TINCHLIK — HAYOTNING BOSH MAQSADI

Zamonaviy tamaddun o‘zining yigirma birinchi asrida yashamoqda. Talato‘pli urushlar, qirg‘inbarotlarga to‘la ikkita ming yillik ortda qoldi. Insoniyat o‘z tarixining uchinchi ming yilligiga yaxshi niyat va ulug‘ orzular bilan qadam qo‘ydi. Birodarkushlik urushlari, yer, suv, boylik talashish, ochko‘zlik, o‘zgalarning yeriga, moli-joniga qasd qilish, bo‘laklangan dunyoni qayta bo‘lish niyatlari ortda qolib ketadi, hayot yanada go‘zallashadi, deya niyat qildi.

 Taassufki, bunday bo‘l­ma­di. Bu illatlar ort­da qolish o‘rniga, bugun yanada ko‘payib, xavfli, xatarli tus olmoqda. Urush harakatlaridan bunday mojarolarni keltirib chiqarayotganlar, olov bilan o‘ynashayotganlar emas, asosan begunoh odamlar, tinch aholi, bolalar, keksalar aziyat chekmoqda. Ekin maydonlari, bog‘-rog‘lar payhon etilayotir, madaniyat, san’at obidalari, tarixiy yodgorliklar, ko‘hna moziy nafasi esib turadigan binolar buzilib ketmoqda. Ming-ming­lab kishilar jon saqlash maqsadida uy-joylarini tashlab ketmoqdalar, turli kasalliklarga chalinib, azob-uqubat chekishmoqda.

Bugun tinchlik, xotirjamlikka erishish faqat bir mamlakatga, bir jug‘rofiy hududga taalluqli muammo bo‘lmay qoldi. Endilikda hech bir davlat dunyodan uzilgan holda o‘zicha yashay olmaydi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ekologik muammolar, tinchlik-totuvlikning taqdiri, yer yuzida tiriklikni saqlab qolish muammolari birlashib ketdi. Davrning shiddati favqulodda tezlashdi. Bundan atigi bir necha o‘n yil avval Yevropa yoki Osiyo qit’asida yuz bergan biror noxushlikning ta’siri qo‘shni qit’aga yetib kelishi uchun oy, yillar kerak bo‘lgan bo‘lsa, endilikda axborot olamining globallashuvi bois, bunday holat dunyo bo‘ylab yashin tezligida tarqaladi. Binobarin, beparvo bo‘lish, ogohlikni qo‘ldan boy berish, «bu muammolarning menga tegishli joyi yo‘q», deya kaltabinlik qilish mutlaqo mumkin emas.

Shu ma’noda bugun yurtimizga qo‘shni hududlarda kechayotgan jarayonlar dunyo hamjamiyatini chuqur o‘ylantirishi, ta’bir joiz bo‘lsa, tashvishga solishi tabiiy. Qator mamlakatlarda fuqarolar urushi, birodarkushlik davom etmoqda. Bir vaqtlar ko‘p jihatdan o‘z-o‘zini ta’minlay olgan, dunyo bozoriga turli mahsulotlar chiqarib, daromad topgan mamlakatlar iqtisodiyoti tamomila izdan chiqqan.

Tinchlik — bebaho ne’mat. Unga erishish oson emas. Davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘lida dunyoning havasini keltiradigan yutuq va marralarga erishgan, yanada ulkan marralarni ko‘zlayotgan bo‘lsa, ularning negizini yurtimizdagi tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik kabi fazilatlar tashkil etadi. Ularni asrab-avaylash, hamisha va har jab­hada ogoh bo‘lib yashash, ozod va obod, kelajagi buyuk Vatanimizning shuhratiga shuhrat qo‘shish, boyliklarini ko‘paytirish, borini asrash, yo‘g‘ini yaratish — har birimizning muqaddas burchimiz.

O‘zbekiston bugun ko‘p jab­halarda dunyo mamlakatlariga ibrat, havas makoni bo‘lib turibdi. Bir vaqtlar bu yerga ma’lum manfaat hisobiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, yordam qo‘lini cho‘zish uchun kelmoqchi bo‘lganlar bugun O‘zbekistondan beminnat maslahat olishmoqda, milliy taraqqiyot, ijtimoiy yuksalish tamoyillarimizni, “Shu aziz Vatan — barchamizniki!” degan ulug‘ shiorimizni o‘rganishmoqda. Shu birgina shiorning o‘zi bugun qurolli talato‘plar iskanjasida qolgan, irqiy, mulkiy mojarolar, qirg‘inbarotlar bilan to‘lib-toshgan, begunoh odamlarning, go‘daklarning qoni to‘kilayotgan, uy-joylari vayron bo‘layotgan, qochqinlar ko‘payayotgan olamda yashamoqlikning ma’naviy-axloqiy nizomi, yagona najot yo‘li bo‘lib qoldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekning faqat kurashi, paxtasi, mevasi emas, uning dunyo­ga arzirli ibrati, o‘zbekona yo‘li, hech bir joyda uchramaydigan mehr-muruvvati, bag‘rikengligi ham dunyoni qiziqtirmoqda, hayratga solmoqda.

Istiqlolning ilk yillarida qiyin ahvoldan chiqish, vaziyatni sog‘lomlashtirishning puxta dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq aholisini, ayniqsa, rizq-ro‘zimizni yaratayotgan deh­qonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash; barcha sohalarda qat’iy tartib-intizom o‘rnatish, rahbar kadrlarni to‘g‘ri tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularga nisbatan talabchanlikni oshirish; har bir kishi o‘ziga topshirilgan ishni vijdonan va halol bajarishiga, tashabbus ko‘rsatib ishlashiga erishish birlamchi vazifalar deb belgilandi. Isti­q­lolni saqlab qolish bilan birga, uning iqtisodiy, siyosiy hamda ma’naviy-axloqiy asoslarini mustahkamlaganimiz, yangi avlod tarbiyasini yo‘lga qo‘yganimiz, tadbirkorlik, ishbilarmonlik butun mamlakatda keng quloch yozgani, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfi shakllana boshlagani, odamlarga o‘z mehnatlari samaralaridan bahramand bo‘lish, shaxsiy daromadlarini emin-erkin istifoda qilish imkoniyati berilgani ayni muddao bo‘ldi. Jamiyat a’zolarining huquqiy ongi va madaniyati oshdi. Yoshlarda ijtimoiy faollik, mamlakat, millat taqdiri uchun mas’ullik tuyg‘usi, vatanparvarlik hissi kuchaydi.
Diyorimizga jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir allomalarga beshik bo‘lgan maftunkor go‘shani ko‘rish uchungina emas, ayni chog‘da, undan o‘rganish, ibrat olish, zavqlanish uchun ham kelmoqdalar. Toki shunday ekan, erishilgan yutuqlar bilan mag‘rurlanib qolmay, bizdan kelajak avlodlarga qoladigan Ozod va obod Vatanimizning ilmiy, iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy salohiyatini yanada oshirish yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilishimiz, shu bilan birga, mustaqillik yillarida tug‘ilgan va voyaga yetgan aziz farzandlarimizga bu farahli kunlarga qanday erishganimizni, kim edigu kim bo‘lganimizni, sobiq tuzum xalqimiz boshiga qanday musibatlar olib kelganini hamisha eslatib turishimiz zarur bo‘ladi.

Yigirma besh yil avval: “O‘zbekistonda endi odamlar yerga, mulkka egalik qiladilar, boy-badavlat yashaydilar, ikki-uch qavatli uy-joylar qurishadi, xususiy korxonalar va fabrikalar paydo bo‘ladi, mahsulotlarni xorijga sotishadi, diniy e’tiqod erkinligi ta’minlanadi, haj ibodatini ado etishga davlatning o‘zi homiylik qiladi”, degan gap quloqqa aql bovar qilmas darajadagi xayolday eshitilar edi. Bugun ortimizga nigoh tashlar ekanmiz, bu yutuqlarga erishish qanchalar mashaqqatli bo‘lganini yaqqol his etamiz.

Istiqlol — ulug‘, mo‘’tabar ne’mat, ammo u shunday noyob daraxt hamki, uning ildizini muttasil mustahkamlamoq, shoxiyu yaprog‘ini mehr bilan parvarishlamoq, soyasida rohatlanmoq, nogahonda esib qoladigan “bezgak shamol”lar ta’siridan asramoq, mevasining qadriga yetmoq, bu mevadan bizdan ke­yingi avlodlar ham bahramand bo‘lishlari to‘g‘risida o‘ylamoq lozim. Bizning yanada farovon kelajagimiz, taqdirimiz, kelajak nasllarning butun rizq-nasibasi — mana shu tuyg‘u va mas’uliyat bilan bog‘liq.

Muhtaram Prezidentimizning 1992 yil 4 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining to‘qqizinchi sessiyasida chuqur iztirob bilan: “Aziz do‘stlar! Nima kerak bo‘lsa, ayting, hammasini qilib beramiz. Lekin, aziz onalar, opa-singillar, otaxonlar, do‘stlar, ukajonlar, men Prezident bo‘lsam ham, sizdan tiz cho‘kib so‘rayman, iltimos qilaman: shu masalada yordam qiling! Axir, Qur’oni karim ham do‘stlikka, birodarlikka chaqiradi, nizo chiqarishni qoralaydi. Janjal chiqqan yurtning Xudosi ham undan yuz o‘girar ekan. Shu sabab baraka ham, rizq-ro‘z ham nasiya bo‘lib qolarkan. Bu yo‘lda — tinchlik, totuvlik yo‘lida bizni Olloh taoloning o‘zi qo‘llasin, madadkor bo‘lsin”, deya xalqqa qilgan samimiy murojaati esimizda. Buni o‘z qulog‘i bilan eshitgan, vaziyatning naqadar murakkabligini his etgan kishilarning xotiralari bugungi yosh avlod uchun katta saboqdir.

Mustaqillik arafasida, uning dastlabki yillarida  qo‘poruvchi kuchlar mamlakatimizning ko‘pgina hududlarida jinoiy xatti-harakatlar sodir etib, tinch-totuv hayotni izdan chiqarish, turli millat vakillari orasini buzishga harakat qilib ko‘rdilar. Davlatimiz rahbari xavfli olov alanga ola boshlagan joylarga shu zahotiyoq yetib borib, fitnachilar bilan ham, ularning qutqusiga uchgan olomon bilan ham, yuzma-yuz turib gaplashganini katta avlod vakillari yaxshi bilishadi. Prezidentimizning xalqimizning irodasiga hamisha tayanib ish ko‘rishi, har qanday vaziyatda ham to‘g‘ri va oqilona qaror qabul qila olish salohiyati — yurtimizni, xalqimizni turli xavf-xatarlardan, balo-qazolardan saqlagan, og‘ir sinovlar, yo‘qotishlar hisobiga qo‘lga kiritilgan  hurriyatimizni saqlab qolishga asos bo‘lgan. Bu — inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat.

Oradan necha-necha o‘n yilliklar o‘tadi, ammo 1989 — 1991 yillari sodir bo‘lgan voqealar tafsilotlari, mamlakat yangi rahbari tomonidan qabul qilingan qarorlar, Vatan, millat taqdiri bilan bevosita bog‘liq muhim hujjatlar bu tahlikali kunlar qanday kechganini, og‘ir sinov paytlari kim o‘zini qanday tutganini kelgusi avlodlarga eslatib turadi.

Shunday ekan, bugungi yosh avlodni, ularning orqasidan kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni, ozod va obod diyorimiz sha’n-shavkatini yanada oshirishga, millat ruhini ko‘tarishga qodir farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda barchamiz, mahalla-ko‘y, jamoatchilik birdek jon kuydirishi kerak.

 

Toshpo‘lat Matibaev

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.