Yo‘lovchi tashish vagonlari uchun ta’riflashga til ham lol bo‘lgan elektrovozlar, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezdlar xarid qilindi, minglab kilometr temir yo‘llar qurildi. Ularga xizmat ko‘rsatadigan inshootlar barpo etildi. Bularning hammasi xalqimizning bebaho mulki, mamlakatimizning fayzidir.
Mamlakatimiz temir yo‘llarida har kuni 30 dan ortiq yo‘lovchi va yuk poezdlari belgilangan manzillariga yo‘l oladi. 22 mingdan ortiq yo‘lovchilar o‘zlari uchun yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun bo‘lib, ko‘rkam va bejirim vagonlarda do‘stu yorlari, ota-onalari istiqboliga oshiqadi. SHunday ekan, temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash, odamlarning hayotini asrash faqat mazkur tizim xodimlarining emas, balki barchamizning burchimiz hamdir.
Taassufki, temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligiga daxl qiluvchi voqealar tez-tez takrorlanib turadi. Bunday holatlarning yuzaga kelishiga ba’zan bilib-bilmay bolalarning aralashib qolayotgani achinarlidir. Bolalarni bola desak, kattalarning qilmishlari ham ulardan kam bo‘lmayapti. Masalan, shu yilning 6 noyabr kuni kech soat 19 dan 20 daqiqa o‘tganda Qashqadaryo viloyatidagi “Jayron-Nishon” temir yo‘l uchastkasining 4162 kilometrida “Damas” rusumli avtomashina poezd bilan to‘qnashib ketdi. Umuman olganda, yil boshidan buyon respublika hududidagi temir va avtomobil yo‘llari kesishmalarida poezdlar bilan avtomobillarning 18 ta to‘qnashuv holati qayd etildi. Bunga, avvalo, avtotransport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzishlari sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, temir yo‘li o‘tgan hududlardagi avtokorxonalar va mahallalarda aholi o‘rtasida mutasaddi xodimlarning tushuntirish ishlarini sust olib borilayotgani sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi”gi Qonunining 21-moddasida “Temir yo‘l bekatlari, vokzallar va temir yo‘lning tashish jarayoni bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalari hududlari, poezdlar harakati amalga oshiriladigan hamda manevr va yuk ortish, yuk tushirish ishlari bajariladigan yo‘lovchilar platformalari va temir yo‘l tarmoqlari o‘ta xavfli zonalar hisoblanadi va zarurat bo‘lganda atrofi o‘rab qo‘yiladi”, deb qayd etilgan. Ammo ba’zi bir joylarda devor va temir panjara to‘siqlarini sindirish, nazoratsiz bolalarning poezdlarga tosh otish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, joriy yilning 1 may kuni “Nasaf” tezyurar poezdi o‘tib ketayotganda noma’lum shaxslar tomonidan elektrovozga tosh otilgan va mashina kabinasining oynasi singan. Shu kuni ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan “Registon” poezdi yo‘lida, ya’ni relüs ustiga begona jism qo‘yilgan. Mashinistning hushyorligi tufayli poezd o‘z vaqtida to‘xtatilib, oqibati yomon holatlarga sabab bo‘ladigan noxushlikning oldi olindi.
Yo‘lovchi vagonlarni reysga tayyorlash deposining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida 144 ta vagon oynalari singan. Natijada temiryo‘l kompaniyasi 8 million 931 ming so‘m moddiy zarar ko‘rgan.
Bu kabi misollarni keltirishdan maqsad har bir fuqaroni atrofdagi voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarashga undash, yo‘lovchilar hayotini muhofaza qilish, xalq mulki hisoblangan temir yo‘l transporti vositalarini avaylab-asrashdan iborat.
Agar oila, mahalla, maktab, korxona, tashkilotlarda yuqoridagi noxushliklarning oldini olish bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilsa, bu albatta, o‘zining ijobiy samarasini beradi.
O‘z mulkimizni asraylik!
Allambergen
QALIMBETOV,
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspektsiyasi matbuot kotibi |