QADIM MAYYALAR DIYORIDA

Meksika qo‘shma shtatlari Shimoliy  Amerika qit’asi  janubida  joylashgan mamlakat. Uning jami  maydoni 1958,2 ming kvadrat kilometrni, aholisi 122,3 million  kishi (2013 yil)ni tashkil etadi. Mexiko shahri mamlakatning  yirik megapolisi va  poytaxti hisoblanadi.  Ma’muriy jihatdan  mamlakat 31 ta  shtat va 1 poytaxt federal okrugiga bo‘linadi.

 

Mamlakat hududining katta qismini  balandligi 1000-2000 metrdan iborat Meksika tog‘ligi egallaydi. Meksikaning sohilga yaqin joylari pasttekisliklardan iborat. Tog‘larda  rangli metall rudalari (mis, qo‘rg‘oshin,  kumush, simob,  kadmiy, volfram, oltin) bor. Ushbu diyorning iqlimi  tropik iqlim hisoblanadi Xususan, yanvar oyida o‘rtacha  harorat 10°—25°ni,  iyulda  esa  15°—30°ni tashkil etadi. 

Mamlakatning  janubiy sharqida daryolar anchagina,  shimoliy-g‘arbida  esa kamroq.   Rio-Grande, Lerma, Balsas, Grixalva — Usumasinta mamlakatning yirik  daryolari hisoblanadi.  Meksikada nabototning  12 mingga yaqin turi bor; shulardan katta qismi  endemik o‘simliklardir. Meksika tog‘ligining shimolida  o‘ziga xos kserofil o‘simliklar, shuningdek, mimozadosh butalar o‘sadigan chala cho‘l va cho‘llar asosiy o‘rinni egallaydi.  Tog‘likning janubida va  past tekislik sohillarida boshoqlilar va sertikan butalardan iborat savanna o‘simliklari o‘sadi.  Mamlakatning  janubiy qismini   ko‘proq  tropik o‘rmonlar, sharqiy yon bag‘irlarini  doimiy  yashil  o‘rmonlar ishg‘ol etgan. 

 Meksika tog‘ligi o‘rmonlarida qora ayiq,  qizil silovsin, puma, savannalarida esa bug‘u, chumolixo‘r kabi yovvoyi hayvonlar uchraydi. Mamlakatda  nabotot va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida 50 dan ko‘proq bog‘lar tashkil etilgan. 

Aholining katta qismi meksikaliklar  bo‘lib, ular indeets qabilalari va elatlari, Yevropa (asosan, Ispaniya)dan ko‘chib kelganlar va plantatsiyalarda ishlatish uchun keltirilgan afrikaliklardan iborat. Qolaversa, aholining yarmidan ortig‘i aralash nikohdan tug‘ilgan metis va mulatlardan iborat. Tub indeetslar  o‘z tillari va madaniyatlarini qisman saqlab qolgan.

Mamlakatda shuningdek, ispanlar, basklar, nemislar, frantsuzlar hamda boshqa millat vakillari ham istiqomat qiladi.  Meksikada rasmiy til  ispan tili hisoblanadi.   Meksikada  Mexiko, Gvadalaxara, Monterrey. Leon, Syudad-Xuares kabi yirik shaharlar bor. Mamlakat juda qadimiy tarixga ega. Xususan, bu mintaqada qadimgi odamlarning yuqori paleolit (miloddan 20—15 ming yil avval) davridagi manzilgohlari  topilgan. Tarixiy manbalar mazkur hududda  turli davrlarda g‘arbiy yarim shardagi eng rivojlangan tsivilizatsiyalaridan biri mavjud bo‘lganidan dalolat  beradi. Milodning boshlarida Markaziy Amerikaning shimoliy g‘arbiy qismida mayya qabilalari yashagan.

1517 yildan boshlab bu hududlarni  ispanlar bosib ola boshladi. Mustamalakachilik yillarida ocharchilik va kasalliklar ko‘plab indeetslarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi va ichki bozorning vujudga kelishi, milliy ongning uyg‘onishi sababli  19-asrning  boshlarida  meksikan millati tarkib topa boshladi. Bu davlat   1945 yildan boshlab  BMT a’zosi. Meksika  1991 yil  26 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi  mustaqilligini tan olgan va 1992 yil  16 martdan e’tiboran  u bilan diplomatik  munosabatlarni o‘rnatgan.  

 Meksikani  Lotin Amerikasidagi  iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlardan biri, deyish mumkin. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24,5 foiz, qishloq, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilikning ulushi esa 9 foizni tashkil etadi. Meksika paxta, shakarqamish, kofe yetishtirishda hamda  neft-gaz, kumush, qo‘rg‘oshin, oltingugurt qazib olishda dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Ish bilan band aholining 15,3 foizi sanoat sohasida faoliyat ko‘rsatadi. Konchilik, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, metallurgiya, qurilish, to‘qimachilik, oziq-ovqat mamlakatda muhim tarmoqlar  hisoblanadi. 

Verakrus, Tampiko, Minatitlan, Mexiko va Salamanka shaharlari neft kimyosi, Monterrey, Monklova, Mexiko atroflari qora metallurgiya, Verakrus, Kananea, Chiuaua shaharlari  rangli metallurgiya, Mexiko, Toluka, Puebla shaharlari esa mashinasozlik va metall ishlash sanoatining asosiy markazlaridir. Mamlakatda energetika, qurilish ashyolari, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati ham  yaxshi rivojlangan.

Ish bilan band aholining 27,8 foizi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi.  Qishloq xo‘jaligi  aholining ehtiyojini asosan ta’minlaydi va mahsulotining bir qismini eksport qiladi.  Ekin maydonlarining 5,15 million gektari sun’iy sug‘oriladi. Eksport uchun paxta, kofe, ichki ehtiyoj uchun shakarqamish, makkajo‘xori, oq jo‘xori, bug‘doy, sholi, kartoshka va soya ekiladi. Bir qancha tropik va subtropik ziroatlar ham eksport ahamiyatiga ega.  Chorvachiligida qoramol, cho‘chqa, qo‘y va echki asosiy o‘rinni tutadi.

Mamlakatda temir yo‘llarning uzunligi  26,4 ming kilometr avtomobil yo‘llari  esa 242 ming kilometrdan ziyod.  Barcha shtat va shaharlar  havo yo‘llari orqali tutashtirilgan. Jumladan, Mexiko, Verakrus, Merida va  Monterreyda katta aeroportlar bor. Asosiy dengiz bandargohlari: Verakrus, Mexiko, Tampiko,  Salina-Krus.

Meksika chetga tayyor va chala tayyor buyumlar, shuningdek, neft va neft mahsulotlari, paxta, kofe, konchilik sanoati va rangli metallurgiya mahsulotlarini  chiqaradi. Chetdan chala tayyor buyumlar, mashina va asbob-uskunalar, iste’mol mollari sotib olinadi.  Asosan AQSh, Kanada, Yaponiya, Lotin Ame-rikasi va Yevropa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodliy munosabatlarni olib boradi. Mamlakatda  turizm yaxshi rivojlangan.

 

OAV materiallari

asosida tayyorlandi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.