Daraxtlar sayyoramiz ekologiyasida ham juda muhim rol o‘ynaydi. Aniqroq aytganda, ular nafas olishimiz uchun kerak bo‘lgan kislorodni ishlab chiqaradi. Shaharlardagi daraxtzorlar boshqa hududlarga nisbatan yozda havo haroratini 3-4 darajaga pasaytiradi. Havo tarkibini 85 foizgacha turli xil gaz, changlardan tozalaydi, shovqinni 10-12 detsibelgacha pasaytiradi. Bir gektar o‘rmondagi daraxtlar 900 kilogramm korbonat angidiridni yutib, 600 kilogramm kislorodni havoga chiqaradi. Bir gektar qarag‘ayzor o‘rmoni bir yilda 30 tonnagacha changni yutadi.
Qolaversa, yeydigan taomimiz, kiyadigan kiyimimiz, dori-darmonimiz manbai ham aynan daraxtlardir. Zarur paytda ulardan yoqilg‘i sifatida ham foydalanamiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 13 million gektarga yaqin o‘rmonzor turli sabablarga ko‘ra yo‘q bo‘lib ketar ekan. Bu judayam achinarli holatdir. Shu bois keyingi yillarda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotir.
Yurtimizda ham daraxtlarni asrab-avaylash, ko‘paytirish borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, kuz va erta bahor paytlari respublikamiz bo‘yicha daraxt ekish ommaviy tus olayotgani diqqatga sazovor. Misol uchun poytaxt shahrimiz Toshkent ko‘chalariga, xiyobonlariga ekilgan, ayni paytda atrofni fayziyob etayotgan archalarning dillarga quvonch, tanimizga esa musaffo quvvat bag‘ishlayotganini alohida ta’kidlash zarur. Bundan tashqari, mamlakatimizda 100 yoshli daraxtlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularga muhofaza etiladigan tabiiy yodgorliklar maqomi berilishi atrof-muhit masalasi doimiy e’tibordaligidan dalolatdir. Hozirgi kunda bunday daraxtlar soni 1014 tani tashkil etadi.
Ma’rifat MAVLONOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
Gap sonda emas, sifatda
Ustozlarimiz har gal darsga kirganlarida qo‘llarida kamida 4-5 ta kitob bo‘ladi. Ular bizga nafaqat mavzuga oid adabiyotlarni, balki sohaga doir fikrlarimizni to‘ldiradigan, dunyoqarashimizni kengaytiradigan kitoblarni ham o‘qishni tavsiya etishadi. Shu paytga qadar e’tiborimizga havola etilgan asarlarning birortasi talabalarga manzur bo‘lmaganini eslay olmayman.
Darhaqiqat, kitob tanlash, o‘qish ham kishidan yuksak did talab etadi. Chunki, inson ko‘p kitob o‘qib, hech narsa uqmasligi ham mumkin. Bu o‘sha asarlarda ilgari surilgan g‘oyalar, bildirilgan fikrlarning qay darajada mag‘zi to‘qligi, boshqacha aytganda, kitobning mazmun-mohiyati bilan bog‘liq masala. Shekspirning «Gamlet»i, Dantening «Ilohiy komediya»si, Alber Kamüyuning «Begona»si, Bulgakovning «Usta va Margarita»si, Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» asarlari butun dunyoda sevib o‘qiladigan ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Yillar, asrlar o‘tsa ham ular o‘z mohiyatini yo‘qotmaydi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Bugun kutubxonalarimiz, kitob do‘konlari turli qo‘llanmalar, risolalar, darslik va badiiy asarlar bilan to‘la. Ammo dunyo adabiyotini ummonga mengzasak, ulardan «bir tomchisi»nigina ona tilimizda o‘qish imkoniyatiga egamiz. Vaholanki, Tolstoy, Turgenev, Gogol, Chexov, Lermontov, Dostoevskiy, Jek London asarlarining ham o‘zbek tilida nashr qilinganiga ancha bo‘lgan, lekin hozir ularni topish juda mushkul. Bu ham mayli, negadir, o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari bo‘lgan Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Murod Muhammad Do‘st singari qator yozuvchi va shoirlarning saylanmalari ham nihoyatda tanqis. O‘z-o‘zidan ayonki, yuqorida nomi zikr etilgan adiblarning kitoblari o‘rnini turli yengil-elpi «asar»lar egallab olayapti. Bu yaqin kelajakda kitoblar olamidan lazzat tuyish hissining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Adabiyotning vazifasi — ezgulikka xizmat qilish. Kutubxona va kitob do‘konlarida ana shu dolzarb va ulug‘vor vazifaga xizmat qiluvchi asarlar yanada ko‘paysa, bu faqat foydadan xoli bo‘lmasdi. Umid qilamizki, noshir va tarjimonlarimiz asarlarni nashr etishda bu haqda yana bir bor o‘ylab ko‘rishadi.
Shahribonu IMOMOVA,
O‘zDJTU xalqaro
jurnalistika fakulteti talabasi
|