Jamoat fondi loyihasi

17 Sentabr 2011 15:33
DIYOR ISI, YURT TUPROG‘I
Yurtimizda mustaqillik shabadasi esa boshlagach, xorijda yashayotgan o‘zbeklar uchun ham ota zaminni ziyorat etish imkoniyati tug‘ildi. Bobolarim yashagan tuproqqa — ona Vatanimga ilk bor qadam qo‘yganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmaganman. O‘sha damda ko‘nglimdan kechgan hislarni, dilimni chulg‘ab olgan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bera olmayman.
...Xosiyat momo degan qo‘shnimiz bo‘lardi. O‘zbekiston haqida, o‘zi tug‘ilgan qishloq haqida ko‘p gapirardi. Bir necha yillar yurtimizda yashab, Xitoyga qayta borganimda Xosiyat momo ki­yimlarimni hidlab: «O‘zbek diyorimizning isi kelyapti», deb ko‘ziga yosh oldi. So‘ng esa:
— Menga ko‘rgan-bilganlaring haqida gapirib ber? — dedi yalinib.
— Nimani gapirib beray? — so‘radim undan. Boisi O‘zbekiston haqida taassurotlarim shunchalik ko‘p ediki, qay birini gapirishni bilmasdim.
— Mening qishlog‘imga ham bordingmi, bolam?
— Ha, bordim, hatto shirin-shakar mevalaridan ham tatib ko‘rdim.
— Tuprog‘idan-chi, tuprog‘idan olib keldingmi?!
— Olib keldim.
Kampir yurt tuprog‘ini ko‘zlariga surtdi. Keyin uni dastro‘moliga o‘rab, beliga boylab oldi.
Xosiyat momoni yo‘qlab yana borganimda:
— Mening bardam bo‘lib yurganimni sababini bilasanmi? — deb so‘rab qoldi.
— Sababi nima ekan?
— Belimga quvvat, dilimga mador yurtimning tuprog‘i bo‘ladi.
Xosiyat momo yuz yoshga kirdi. Uni qabrga qo‘yganlarida ana shu bir siqim tuproqni o‘zi bilan birga ko‘mishlarini vasiyat qildi...
Vatan qadrini yurtdan yiroqlarda yashab, musofirlik jafosini tortganlar ko‘proq biladilar. Bu fikrni Bobur, Furqat kabi bobolarimizning qismati ham tasdiqlaydi. Ular tug‘ilgan yurtidan olisda Vatanni qumsab o‘tganlar. Makon tuyg‘usi hatto jonivorlarga ham begona emas. Navoiy bobomiz buni benihoya ta’sirchan ifodalagan:
«Ne navo soz aylagay,
bulbul gulistondan judo».
Shunday ekan, yaralmishlarning eng afzali bo‘lgan inson qanday qilib o‘z Vatanini sevmasligi, uni e’zozlamasligi mumkin, axir?!
Shular haqida o‘ylar ekanman, yurtga mehr tuyg‘usidan bebahra kishilarning ba’zan oso­yishtaligimizni ko‘ra olmayotganlaridan iztirobga tushaman. Qay insonning dilida mehr bor ekan, qalb ko‘zi ochiq ekan, u Vatan qadrini chuqur his etadi. Kindik qoni to‘kilgan tuproqni ardoqlaydi. Men shu paytgacha ko‘p yurtlarni kezdim. Vodiylarni, dengizu tog‘larni ko‘rdim. Lekin O‘zbekistonday jannatmonand yurtni boshqa hech qayerda uchratmadim.
Xalqimizda: «Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘l­mas» degan naql bor. Bu iboraning asl ma’nosini tahlil qilib ko‘rsak, Vatani va xal­qi qadriga chin dildan yetadigan mo‘min inson siymosini ko‘z oldimizga keltiramiz. Musofirchilik zahmatlarini boshdan kechirgan inson sifatida umrimning o‘sha lahzalari katta hayotiy saboq berganini unutolmayman.
O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Prezident Islom Karimov rahbarligida ma’naviyatga, ma’rifatga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zero, ma’naviy butunlik, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarining mustahkamligi, ertangi kunga ishonch — taraqqiyotning muhim omillaridir.
Abdug‘ani SULAYMON

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM