Jamoat fondi loyihasi

12 Oktabr 2011 16:31
ENG MUHIMI FAVQULODDA HUSHYORLIK ZARUR
Tafakkurning uchqur otiga minib, ne-ne kashfiyotu ixtirolar qilayotgan insoniyat tabiiy ofatlar oldida baribir ojiz qolmoqda. So‘nggi yillarda Gaiti, Sumatra orollari va Yaponiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar keltirgan ofat ko‘lami tarix sahifalarida uzoq vaqt insoniyatni dahshatga solsa ajab emas. BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyasi ma’lumotlariga qaraganda, keyingi 12 yilda yuz bergan tabiiy ofatlarning katta qismini yer silkinishlari tashkil etgan. Biroq odamzot ham ofat qarshisida qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Turli yo‘llar, usullar orqali zilzila qachon sodir bo‘lishini aniqlashga urinib, xavf­ning oldini olish choralarini axtarmoqda.
Zilzila — yer yuzining tebranishi. Ko‘chadan mashina o‘tib ketishidan hosil bo‘ladigan tebranish ham kichik zilzila turiga kiradi. Aholiga ko‘proq xavf tug‘diradigan yer qimirlashi esa yer qobig‘ida bo‘ladigan tektonik jarayonlar natijasida kelib chiqadi. Zilzila o‘chog‘idan ma’lum darajada to‘lqin chiqib, yerni tebratadi va zilzila sodir bo‘ladi. Bunga qadar ma’lum bir tartibda, ma’lum bir vaqt ichida tayyorgarlik jarayoni kechadi. Ushbu davr oralig‘ida geomagnit maydonlar, yer qobig‘ining yuza qismidagi mineral suvlardagi kimyoviy o‘zgarishlar mazkur jarayonni kuzatish imkoniyatini beradi.
Bundan bir necha oy ilgari «Argumenti i fakti» gazetasida yer qimirlashi mavzusida bir maqola chop etilgandi. Unda Qozog‘iston Milliy universitetining Biofizika ekologiya markazi direktori, professor Viktor Inyushinning no‘xat talqoni va bakteriyalar holatiga qarab, zilzilani oldindan aytish usulini topgani haqida so‘z boradi. Olim yer qimirlashi haqidagi ma’lumotlarni biomassalar — tal­qon qilingan no‘xat, dub yong‘og‘i, arpa doni, bakteriya va zamburug‘ hujayralaridan oladi. U mazkur tirik unsurlar tarqatadigan elektr signallarni tahlil etib, keskin o‘zgarishlarni aniqlaydi va falokatni voqea ro‘y berishidan bir necha kun avval ayta oladi. Gazetada yozilishicha, V.Inyushinning yer silkinishiga doir bashoratlari 95 foiz holatda aniq chiqmoqda.
— So‘nggi vaqtlarda biologik anomaliya (nonormal­lik)larni aniqlab beradigan ob’ektlar ustida ham izlanishlar olib borilayapti, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining laboratoriya mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Lutfulla Hamidov. — Biroq ilmiy asosda biologik anomaliya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shug‘ullanayotgan seysmologik markazlar haqida eshitgan emasman. Yaponiyalik olimlar baliqlar, xitoyliklar kalamushlarda tajribalar olib borishgan. Ammo ular hali jahonda bir butun tizim sifatida shakllangan emas.
Zilziladan oldin bo‘ladigan boshqa anomaliyalar ham mavjud. Masalan, yer ostida radon moddasining miqdori ma’lum miqdorda o‘zgaradi. Bu borada ilmiy izlanishlar olib borilgan. Shuningdek, yer qobig‘ining geomagnit maydonlaridagi o‘zgarishlar, deformatsiyalarni kuzatish bilan zilzilani oldindan aytib berishga harakat qilinmoqda. Lekin dunyoda uni oldindan uzil-kesil aytib beradigan standartlashtirilgan tizim yaratilgan emas.
Joriy yilning 19 iyulida Respublikamiz Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Aholini zilzilalar oqibatida yuzaga keladigan vaziyatlarda (tabiiy va texnogen tusdagi) harakat qilishga tayyorlash kompleks dasturi» tasdiqlandi. Dasturda jumladan, yer qimirlaganda ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini, talabalarni to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash, fuqarolar yig‘inlari, «Mahalla posboni» jamoat tuzilmalari a’zolarini joylarda zilzilalar oqibatida yuz beradigan favqulodda vaziyatlarda birinchi avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etish va o‘tkazishga o‘rgatish, zilzilalar ro‘y berish xavfi yuzaga kelganda aholining xatti-harakatlarini ko‘rsatib beradigan turli ko‘rinishdagi qisqa metrajli o‘quv, ilmiy-ommabop filümlar hamda videoroliklar yaratish, OAVda maxsus ruknlar, viktorinalar, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarni bos­qichma-bosqich tashkil etish kabilar asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Bugungi kunda dasturda ko‘rsatilganlar yuzasidan Fav­qulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i Komiljon Abdunabiev quyidagilarni bayon etdi:
— Ayni paytda «Yoshlar» telekanali bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida hujjatli film suratga olinmoqda. Shuningdek, «Vaziyat» gazetasida favqulodda vaziyatlarda harakatlanish qoidalariga bag‘ishlangan maxsus rukn tashkil etildi. «Yoshlar» telekanalida havaskor qutqaruvchilar jamoalari o‘rtasida «Katta o‘yin» televizion musobaqasi muntazam ravishda tayyorlanib, efirga uzatilmoqda. Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ta’lim muassasalarida «Fuqaro muhofazasi kunlari», «Yosh qutqaruvchi» tadbirlari reja asosida tashkil etilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, dasturda keyingi yillarda mustahkam xususiy uy-joy qurilishi bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqish, 8-9 balli zilzila yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan aholi punktlarini seysmik mikrorayonlashtirish kabi masalalarni amalga oshirish belgilangan. Bu haqda Seysmologiya instituti mutaxassisi Lutfulla Hamidovning fikrlarini o‘rgandik:
— Hozir institutimiz va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan maxsus qo‘llanma tayyorlanmoqda. Unda zilzila nima, qanday talafotlarni keltirib chiqaradi, yer silkinishlariga shay turish qoidalari, hozir O‘zbekistonda qurilayotgan inshootlar nechog‘li mustahkam qurilayapti, degan savollarga mufassal javob topish mumkin. Qo‘llanma maktablar, akademik litsey va kollejlarga tarqatilishi mo‘ljallangan.
Biz 2011 yil 20 iyulda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng Farg‘ona viloyatining Rishton, Oltiariq, Bag‘dod tumanlarida bo‘lib, u yerdagi ahvol bilan tanishdik. Ma’lum bo‘ldiki, arxitektura talablari asosida qurilgan biror ob’ekt, uylar zilziladan shikastlanmagan. Aholi tomonidan qurilgan xususiy uylarning sifati haqida esa bunday deb bo‘lmaydi.
Har bir hududning o‘ziga xos seysmik xavflilik darajasi bor. Qurilish tashkilotlariga ekspertiza tekshiruvidan ke­yin loyiha tayyorlashga va uy-joy qurishga ruxsat beriladi. Bunday uylar uchun loyihalar tuzishda hududlarning zilzilaga bardoshlilik darajasi aniqlangan ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi. Xususiy qurilishlarda esa aksariyat hollarda bu qoidalarga rioya qilinmaydi. Shuning uchun ham ular kuchli zilzilalarga bardosh bera olishmaydi.
Uy-joy odamlar uchun ham qulay, ham uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim.  Zero, tabiiy ofatlarga bardosh bera oladigan pishiq g‘isht­li uy-joy qurganga nima yetsin.  
Fozil JABBOROV,
«Hurriyat» muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM