda millatlararo to‘qnashuvlar yuz berar ekan, o‘sha yerda mazlum aholini “yorug‘ kelajak”ka eltuvchilar paydo bo‘ladi. Ularni odam savdogarlari desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Pul evaziga ular xohlovchilarni boy davlatlarga yetkazib qo‘yadilar. Odam savdogarlari Myanmada ham paydo bo‘ldi. Myanma rasmiylarining fikricha, 1,3 milliondan ortiq  roxinga millati ahli noqonuniy ravishda  qo‘shni Bangladeshdan kelgan. BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissarining yordamchisi Folker Turkning so‘zlariga qaraganda, Myanma tomonidan roxingalarga fuqarolik berilmas ekan, muammo hyech qachon hal bo‘lmaydi. Ta'kidlash kerakki, roxinga xalqi mazkur mintaqada kecha yoki bugun emas, balki Myanma va Bangladesh bitta davlat tarkibida bo‘lgan vaqtdan beri istiqomat qilib keladi. Biroq Myanmada roxingalarni kelgindi sifatida ko‘rishadi.  1948 yilda mustaqillikka erishgan Myanma (Birma) hukumati shu kunga qadar birorta ham roxingaga mamlakat fuqaroligini bermagan. 2011 yildan boshlab shtatda tartibsizliklar qayd qilinmoqda. Buning oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lib, minglab kishilar qochqinga aylandi. Mahalliy amaldorlar va harbiylar bu to‘qnashuvlarni to‘xtatishga qurbi yetmayapti.

Yaqinda BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Antoniu Gutyerresh bayonot berib, jahonda qochqinlar va mamlakatlar ichida u manzildan bu manzilga ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni 60 million kishidan oshib ketgani borasida bayonot berdi. Uning aytishicha, so‘nggi besh yilda dunyoda 15 ta yangi qurolli mojaro paydo bo‘lgan. Bu mojarolarning birortasi ham hozircha bartaraf etilmagan.

BMT bosh kotibi Pan Gi Munning fikricha, muhojirlar bilan bog‘liq muammo nafaqat Yevropa Ittifoqiga taalluqli, balki global ahamiyat kasb etadi. “Biz muhojirlarga har tomonlama ko‘mak berishimiz kerak”, dedi bosh kotib.

Dunyoda nimalar bo‘lmoqda? Nima uchun odamlar halok bo‘lmoqda? Nega Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq jahonning og‘riqli nuqtasiga aylanib qoldi? Nahotki jahon sivilizatsiyasining beshigi bo‘lgan mintaqa insoniyatning tobutiga aylanib bormoqda? Bu kabi savollarni o‘zimizga berib, g‘aflat uyqusidan uyg‘onadigan va muammolarni hal qiladigan vaqt kelmadimi?

R.S.  Yevropaga  600 mingdan ortiq muhojir kelgan va bu borada vahima ko‘tarilayotgan  ekan, bir milliondan ortiq qochqin istiqomat qilayotgan Iordaniya, so‘nggi bir yilda uch million ukrainalik muhojirni qa'bul qilgan  Rossiya nimaga bong urmayapti, deb o‘ylab qolasan kishi.

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.