Mirzanosir otasining san’atkor do‘stlari — Solixon hofiz, To‘ychi hofiz, Shojalil hofiz va Shorahim hofiz, shoir do‘stlari — Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Sobir Abdullalar davrasida kamol topdi, shakllandi. Shu davrada, shu muhitda «Bayot», «Shahnozi gulyor», «Ko‘cha bog‘i», «Chorgoh», «Ushshoq» kuylarini To‘ychi hofiz yo‘lida aytishni o‘rgandi, o‘ziga xos hofizlik maktabini o‘tadi. Uning xarakterli xususiyatlaridan biri Bedil g‘azallaridan 1000 misrasini yoddan bilishi edi.
Qarangki, taqdir taqozosi bilan Mirzanosir hofizning o‘g‘li Bahrom Mirzaraimov ham hofiz bo‘lib yetishmaydi. U — texnolog. Buning sababini Bahrom akadan so‘raganimizda, «boyning o‘g‘li» deb ko‘p dakki yegan otasi hayotda hamma narsadan qo‘rqib yashagan ekan. Shundanmi, farzandlarini ham hamisha panada, o‘z mashg‘ulotlari bilan band bo‘lib yurishlarini, odamlar ko‘ziga ortiqcha tashlanmasliklarini istagan. «Sho‘roning zamoni shunaqa bo‘lgan, — deb xotirlaydi Bahrom aka. — Otamiz ot-ot, qama-qamalardan qo‘rqib, yurak oldirib qo‘ygandilar. Esimda, bolaligimda childirma chalib, xirgoyi qilganimni ko‘rib, childirmani boshimga kiygazib qo‘yganlar. Yana bir voqea: mahalladagi bolalarga qo‘shilib bir quti qurut sotib olganman va uni donalab sotib foyda qilmoqchi bo‘lganimda, qurutni bittalab menga qarab otganlar. Zo‘rg‘a qochib qutulganman».
Ammo ota-bobolarni — Mirzaraimboy, Mirzanosir hofiz, Bahrom akani birlashtirib turuvchi bitta mushtarak nuqta bor. Bu ularning xalqimizdan chiqqan metsenat ekanliklaridir. O‘z tilimizda xayrixoh, homiy, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Ular kasb-korlari turlicha bo‘lishiga qaramasdan fan va san’atga homiylik qiluvchi davlatmand insonlar bo‘lishgan. Bu ularni sifatlash uchun aytilayotgan shunchaki maqtov so‘zlari emas.
Mirzaraimboy xalqparvar, kambag‘alparvar, hamma boylarga ham xos bo‘lavermaydigan sifat egasi bo‘lgan. U faqat o‘g‘li Mirzanosirni emas, balki atrofidagilarning, qarindosh-urug‘lari farzandlarining ham savod chiqarishlariga sababchi bo‘lgan, ularga o‘qishlari uchun moliyaviy yordam bergan. Uning o‘g‘li Mirzanosir ham o‘zining uka-singillarini o‘qitgan, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari yo‘lida yordamini ayamagan.
Mirzanosirning xotini ham o‘ziga o‘xshagan qo‘li ochiq, mehmondo‘st, insonparvar ayol bo‘lgan. Bahrom akaning xotirlashicha, urushdan keyingi yillarning birida uylariga mehmon kelganida choy qaynatishga o‘tin bo‘lmaganidan farzandlari oyoqlaridagi kovushni o‘tin o‘rnida ishlatib, mehmonni choy bilan siylagan, ammo buni mehmonga sezdirishmagan. Bu ta’rif Mirzanosirboy oilasining barcha a’zolariga xos bo‘lgan umumiy chizgidir.
Bahrom aka uylarida sadafdan ishlangan kuldon bo‘lganini eslaydi. Ularning uyiga tez-tez kelib, otasi Mirzanosir hofizdan saboq olib turadigan Ma’murjon Uzoqov, Umar Otayev, Turg‘un Alimatov, Tavakkal Qodirov kabi shogirdlari safida Faxriddin Umarov ham bo‘lgan ekan. Bir kuni Faxriddin Umarov rubobimga sadaf ishlatishim kerak, deb Mirzanosir hofizning kuldonini so‘rabdi. Hofiz hech ikkilanmay kuldonni berib yuboribdi.
Boyning o‘g‘li bo‘lgani uchun Mirzanosir hofiz zamona zo‘rlari ta’qibiga ko‘p uchraganidan qoidaparvar inson bo‘lgan. Shu bois, ikkinchi jahon urushi boshlanganida qo‘lida «bronü» qog‘ozi bo‘lishiga qaramay frontga jo‘nab ketadi. Miltiq o‘rniga soz ko‘tarib frontga borgan hofiz jang maydonida asirga olinadi. Tutqunlikdan uni aynan ana shu sozi qutqaradi.
Asirligida undan «Qayerliksan?» deb so‘rashganida, «O‘zbekman» deb javob beradi. Nemislar o‘zbeklar kimligini bilishmas ekan. Shunda hofiz etigining qo‘njidan nayini chiqarib, o‘zbekcha kuy chalib berib, nemislarni lol qoldiradi. «Nemischa kuy chalishni ham bilasanmi?» deb so‘rashganida, u radiodan eshitgan bir kuyni chalib beradi. Mirzanosir hofizning san’ati nemislarga yoqqanidan uni bir badavlat nemis oilasining farzandlariga musiqadan dars berishini so‘rashadi. U bu oilada halol mehnat qilgani uchun urush tugagach, badavlat xonadon sohibi unga uyga qaytishiga yordamlashgan ekan. Ona yurtga qaytgach, Mirzanosir barcha harakatlarini uka-singillari, farzandlarini o‘qitishga, odamlarga yaxshilik qilishga qaratadi.
Bahrom aka ham homiylikda, odamlarga yaxshilik qilishda bobosi Mirzaraimboy, otasi Mirzanosirdan qolishmaydi. Undan «Otangizning qaysi xislatlari sizga o‘tgan?» deb so‘raganimizda: «Otam rahmatli yurt mustaqilligini qalbdan istardi. Bu kunlarni ko‘rish otamga nasib etmaganidan juda afsusdaman. Shu bois, ishlarini davom ettirishga — xalqqa xizmat qilishga harakat qilaman. Men ham otam kabi qonunparvarman, g‘irromlikni yomon ko‘raman. Qo‘l ostimda ishlayotgan yoshlarning o‘qishiga yordam beraman, o‘qishlari uchun korxonam hisobidan shartnoma pullarini to‘lab turaman. Mana yaqinda ham bulung‘urlik Uyg‘un Bekbo‘tayevning shartnoma pulini to‘ladim. Bu yigit O‘zbekiston Milliy universitetining iqtisod fakultetida o‘qiydi. Kelajakda yaxshi iqtisodchi bo‘lib yetishsa, bog‘imda yetishgan hosil, deb bilaman. Yoshim saksonga qarab ketgan bo‘lishiga qaramasdan ishlab charchamayman, ishda yoshlardan orqada qolmaslikka harakat qilaman, kompyuterda ishlashni, faksdan foydalanishni o‘rgandim», — deydi u.
Bahrom akaning besh nafar farzandi bor. Biz undan: «Sizning farzandlaringiz ham qo‘li ochiqlikdan begona emasmi? Ularning orasida hofizlikka mehr qo‘yganlari bormi?», deb so‘raganimizda, shunday javob berdilar: «Farzandlarimning ichida hofizlari yo‘q, lekin soz chalishni bilishadi. Endi qo‘li ochiqlik masalasiga kelsak, mendan tashqari, aka-ukalarim ham fan va san’at yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan yoshlarga baholi qudrat yordam berishadi. Metsenatlik faqat homiylik qilish degani emas-da. Farzandlarim atrofidagilardan qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi. Mening hayotda erishgan eng katta yutug‘im — farzandlarimga onasi bilan birgalikda kerakli tarbiyani bera olganimiz uchun ular bizga ortiqcha tashvish orttirmadilar».
Bu suhbatdan so‘ng men farzandlar quruq nasihatni emas, balki amalda, ota-onalari misolida ko‘rganlariga tayanib, tarbiya olishlariga yana bir bor ishonch hosil qildim. Shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati markazida ishlaydigan Kamola mamlakatimizga tashqaridan olib kirilgan oziq-ovqatlarni tekshirayotganda hech kimga yon bosmasdan, to‘g‘ri tahlil qilishini, margarinni sariyog‘ o‘rniga o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga xulosa yozib bermasligini kulib aytib berdi. O‘g‘illari Latif bo‘lsa: «Oilada pul jamg‘arilsa, so‘mda jamg‘aramiz, chunki dodam so‘mimizning qadriga yetishni tayinlaydilar. To‘yona qiladigan bo‘lsak ham o‘zimizning so‘mda ehson qilinglar, mustaqilligimizning qadriga yetinglar, deb uqtirishdan charchamaydilar», — dedi.
Bizni bu uch avlodga xos bitta chizgi — ularning metsenatligi bilan bir qatorda, Bahrom akaning yetti avlodini bilishi, ular haqida ma’lumotlarga ega ekani xursand qildi. Meni bu mamnun etdi. Darhaqiqat, yetti pushtini bilgan odam, o‘z yurti va yurtdoshlari tarixini biladi. Bunda hikmat ko‘p.
Ra’no IBROHIMOVA,
filologiya fanlari doktori
|