JORIY YIL NIMALARNI VA’DA QILAYOTIR?

Yangi yilning ilk kunlarida BMT Bosh Assam­bleyasining raisi Mogens Lyukketoftning maqolasi e’lon qilindi. Unda o‘tgan yilda dunyoda yuz bergan asosiy voqea hodisalarga atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, yil davomida  qonli mojarolar, dahshatli terrorchilik xurujlari va global gumanitar inqirozning chuqurlashgani ta’kidlanadi. Suriyada 250 mingdan ortiq kishi halok bo‘lib, 11 millionga yaqini o‘z makonlarini tashlab ketgani o‘tgan yilning eng og‘ir jarohatlaridan biri deyish mumkin. Muallif, shuningdek, jahonning turli mamlakatlarida odamlarning qo‘rquv ostida yashayotgani, tinch fuqarolarga qilinayotgan hujumlar, ekstremistik guruhlar tomonidan odamlarning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishiga oid voqealarga ham to‘xtalib o‘tgan.

 Maqolada ta’kidlanganidek, o‘tgan yilning o‘ziga yarasha muvaffaqiyatlari ham yo‘q emas. Binobarin, xalqaro hamjamiyat sa’y-harakati bilan S’erra-Leone, Liberiya va Gvineyada ebola epidemiyasiga barham berilgani, BMTning Ming yillik dasturiga ko‘ra, jahonda qashshoqlar sonining 50 foizga qisqargani erishilgan yutuqlar sirasiga kiritilgan. Bundan tash­qari, o‘tgan yili muzokaralar va kelishuvlar yili ham bo‘ldi. Jumladan, Kuba va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda samarali natijalar ko‘zga tashlandi. Eron yadro dasturi borasida ham ijobiy siljishlar kuzatildi. Kolumbiyada hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasida muzokaralar ham yaxshilikdan darak beradi.

Sentyabr oyida Nyu-Yorkda 17 ta maqsadni o‘z ichiga olgan BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi Bitim qabul qilindi. Mamlakatlar qashshoqlik va ocharchilikni keltirib chiqaruvchi sabablarga qarshi kurashishga kelishib oldilar. Bosh Assambleya raisi xalqaro miqyosda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni misol keltirar ekan, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij anjumani va unda qabul qilingan qarorni ham eslatib o‘tgan.

Albatta, bu yil ham turli siyo­siy voqea-hodisalarga boy yil bo‘lishi kutilmoqda. Ta’kidlanganidek DAISh (IShID)ga qarshi keskin kurash olib borilmasa, dunyo xalqaro terrorizmning yangi to‘lqini bilan to‘qnash keladi. Ayni damda unga qarshi uchta koalitsiya kurash olib bormoqda. Bu masalada AQSh, Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘zaro kelisha olmayapti. Bu ziddiyatdan o‘z navbatida DAISh foydalanib qolishi mumkin. Joriy yilda  ko‘plab davlatlarda prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi ham kutilmoqda. Jumladan, 24 yanvarda Portugaliyada, 31 yanvarda Markaziy Afrika Respublikasida (ikkinchi bosqich), 6 fevralda Moldovada, 21 fevralda Niger va Komor orollari Ittifoqida, 28 fevralda Beninda, 8 aprelda Jibutida, 8 noyabrda AQSh­da.

Aytish kerakki, joriy yildan e’tiboran, BMT Xavfsizlik kengashining yangi beshta nodoimiy a’zosi o‘z faoliyatini boshladi. Endilikda Misr, Senegal, Ukraina, Urugvay va Yaponiya 2017 yilning 31 dekabriga qadar Xavfsizlik Kengashining nodoimiy a’zosi etib saylandi. Eslatib o‘tamiz, BMT Xavfsizlik kengashining 15 ta a’zosi bo‘lib, ulardan beshtasi doimiy faoliyat ko‘rsatadi. Qolganlari esa rotatsiya asosida ikki yil muddatga saylanadi.

2016 yildan boshlab Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raislik Germaniya­ga o‘tdi. Berlin ushbu tashkilotga “Muloqotni yangilash, ishonch va xavfsizlikni tiklash” shiori ostida raislik qiladi. Kuni kecha tashkilotga a’zo mamlakatlar 2016 yilga mo‘ljallangan byudjet masalasida o‘zaro kelishuvga erishdilar. Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank- Valter Shtaynmayer byudjetni qabul qilish murakkab vazifa bo‘lganini, ammo bu vazifa uddalanganini ta’kidladi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 2016 yilga mo‘ljallangan byudjeti 141 million 100 ming yevroni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Yaponiya davlati G7 — “Katta yettilik” guruhiga raislik qila boshladi. Guruhga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Frantsiya va Italiya a’zo bo‘lib kirgan. Ayni damda Mie prefekturasining Sima shahrida 26-27 may kunlari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan sammitning kun tartibi muhokama qilinmoqda. An’anaga ko‘ra, yettita mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari bu kabi sammitlarda xal­qaro maydonda yuz berayotgan siyosiy va iqtisodiy masalalarni muhokama qilishadi. Tahlilchilarning fikricha, bu galgi sammitda siyosat va diplomatiya, iqtisod va tashqi savdo, iqlim o‘zgarishi va energetika, global taraqqiyot masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Siyosat va diplomatiya masalalari muhokama qilinar ekan, aksilterror amaliyotlari va xalq­aro terrorizmga qarshi kurashda “katta yettilik” mamlakatlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilishi, shubhasiz.

O‘tgan yilda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bayonot berib, rais sifatida Yaponiya jahon muammolarini hal qilishda G7 ga a’zo mamlakatlar birligiga katta ahamiyat qaratishini ta’kidlagandi. “G7ni umumiy qadriyatlar – ozodlik, demokratiya, inson huquqlari va qonun ustivorligi birlashtrib turadi” degan edi u. Bundan tashqari, Yaponiya uchta mavzuga alohida e’tibor qaratmoqchi. Ya’ni, global dunyoning muammolari sifatida, Yaponiya jahonda zamonaviy infratuzilmalarni tashkil qilish, sog‘liqni saqlashdagi muammolarni hal qilish, xotin-qizlarning maqomi va ularning ijtimoiy rolini oshirishga e’tibor qaratadi.  Sammitdan avval “Katta yettilik”ka a’zo mamlakatlarning vazirlari ishtirokida bir qator uchrashuvlar o‘tishi rejalashtirilmoqda.

 O‘tgan yil noyabr oyida Parijda yuz bergan terrorchilik hodisalaridan keyin bo‘lib o‘tishi kutilayotgan mazkur xalqaro miqyosdagi ilk anjumanda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Belgilangan muddatdan to‘rt oy avval Yaponiya tash­qi ishlar vazirligi qoshida xalqaro terrorizm borasida Axborot to‘plovchi markaz tashkil etildi. Markaz aslida aprel oyida ish boshlashi kerak edi. “Katta yettilik” sammiti o‘tkazilishi uchun 60 milliard ien (487 million dollar) ajratiladigan bo‘lsa, shuning yarmidan ko‘pi, taxminan – 34 milliard ienni xavfsizlikni ta’minlashga sarflanadi.

1 yanvardan boshlab Xitoy “Katta yigirmalik”ka raislik qila boshladi. Ma’lumki, “katta yigirmalik” sammiti shu yilning 4-5 sentyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladi. Bu shahar Chjetszyan viloyatining ma’muriy markazi hisoblanadi. Navbatdagi sammitda innovatsiyaga alohida e’tibor qaratiladi.

Niderlandiya 1 yanvardan boshlab olti oy davomida Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qiladi. Kengash raisi har yarim yilda o‘zgarib turadi. Yangi rais oldida turgan asosiy muammo Yevropada kuzatilayotgan muhojirlar bilan bog‘liq in­qiroz hisoblanadi. Bu yil Yevropa nav­batdagi muhojirlar to‘lqini bilan to‘qnash kelishi taxmin etilmoqda. Ko‘hna qita­ga yaxshi hayot umidida Osiyo va Afrikadan muhojir va qochqinlarning oqimining kuchayishi nafaqat Yevropa mamlakatlari, balki xalqaro tashkilotlar uchun ham kutilmagan hodisa bo‘lgan. Bu haqda BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi rasmiy vakili Uilyam Spindler bayonot berdi. U yil oxiriga qadar muhojir va qochqinlar soni yana ortishi ehtimolini ham ta’kidlab o‘tdi. BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi asosan urushlar, tabiiy ofatlar kuzatilayotgan mamlakatlardan bosh olib ketayotgan qochqinlar muammolari, bir so‘z bilan aytganda xalqaro yordamga mhtojlar bilan shug‘ullanadi. Xalqaro Migratsiya tashkiloti esa muhojirlarning muammolarini hal qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Yevropaga kelayotgan Osiyo va Afrika fuqarolari mehnat muhojirlari deyiladi. Qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan mamlakatlardan bosh olib ketayotganlar esa qochqinlardir. Ular o‘rtasidagi mana shu farqlarni ajratish kerak bo‘ladi. Biroq Gretsiya yoki Italiya sohillariga tushayotganlarni muhojir yoki qochqinligini birdaniga bilib bo‘lmaydi. Ular bilan bo‘lib o‘tadigan suhbatlardan so‘nggina, kim muhojir, kim qochqinligini aniqlash mumkin.

Shunga qaramay, BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi ham, Xalqaro Migratsiya tashkiloti ham Yevropaga kelayotganlarga, xoh qochqin, xoh mehnat muhojiri bo‘lishidan qati nazar, ularga nisbatan insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirib keladi. 2016 yilda ko‘hna qitaga qancha muhojir kelishini hozircha hech kim bilmaydi. 2015 yilda bir million 200 mingga yaqin muhojir kelgani aytiladi. Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bilan bog‘liq masala ham joriy yilning asosiy muammolaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu boradagi referendum 2017 yilga rejalashtirilgan.

Bu yil mamlakatimiz poytaxti Toshkent ham xalqaro muloqotlar markaziga aylanishi shub­hasiz. Jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti tartib-qoidalariga binoan har yili a’zo mamlakatlardan biri unga rais bo‘ladi. O‘tgan yilning 9- 10 iyul kuni Ufada tashkilotning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Mazkur sammitdan keyin ShHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qiladigan bo‘ldi. Taomilga binoan raislik qiluvchi davlat o‘z hududida navbatdagi sammitni tashkil qiladi. Demak, shu yil sentyabr oyida Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi sammitiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ta’kidlash kerakki, ShHT harbiy tashkilot emas. Bu tashkilot asosan a’zo davlatlarning xavfsizligini ta’minlashga mas’uldir. ShHTning o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishdan iboratdir. So‘nggi vaqtlarda jahonda nufuzi ortib borayotgan Tashkilot o‘z oldiga urushlar va harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar xavfini daf etib, tinchlik, farovon hayotga erishish kabi ulug‘vor maqsadlarni qo‘ygan. Qarorgohi Toshkentda bo‘lgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyati ham o‘z mevalarini bermoqda. Shu davr mobaynida MATT tomonidan mingdan ortiq terroristik hodisalarning oldi olindi.

Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston ShHTning barcha a’zo davlatlarida izchil va barqaror iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash, aholi bandligi masalalarini hal qilish va turmush darajasini yuksaltirishga ko‘mak beradigan o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida mazkur tashkilot kuzatuvchi mamlakatlarining resurslari hamda bozorlaridan yanada faolroq foydalanish va ularni jalb qilishni yoqlab chiqayotganini ta’kidlashmoqda. O‘zbekistonning ShHTida raislik qilishi tashkilot rivojiga ijobiy turtki berishiga, tashkilotning xalqaro aloqalari, uning huquqiy va me’yoriy asoslarining mustahkamlanishiga yordam beradi.

 

Sharofidin TO‘laganov

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.