Jamoat fondi loyihasi

23 Noyabr 2011 21:15
BAG‘RIKENGLIK — QALB MUSAFFOLIGI TIMSOLI
Milliy g‘oyasiz har qanday davlat, jamiyat, qolaversa, maqsadsiz inson ham hayotda o‘z yo‘lini topa olmasigi muqarrar. Shu bois, ayniqsa, jamiyat taraqqiyot bosqichi sari yuz tutgan bir paytda milliy g‘oyani xalqimiz, xususan, o‘sib kelayotgan yoshlar qalbiga singdirish  bilan bog‘liq masalalar, bu boradagi keng ko‘lamli ishlar muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu o‘rinda milliy g‘oya nima, degan savolga javob berib o‘tsak. Unga Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida shunday ta’rif beriladi: “...Milliy g‘oya deganda ajdodlardan avlodlarga o‘tib, asrlar davomida e’zozlab kelinayotgan, shu yurtda yashayotgan har bir inson va butun xalqning qalbida chuqur ildiz otib, uning ma’naviy ehtiyoji va hayot talabiga aylanib ketgan, ta’bir joiz bo‘lsa, har qaysi millatning eng ezgu orzu-intilish va umid-maqsadlarini o‘zimizda tasavvur qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bunday keng ma’noli tushunchaning mazmun-mohiyatini ifoda qilgan bo‘lamiz”.
Ko‘rinib turibdiki, yurtimizda yashayotgan insonlar uchun millati, tili va dinidan qat’i nazar, munosib hayot sharoitlarini yaratib berish, rivojlangan demokratik mamlakatlardagi kabi turmush darajasi hamda erkinliklarini ta’minlash davlatimiz siyo­satining mazmun-mohiyatini ifodalaydi. 
Dunyo turfa millat va elatlarning o‘ziga xos madaniyati, ma’naviyati bilan go‘zaldir. Har bir millat va elat Yaratganning mo‘‘jizasidir.  Ammo insoniyat  tarixiga nazar tashlasak, ayrim davlatlar o‘z vaqtida ana shu xilqatni qadrlay olmaganini va hatto ang­lay olmaganini ko‘ramiz. Bunga ming-ming yillardan beri davom etib kelayotgan turli davlatlar, millatlar o‘rtasidagi nizo va nifoqlar dalildir. Bugungi kunga kelib jahon hamjamiyatida shunday davlatlar paydo bo‘ldiki, ular tili, dini, millati, urf-odatidan qat’i nazar, bir daraxt­ning shoxlari kabi bir-birlariga bog‘lanib, tinchlik, xotirjamlikda yashash, bunyod etish bilan mashg‘ul.
Milliy ehtiyojlarning muntazam qondirib borilishi asosida davlatlar o‘z atrofida tabiiy ravishda turli millat va elat vakillarini birlashtirishga hamda demokratik fuqaroviy jamiyat qurishga erishmoqdalar. Dunyo miqyosida ana shunday siyosatni og‘ishmay olib borayotgan bag‘rikeng davlatlar sirasiga O‘zbekiston ham kiradi. Zero, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibatni qadrlash, qardoshlikka hurmat o‘zbek xalqining eng go‘zal fazilatlaridandir.  Mustaqillik yillarida esa bu fazilat yanada yuksaldi, qadr topdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barqaror siyosat tufayli millatlararo munosabatlar yanada takomillashmoqda.
Ma’lumki, sayyoramizda o‘zining betakror madaniy-ma’naviy qadriyatlariga ega bo‘lgan 1600 dan ortiq etnik guruhlar yashaydi. Mustaqil O‘zbekistonda esa o‘zbeklar bilan bir qatorda o‘z madaniyati hamda an’analariga ega bo‘lgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari yashab, mehnat qilmoqda. Ular Mustaqillik, Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Konstitutsiya kuni, Ramazon va Qurbon hayitlari, tarixiy shaharlarimiz, ulug‘ bobolarimizning qutlug‘ to‘ylariga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish bilan birga o‘z qavmlari vakillarining Rojdestvo, Pasxa, Maslennitsa, Xansiq, Chusok, Saban to‘y kabi o‘nlab milliy bayramlarini o‘ziga xos tantana bilan nishonlaydilar. 
Bugungi kunda Vatanimizda turli dinlar va din vakillari o‘rtasida ham umumbashariy qadriyatlar asosida birodarlikni mustahkamlashga katta e’tibor berilmoqda. Muqaddas Qur’o­ni Karimda ham odamlarni hech qachon yomon yo‘llarga, behuda qon to‘kishga, adovat urug‘larini sochishga boshlamaslik qayd etilgan. Aksincha, musulmonlarni boshqa din vakillari bilan tinch-totuv yashashga, mehnat qilishga, ongli, aqlga tayanib yashashga, insonlar orasini buzuvchi, jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqaruvchi, g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab yurganlarning kirdikorlaridan ogoh bo‘lishga chaqiradi. Shu bois, bugun yoshlarimizni eng yuksak darajadagi dunyoviy bilimlar, kompyuter texnologiyalari bilan bir qatorda ma’naviy xazinamizdagi Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqsh­bandiy ta’limotlari, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilmoqdamiz.
Din har bir jamiyat, davlat, mamlakatning madaniy, ma’naviy, ruhiy hayotida hamma vaqt ma’lum o‘rinni tutib kelgan. Bugungi kunda O‘zbekistondagi jami diniy ibodatxonalar soni  2225 tani tashkil qiladi. Shundan 2050 tasi masjidlar bo‘lsa, 175 tasi noislomiy tashkilotlarga mansubdir. Mazkur yo‘nalishdagi ezgu ishlar yurtimizda mavjud diniy tashkilotlar o‘z faoliyatlarini amalga oshirishi va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgani, bu boradagi huquqiy asoslar O‘zbekiston Konstitutsiyasida, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda o‘z ifodasini topgani, turli dinlar hamkorligining takomillashgani bois amalga oshmoqda.
Bugun O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati, dunyoviy davlat barpo etilmoqda. Qurilayotgan jamiyatning tamoyillari, huquqiy asoslari ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda diniy tashkilotlardan ham qonun oldidagi burch va majburiyatlarini bajarish talab qilinmoqda. 
O‘zbek xalqi o‘zining butun tarixi davomida, hamma vaqt boshqa xalqlar, millat va din vakillariga hurmat bilan yondashishini namoyon etib kelgan. Etnik, madaniy va diniy xayrixohlik o‘zbek xalqining eng go‘zal fazilatlaridan biriga aylangan. Shu bois ham O‘zbekiston YUNYESKO bosh konferentsiya­si tomonidan 1996 yil 16 noyabrda “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”ning qabul qilinishini faol qo‘llab-quvvatladi. Ushbu Deklaratsiyaning 1-moddasida qayd etilganidek: “Bag‘rikenglik — bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni o‘zini ifodalashning, insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmatlash, qabul etish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Buni esa bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi”.
Darhaqiqat, Deklaratsiyada ta’kidlanganidek, bag‘rikenglik turli-tumanlikdagi birlikdir. O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar Prezident Islom Karimovning YUNYESKO Ijroiya Kengashi sessiyasining Toshkentda bo‘lib o‘tgan 155 yakunlovchi majlisida aytgan quyidagi so‘zlarida ham o‘z ifodasini topgan: “Men sizlarning e’tiboringizni bizning xalqimiz misolidagi noyob voqelikka, qimmatli tajribaga qaratmoqchi edim. YUNYESKO yordamida bu ibratli tajribani butun dunyoga namoyish etsa arziydi. Bu — turli dinga mansub bo‘lgan xalqlarning ko‘p millatli davlat sharoitida ham tinchlik va totuvlikda yashay olishi tajribasidir.
Bu Yaqin Sharqda o‘n yillar mobaynida turli millat va diniy qarash vakillari o‘rtasida murosasiz kurash to‘xtamayotgan, etnik va diniy qarama-qarshilik mintaqaviy mojarolarning avj olishiga manba bo‘lib xizmat qilayotgan hozirgi zamonda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lur edi... Etnik, madaniy va diniy hayrixohlik va ochiq ko‘ngillik o‘zbek xalqining o‘ziga xos tug‘ma fazilatlaridan biriga aylangan.
O‘ylaymanki, turli  diniy e’tiqod, konfessiyalarga mansub kishilarning tinch-totuv yashashidan iborat bo‘lgan bizning tajribamizni millatlararo, diniy va etnik asosdagi turli-tuman ichki va mintaqaviy mojarolarni bartaraf etishda muvaffaqiyat bilan qo‘llash mumkin».
Ahror ERGASHEV,
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot
markazi bosh mutaxassisi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM