Jamoat fondi loyihasi

26 Oktabr 2011 20:13
MEHR BORKI, UMR MAZMUNLI
Deraza roshidagi gullarni hech kuzatganmisiz? Tuvaklarni qaysi holatda qo‘ymang, biroz fursat o‘tib, gullar quyosh nurlari tushayotgan tomonga burilib oladi. Erinmasdan, yana o‘zgartirib ko‘ring-chi, tag‘in shu hol takrorlanadi. Hatto derazaga qora parda tutsangiz ham ular tirqishlardan harorat olish uchun intilaveradi...
Toshkent shahridagi “Umr” nogiron-falaj bolalar va o‘smirlarga yordam berish jamoatchilik markaziga hunar o‘rganish maqsadida qatnayotganlar o‘zlarining turmush tarzida keskin o‘zgarish paydo bo‘lganini darhol anglaydilar.
Chunki kasb-hunar o‘rganishga ishtiyoqi baland, ammo imkoniyati chegaralangan o‘g‘il-qizlarni bu maskanda bag‘rikeng, mehri daryo ustozlar bir daqiqa bo‘lsa-da, e’tiborsiz qoldirmaydi. Men ularni beminnat nur — mehr taratayotgan oftobga, o‘quvchilarni esa deraza roshidagi gulga o‘xshatgim keldi. Ko‘rsatilayotgan oqibat qalbi mehrga tashna bu yigit-qizlarni bir oiladek jipslashuvida, hayotga chanqoq dillari malham topishida muhim omil bo‘lmoqda. Eng asosiysi, markaz bolalari kasb-hunar o‘rganishga benihoyat ishtiyoqmand. Yigit-qizlarning ustaxonadagi dastgohlardan bosh ko‘tarmay, berilib ishlashlari fikrimizning tasdig‘idir. Biri gilamcha, boshqasi jemfer to‘qish bilan band, yana biri dastgohda qo‘l telefoni uchun g‘ilof tikmoqda.
— Ertaga onajonimning tug‘ilgan kuni, — deydi o‘zini yunusobodlik Nasiba, deya tanishtirgan qiz naqshlar va gullarni matoga ekib qo‘ygandek chiroyli to‘qigan g‘ilofchasini ko‘rsatarkan. — Hozirgina bitkazdim, endi ozgina bezak tiksam yanayam chiroyli ko‘rinadi.
— Necha yoshdasiz? — So‘rayman uning qo‘lini ishidan olmay davom etayotganiga havasim kelib.
— 23 da, — javob beradi sal o‘ylanib.
— Markazga qachondan buyon qatnaysiz?
— Olti yildan beri.
— Bu yer sizga yoqadimi?
— Judayam! Bu maskansiz hayotimni tasavvur qilolmayman. Ishonasizmi, uyda juda zerikardim. “Umr” haqida eshitdim-u, hayotim o‘zgardi. Chunki oilada yagona qizman, gaplashadigan opa-singlim yo‘q. Mahallamiz qizlariga qo‘shilishga uyalaman, hammaning qarashi har xil. Bu yerda esa undaymas. Hamma opa-singil, aka-uka, ahil, mehribon.
— Hozirgacha nimalarni o‘rgandingiz?
— Mana bunaqa g‘ilofchalar, nimchalar, turli yelpig‘ichlar tikishni o‘rgandim. Choynakpo‘sh, gilamcha va tuvakchalar uchun gul to‘qishni ham. Shu paytgacha anchagina narsalar to‘qigandim, oyimning dugonalari hammasini sotib olishdi. Ana ko‘rgazmaga qo‘yilgan namunalarga qarasangiz, eng yaxshi ishlarimiz ilib qo‘yilgan.
Haqiqatan, devoriy ko‘rgazmani kuzatar ekansan, shunday bejirim ishlar bu markaz bolalarining ijodiy ishlari mahsuli ekaniga lol qolasan kishi. Choynak uchun taqsimcha va qalpoqcha, nimchalar, o‘rindiq uchun gilamchalar, paypoq va do‘ppilar, sandiqchalar xuddi mohir hunarmandning qo‘lidan chiqqandek. Tuvakchalarda “ekib” qo‘yilgan rangli munchoq — gullar va daraxtlarni beixtiyor qo‘lingiz bilan bir ushlab ko‘rasiz. Biram jozibaliki...
— Hamida opam keldi, Hamida opam! — qizlarning  ovozidan beixtiyor o‘girilib qaradim.
Qizlardan biri chopib borib, eshikdan kirib kelgan ayolning qo‘lidan tutdi, yana biri uning yelkasi osha qo‘lini tashlab olgancha bajargan ishlari haqida so‘zlab ketdi. Opa atrofini o‘rab olgan bolalarning biriga barmoqlari bilan, boshqasiga imo-ishora bilan salomlashgan ko‘yi bajarilayotgan ishlarni kuzatdi. Yordam kerak bo‘lganlariga maslahatini ayamadi.
— Naqd olti yil deganda farzand ko‘rganmiz, — deydi markaz rahbari Hamida Hamidova tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan xonaga o‘ta turib. — Onalik baxtidan sarmast bo‘lib yurgan kunlarimiz o‘g‘limda qandaydir o‘zgarish borligini sezib, tezda shifokorga murojaat etdim. Ma’lum bo‘ldiki, o‘g‘lim tug‘ilish jarayonida boshidan lat yegan ekan. Hatto uch yoshida ham qo‘l-oyog‘ini qimirlatolmay bir joyda o‘tirardi. Qayerda yaxshi shifokor yo tabib bor deyishsa, o‘sha yoqqa yugurardik. Tinimsiz muolajalar natija berib, u sakkiz yoshga kirganda yura boshladi. Ammo oyoqlari chalishib, salga yiqilib tushar, shuning uchun uni ko‘pincha yelkamda ko‘tarib yurardim. Ayniqsa, odamlar orasida menga juda og‘ir edi. Zafarjon bilan avtobusga chiqsak hamma bizga achinib qarar, to manzilga yetgunimizcha nigohlari bolamda bo‘lardi. Nuridiydamning sog‘lig‘i salgina yaxshilangach, uni Olmazor tumanidagi 106-kar-soqovlar maktabiga berdim. Beshinchi sinfgacha o‘qishga o‘zim olib bordim, keyin o‘rganib ketdi. O‘sha paytlarda bolam tuzalib ketsa, nogiron bolalarga qo‘limdan kelgancha hunar o‘rgatib, ularga yordam beraman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygandim.
Hamida opa o‘g‘li sekin-asta sog‘aya boshlagach, unga va unga o‘xshagan nogiron bolalarga hunar o‘rgata boshladi. Keyinchalik bolalariga hunar o‘rgatishni iltimos qilib keluvchi ota-onalar ko‘paya bordi. 2006 yili mahalla hududida Yunusobod tuman “Umr” nomli nogiron-falaj bolalar va o‘smirlarga yordam berish jamoatchilik markazini ochdi. Markazga nafaqat tumandan, balki poytaxtning boshqa hududlaridan ham ishtiyoqmand nogiron bolalar kelayotgani sababli hozir Toshkent shahar nogiron-falaj bolalar va o‘smirlarga yordam berish markaziga aylantirilgan. Ayni paytda 100 nafardan ortiq bolaga zardo‘zlik, munchoqlardan gul, manzara tikish, gilamdo‘zlik, tikuvchilik, to‘quvchilik sirlaridan saboq berishmoqda. Bolalarning ayrimlari o‘zlari, ba’zilari ota-onalari ko‘magida hunar o‘rganishga kelishadi.
Bolalar kunlarini maroqli o‘tkazishlari uchun Rustamjon Toshmatov rahbarligidagi “Dilbarim” musiqa dastasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir bayramda ular joylarda o‘z chiqishlarini namoyish etishadi. Bolalarning shod-xurram chehralariga qarab ko‘ngil ko‘tariladi, ota-onalari ham bolalarining intilishidan mamnun. Eng muhimi, imkoniyati turli darajada cheklangan bolalar bu yerda o‘zlarini juda yengil his qilishadi.
— O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shomag‘rupov “iqtidorli bolalar bor ekan”, deya musiqa ansamblimizni kerakli jihozlar bilan ta’minlab berdi, — davom etdi markaz rahbari esdalik suratlari yopishtirilgan albomni birma-bir varaqlar ekan. — Mahalla va savobtalab tadbirkorlarning ko‘magida tikuv mashinalari oldik. O‘z ishlarimiz bilan bir qancha ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelayapmiz, poytaxtimizning go‘zal va tarixiy joylariga sayohatlar uyushtirayapmiz. Yana bir yangilik — markazimizdagi o‘g‘il-qizlarning qobiliyati, ishni tayyorlab yetkazib bera olish imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini ham yo‘lga qo‘ydik. Bu hamkorligimiz kundan-kun mustahkamlanmoqda. Bugungacha o‘n nafardan ortiq bolani ish bilan ta’minlashga erishdik. Korxonalarga shartnoma asosida har oyda 60-70 tagacha mahsulot tayyorlab berayapmiz. Uch-to‘rt nafar yigit uchun poyabzal ta’mirlash ustaxonasi ochishni rejalashtirdik. Xullas, oldinda qiladigan ishlar ko‘p.
Markazdan chiqayotib, bu bolajonlarga hunar o‘rganib, ularning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga, foydali mehnat turi bilan shug‘ullanishlariga hissa qo‘shayotgan maskan xodimlaridan mamnun bo‘ldim va qizlarning shivir-shivirlari yana qulog‘imga chalindi: “Hamida opamning yonlaridan hecham ketgim kelmaydi...” 
Nurxon ELMIRZAYEVA

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM