IQLIM O‘ZGARISHLARI VA OQIBATLARI

Ayni paytda Afrika qit’asi janubidagi qurg‘oqchilik tufayli mintaqada 14 million kishi ochlik girdobiga tortilishi mumkin. Bunga o‘tgan yili hosildorlikning kamayib ketishi va El-Nino deb nomlanmish tabiat ko‘rinishi sabab bo‘ldi. BMTning Jahon oziq-ovqat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil ham mintaqada kuchli qurg‘oqchilik yuz berishi ehtimoli bor.

 Afrika Taraqqiyot banki e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, ayni kunda Afrika aholisining to‘rtdan bir qismi to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekmoqda. BMT Jahon oziq-ovqat tashkiloti mazkur mintaqada kuzatilayotgan oziq-ovqat xavfsizligining bugungi vaziyatidan xavotirga tushayotganini bildirdi. Mintaqada ekin ekish ishlari deyarli yakunlanganligiga qaramay hosil mo‘l bo‘lishiga shubha bor. O‘tgan yili yomg‘ir kam yoqqani bois Malavida aholining 2,8 millioni ochlik yoqasiga kelib qoldi.

Ayni chog‘da Madagaskarda 1,9 million, Zimbabveda 1,5 million kishi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Lesoto hukumati qurg‘oqchilik sababli o‘tgan yilning dekabr oyida favqulodda holat joriy etishga majbur bo‘ldi. Oziq-ovqat taqchilligi borasida Angola, Mozambik va Svazilend hukumatlari ham o‘z tashvishini bildirmoqda. Vaziyatni tahlil qilgan Jahon oziq-ovqat tashkiloti mintaqadagi holat o‘ta tashvishli ekanini bildirmoqda.

So‘nggi yillarda Yer yuzidagi iqlim o‘zgarib bormoqda. Ayrim mamlakatlarda g‘ayritabiiy issiq kuzatilayotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda havo sovib ketmoqda. Ekologlar global iqlim o‘zgarishi, muzliklar erib borishi va dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi borasida bong urishmoqda. Iqlim isishi o‘z navbatida avval kuzatilmagan hodisalarni — suv toshqinlari, bo‘ron, qurg‘oqchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Afrikadagi qurg‘oqchilik va ocharchilikda, Janubiy Osiyoda ob-havo isib ketishida, Shimoliy Amerikadagi o‘rmon yong‘inlari, suv toshqinlari va bo‘ronlar orqali buni ko‘rib turibmiz.

 Olimlarning aytishicha, 2015 yilning o‘n oyida sayyoramizda harorat XIX asr boshlariga nisbatan 1,02 daraja issiq bo‘lgan. Olimlar bir ovozdan insonlarning faoliyati — neft, gaz va ko‘mir yoqilishi “parnik effekti”ni keltirib chiqarayotganini va havo haroratining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotganini aytishmoqda. Ekspertlar so‘nggi o‘ttiz yilda eng ko‘p parnik gazi chiqarilganini ma’lum qildilar.

 Agar hukumatlar atrof-muhit muhofazasi bilan jiddiy shug‘ullanmaydigan bo‘lsa, u holda 2100 yilga borib, sayyoramizda havo harorati 3,7-4,8 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Iqlimshunoslar harorat 2 darajadan oshganidan so‘ng ekologiya xavf ostida qolishidan ogohlantirib kelishadi. Iqlim muammolariga e’tiborni qaratish maqsadida BMT munozaralarga nafaqat siyosatchilar va olimlarni, balki taniqli kishilarni, jumladan, kino va sanat yulduzlarini ham jalb qilishga qaror qildi.

Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni sayyoramizning turli mintaqalarida kuzatilayotgan noodatiy yog‘ingarchilik, qorbo‘ronlari, o‘rmon yong‘inlari kabi hodisalarni o‘rgangan amerikalik olimlar isbotlashdi.

BMT ekspertlari iqlim o‘zgarishlari ekinlar hosiliga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan ogohlantirishmoqda. Ayniqsa, bu kabi noxushliklar Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Hosilning kamayib ketishi oziq-ovqat muammolarini keltirib chiqarishi hech kimga sir emas. Vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa, u holda 2080 yilga borib 600 millionga yaqin kishi ochlik bilan to‘qnash kelishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishidan keladigan talafotlarni kamaytirsh uchun insoniyat o‘z faoliyatining barcha sohalarida, jumladan, sog‘liqni saqlash, qishloq ho‘jaligi va boshqa infratuzilmalarda rejali ish olib borishi lozim.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi har bir davlat o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda kurash olib boradi. Masalan, Gollandiya va Bangladesh bir xil muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. Har ikki mamlakatda okean sathining ko‘tarilishi tufayli muntazam bo‘ron va to‘fonlar bo‘lib turibdi. Gollandiya to‘g‘on qurish orqali xavfga qarshi kurashadi. Bangladesh esa mablag‘ yo‘qligi sabab bu ishni qila olmaydi. Mazkur mamlakatning xavfli hududlarida 100 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Olimlarning fikricha, havo darajasini 2°C ushlab turish uchun 2050 yilga qadar mamlakatlar parnik gazlarini chiqarishni 1990 yilgi darajaga tushirishi kerak. XXI asr oxiriga qadar esa bu raqam nolga tushishi kerak.

Atmosfera uchun zararsiz energiya manbai gidroenergetika, atom elektr stantsiyalari va qayta tiklanuvchi yangi (quyosh, shamol) manbalari hisoblanadi. Gidroenergetikadan cheklangan miqdorda foydalanish mumkin. Chunki yer yuzida daryolar unchalik ham ko‘p emas. Shamoldan ham hamisha foydalanib bo‘lmaydi. Shu sababli kelajakning energetika manbai sifatida quyosh va atom tan olinadi. Chunki quyosh energiyasidan hamma joyda foydalanish mumkin va bu yadro energiyasidan arzonga tushadi.

Ekologik sof energiyadan foydalanish uchun mablag‘ kerak bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlar muzokaralarda ishtirok etayotgan barcha davlatlar birdek o‘z hissasini qo‘shishi kerakligini aytib keladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar esa iqlim o‘zgarishiga barcha mas’uliyat iqtisodi taraqqiy etgan davlatlar zimmasiga tushishi kerak deyilmoqda. Chunki aynan taraqqiy etgan davlatlar atmosferani parnik gazlari bilan ifloslantirmoqda.

Bugungi kunda yer yuzidagi eng katta Ayvanpa quyosh elektrostantsiyasi Kaliforniya shtatining Mohave cho‘lida joylashgan. Ma’lumki, 2010 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘mak berish maqsadida BMT shafeligida “Yashil iqlim jamg‘armasi” (Green Climate Fund) tashkil etilgan edi. Jamg‘armaning mablag‘i 2020 yilga borib, 100 milliard dollarga yetadi. Ayni damda jamg‘arma xazinasida 10 milliard dollar bor.

O‘tgan yili Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu Dabida bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun iqlim o‘zgarishi ham boy, ham kambag‘al davlatlarga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

“Agar o‘z vaqtida zudlik bilan chora-tadbirlarni ko‘rmaydigan bo‘lsak, u holda xavfsizlik va global farovonlikka qaratilgan rejalarimizni hayotga tatbiq eta olmaymiz” dedi Pan Gi Mun. Bosh kotib hisobotda suv taqchilligi, dengizlar sathining ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, xavfli meteorologik ko‘rinishlar (kunlarning isib ketishi, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, bo‘ron va to‘fonlar, yog‘ingarchilik, quyun va boshqalar) barcha mamlakatlarni qamrab olayotgani va sayyoramiz ekotizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlanadi. “Hatto iqlim o‘zgarishi Arktikada ham kuzatilmoqda. Kunlarning isib ketishi odamlar sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatmoqda, oq ayiqlar qirilib ketish havfi bilan to‘qnash keldi” deyiladi hisobotda. Amazoniya o‘rmonlarining saqlanib qolishi ham savol ostida qolmoqda. Tahlilchilar, bu jarayonni to‘xtatish borasida jiddiy chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligini aytishmoqda.

Soha mutaxassislarining fikricha, quyoshdan kelayotgan nurlar, atmosfera qatlamidan o‘tar ekan, havo tarkibidagi gazlarni isitish uchun to‘rtdan bir energiyasini sarflaydi. Bunda, asosan, uzun to‘lqinli nurlar yutilib qoladi. Yer yuzasiga yetib kelgan bir qism Quyosh nuri akslanib, yana koinotga qaytadi. Qolgan qismi Yer yuzasini isitishga sarflanadi. Ma’lum darajada qizigan Yer ham o‘zidan issiqlikni nurlata boshlaydi. Ammo bu nurlarning to‘lqin uzunligi quyoshdan tushayotgan nurlarning to‘lqin uzunligidan keskin farq qiladi. Bunday nurlarni havodagi karbonat angidrid gazi qatlami o‘tkazmaydi va to‘laligicha yutib qoladi. Shu tariqa, Yer yuzasida hayot uchun mo‘’tadil va nisbatan qulay iqlim sharoiti saqlanib turadi.

 Rivojlanayotgan mamlakatlardagi aholining kambag‘al qismi iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p aziyat chekmoqda. Gap bu yerda oziq-ovqat, kiyim-bosh, turarjoyga bo‘lgan ehtiyoj borasida ketmoqda. Qishloqlarda nochor ahvolga tushib qolgan aholi shaharlarga yo‘l olmoqda. Bu esa o‘z navbatida shahardagi qashshoqlarning sonini ko‘paytirmoqda, qishloqlarda esa ishlab chiqarish kamaymoqda.

 Global iqlim o‘zgarishi inson faoliyati oqibatida kelib chiqqanligi aniq dalillar bilan isbotlandi. Vaziyatning jiddiy ekani xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmoqda. Ayni damda hukumatlar talafotlarni imkon qadar kamaytirishga urinmoqda.

XXII asrga borib bahor va kuz tarixdan o‘rin olishi mumkin, degan qo‘rquvlar ham bor. Biroq eng dahshatli muammo oziq-ovqat yetishmovchiligidir. 2050 yilga borib g‘alla hosili 25 foizga kamayib ketadi. Iqlim o‘zgarishi davlatlar o‘rtasida qurolli mojarolarga sabab bo‘ladi. Bu kabi mojarolarda, asosan, kambag‘al davlatlar ziyon ko‘radi. Biroq qurg‘oqchilik va suv toshqinlari rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadi. Bularning barchasi tabiatni asrash borasida zudlik bilan zaruriy chora-tadbirlar ko‘rishni, bu borada barcha hukumatlar yakdillikni namoyon etishini taqozo qildi. Aks holda...

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.