Jamoat fondi loyihasi

11 Avgust 2011 13:17
ISLOHOTLAR — HUJJATLI FILMLAR KO‘ZGUSIDA
Istiqlolimizning 20 yillik bayrami munosabati bilan «Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturida «O‘zbekkino» Milliy agent­ligi, O‘zbekis­ton Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi oldiga talay vazifalar qo‘yilgan. Bu hujjatli va ilmiy-ommabop film­lar yaratishning o‘ziga xos maktabini shakl­lantirgan studiyamiz ijodkorlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklagani tabiiy hol, albatta.
Zero, jamiyatimiz hayotida yuz berayotgan ulug‘ o‘zgarishlar san’at turlariga mo‘l-ko‘l ozuqa berishi shubhasiz. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yaratilayotgan filmlarimizda ham ana shunday tamoyillar asosiy o‘rinni egallab turgani ijodiy yutuqlarimizning bosh omili hisoblanadi.
Insoniyatning qadim tarixi silsilasida «ozodlik» tushunchasi hamisha yuksak qadr-qimmatga ega bo‘lib kelgan. Bu bejiz emas, albatta. Ozod va erkin, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritgan xalqlargina porloq kelajak sari sobitlik va ishonch bilan qadam tashlagan holda, taraqqiyotga erishganlar. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilligi boshida xalqimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgani, shubhasiz, buyuk hodisa o‘laroq tarix sahifalarida muhr­landi. Bugun ajdodlarimiz qonlari to‘kilgan shu muqaddas zaminda unib-o‘sib, uning havosidan bahramand bo‘lgan har qanday inson, millatiyu irqidan qat’i nazar, tuganmas faxr-iftixor tuyg‘ularini his etishi tabiiy. Binobarin, Yurtboshimiz aytganlaridek, Vatanga muhabbat tuyg‘usi barcha tuyg‘ulardan ulug‘roq va muqaddasroqdir.
Yurtimiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyo­siy, madaniy-ma’rifiy hayotimizning barcha jab­halarida erishilgan ulkan yutuqlar, ro‘y bergan o‘zgarishlar tarix solnomasining yorqin sahifalarini tashkil etadi. Ushbu yutuqlarni, xalqimizning buyuk kelajak yo‘lida olib borayotgan bunyo­dkorlik ishlarini kino lentalariga muhrlash muhim vazifalar sirasiga kiradi. Ayni shu maqsadda suratga olingan «Bebaho boylik» (muallif — Sh.Bo‘tayev, rejissyor — E.Mamedov) hujjatli filmidir. 26 daqiqali bu filmda sog‘­liqni saqlash tizimida istiqlol yillarida olib borilgan islohotlar aks etgan. Muhtaram Prezidentimizning «Hammamizga ayonki, oila sog‘lom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat barqarordir», degan so‘zlari filmning bosh g‘oyasi sifatida o‘rtaga qo‘yilgan.
Istiqlol yillarida yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu yangilanishlar esa, o‘z navbatida, xalqaro andozalar darajasidagi tibbiy xizmat tizimini barpo etish, har jihatdan barkamol avlodni voyaga yetkazish, xalqimizni yanada sog‘lomlashtirish yo‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratdi. Ayniqsa, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning 1999-2005 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturining qabul qilinishi bilan tibbiy xizmatning o‘ziga xos milliy modeli shakllantirilib, sohada ilg‘or uslublar hayotga joriy etila boshlandi. Xususan, davlatimiz jahonda birinchilardan bo‘lib ayollar salomatligini yanada mustahkamlash uchun polivitaminlarni bepul yetkazib berish amaliyotini o‘tkazishi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida tanlagan milliy modeli yuqori baholanib, Yevropadagi eng rivojlangan mamlakatlarga namuna sifatida ko‘rsatildi. 2010 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa Hududiy komissiyasining Moskvada bo‘lib o‘tgan 60-sessiyasida unga a’zo davlatlar dunyodagi faqat ikki davlat — O‘zbekiston va Shveytsariyani xalqaro tashkilotning Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga bir ovozdan yakdillik bilan saylashdi. Endi O‘zbekiston nafaqat o‘zini yoki mintaqa, balki butun dunyo mamlakatlari manfaatini ham jahonning eng yirik xalqaro tashkiloti oldida himoya qiladi.
Prezidentimiz 2010 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan oliy darajadagi yalpi majlisida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, ayni paytda yurtimizda onalar o‘limi darajasi 2 baravar, bolalar o‘limi 3 baravar kamaydi. O‘tgan yigirma yil mobaynida odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollarning umr ko‘rishi esa 75 yoshgacha oshdi. «Bebaho boylik» filmi tizimdagi mana shunday o‘zgarish va yangilanishlarni o‘zida mujassam etgan. Filmda, shuningdek, qishloq vrachlik punktlari bazasi mustahkamlangani, ixtisoslashtirilgan markazlar hamda sohada yangi — shoshilinch tibbiy xizmat tizimini tashkil qilish, kadrlar tayyorlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilgani aks etgani ham ahamiyatlidir.
«Islohotlar inson uchun» degan so‘zlar zamirida istiqlol yillarida barcha sohalarda aholi uchun yaratilgan qulayliklar o‘z tajassumini topgan. Studiyamizda shu nomda A.Boqiev rejissyorligida yaratilgan hujjatli filmda mamlakatimiz temir va avtomobil yo‘llari, havo yo‘llari hamda axborot kommunikatsiyasi sohasida amalga oshirilgan islohotlar aks etadi.
Ma’lumki, yo‘llar ellarni, mamlakatlarni bir-biriga tutashtiruvchi eng muhim vosita sanaladi.
Qadim-qadimdan savdo-sotiq rivojlangan yurtimiz Buyuk ipak yo‘li orqali dunyoning to‘rt tomoni bilan mustahkam aloqada bo‘lgan. Shu tariqa ilmu ma’rifat, madaniyat misli ko‘rilmagan darajada gurkirab o‘sgan, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz shon-shuhrati olamga yoyilgan. Mustaqillik yillarida esa eng zamonaviy talablarga javob bera oladigan avtomobil va temir yo‘llari qurildi, sayyoramizning istalgan nuqtasi bilan bog‘lay oluvchi havo yo‘llari ochildi, yuksak texnologiyalarga asoslangan kommunikatsiya tizimlari amalga tatbiq etildi. Endilikda mamlakatimizda bu tizim xalqaro andozalar darajasida yuksalib, uning barcha tarmoqlari o‘zaro uyg‘unlikda zamon talablari darajasida rivojlanishning bosqichlarini bosib o‘tdi.
Aholining og‘irini yengil qilib, o‘z fuqarolarining manfaatlarini himoya qila olgan jamiyatgina ulug‘ istiqbolga munosibligi haqida insoniyat qadim-qadimdan orzu qilib kelgan. Davlatimiz aholining uzog‘ini yaqin qilish, yo‘llar qurish, ko‘priklar bunyod etish, bugungi til bilan aytganda, qulay infratuzilma muhitini barpo etish maqsadidagi tinimsiz g‘amxo‘rliklari zamirida xalq manfaati yotadi. Transport tizimining yana bir sohasi, avtomobil yo‘llari haqida so‘z ketgudek bo‘lsa, ko‘z o‘ngimizdan beixtiyor o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar qatnab turgan ravon yo‘llar o‘tadi. Bu go‘zal va yoqimli manzara istiqloldan avvalgi holat bilan qiyoslangudek bo‘lsa, mamlakatimizda fuqarolarimizning ozod va farovon yashashlari uchun amalga oshirilgan islohotlar zalvorini darhol his qilamiz. Vaholanki, bir enlikkina yo‘lga shunchaki asfalt yotqizish ham mustabidlik davrida markazning ruxsatisiz amalga oshirib bo‘lmaydigan mushkul bir ish ekanligini xalqimiz hali-hanuz unutganicha yo‘q.
Dunyo globallashuvi jarayonida transport kommunikatsiyalari sohasining qadami yetmagan joylarni bevosita telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari sohasi egallaydi. Bu tabiiy jarayon, zero, XXI asrning tarixga «Axborot asri» nomi bilan kirib kelgani ham bejiz emas. Dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekistonda bu sohaga yuksak e’tibor qaratilib, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq aloqa turlarining me’yorida faoliyat ko‘rsatishi hamda ularning jadal rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi. Istiqlol yillarida tarmoqqa doir 11 ta qonun, 6 ta turdosh qonun, Prezidentimizning 3 ta Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 40 dan ortiq qarori va 600 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingani sohani rivojlantirishning muhim me’yoriy-huquqiy bazasini yaratdi. Yurtboshimizning “Kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish haqida gapirganda, yuqori texnologik telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish biz uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etish zarur”, degan ko‘rsatmalari soha xodimlari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Studiya ijodkorlari tomonidan sport mavzuida yaratilgan “Sog‘lom hayot sari” (Muallif — Sh.Bo‘tayev, rejissyor — T.Ahmadxo‘jayev) filmida aholining keng qatlami o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qizlar sportiga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijalarini bolalar salomatligi, ularning vazni va boshqa ko‘rsatkichlarning ijobiy dinamikasini ko‘rsatish, sharhlash orqali chuqur tahlil qilinadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, yurtdoshlarimiz orasida jismoniy tarbiya va sportning keng ommalashuvi O‘zbekiston bayrog‘ining jahon sport maydonlarida baland ko‘tarilishiga imkon yaratdi. Mana shu lahzalarda Vatan sharafi, xalq iftixori, millat g‘ururining namoyon bo‘lishi sportning mamlakat hayotida nechog‘li muhim o‘rin tutishini yaqqol ko‘rsata oldi.
Qadim-qadimdan ajdodlarimiz barkamol avlodni voyaga yetkazishning yo‘l-yo‘riqlari haqida turlicha fikr yuritishgani haqida tarixiy asarlardan yaxshi bilamiz. Prezident Islom Karimov bunday fikrlarni rivojlantirgan holda inson barkamolligining eng muhim jihati sport bilan bog‘liq ekanligiga alohida urg‘u beradiki, bu g‘oyalarning filmda o‘z ifodasini topgani tomoshabinlarning hayotga yangicha qarashlarni shakllantirishlari uchun xizmat qiladi.
Vatanimiz hududida qadim-qadimdan yerga ishlov berish, ekin ekish hamda sug‘orish madaniyati shakllangani haqida tarixiy ma’lumotlar guvohlik beradi. Qadimgi yunon tarixchilari Pliniy, Strabon singarilar Baqtriya, Marg‘iyona yerlarida yetishtirilgan bug‘doy boshog‘ining kattaligi, uzumzorlarning cheksizligi, sholipoyalarga suvni qamab urug‘ undirilishi haqida o‘z asarlarida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirishgan. Darhaqiqat, ajdodlarimiz dehqonchilik kasbini ulug‘lab, dehqon nomini hurmat bilan tilga olishgan. O‘zbekistonning qadimiy yuksak dehqonchilik madaniyati mamlakatimiz mustaqilligi yillarida azaliy o‘zanlariga qaytdi. Bu borada ulug‘vor ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo, paxta yakkahokimligiga barham berilib, fermer xo‘jaliklari tashkil etilishi hamda ularning hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, yurt mustaqilligining muhim omili bo‘lgan g‘alla mustaqilligiga erishilishi, bu jarayonda bosib o‘tilgan murakkab yo‘l endilikda xalqimiz o‘z qaddini tiklab, jonajon yurtimizning gullab-yashnashiga asos yaratdi. “Yashnayotgan zamin” (Muallif va rejissyor — A.Akbarxo‘jayev) hujjatli filmida qishloq xo‘jaligidagi shu kabi muhim masalalar qamrab olingan.
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yilligi dovonida turib ortga nazar tashlar ekanmiz, yurtimizni to‘fonu qasirg‘alardan, tahlikali kunlardan eson-omon olib o‘tib kelgan Yurtboshimizning mustaqillikning dastlabki yillaridayoq O‘zbekiston rivojlanish va taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘lini, “o‘zbek modeli”ni tanlab olgani haqidagi oqilona ko‘rsatmalarini eslaymiz. Bu yo‘l o‘zini nechog‘li oqlaganini, xalqimizni farovonlikka va yorug‘ kunlarga olib chiqqanini bugungi kunda jahon hamjamiyati tan olib turibdi.
Respublika hujjatli va ilmiy-ommabop film­lar kinostudiyasida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan hujjatli film­larda islohotlar ko‘lamini aks ettirish uchun yanayam chuqurroq izlanishlar olib borish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Maqsadimiz yurtimizdagi buyuk o‘zgarishlarni dunyo ahliga namoyish etishdan iboratdir.
Shahodat MURODOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
ilmiy-ommabop va hujjatli
filmlar kinostudiyasi direktori

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM