Jamoat fondi loyihasi

12 Oktabr 2011 16:45
«QUYOSH»DAGI QALBI QUYOSH ODAMLAR
Parkent tog‘larining feruzarang jilosi, tanga xush yoquvchi mayin havosiyu zilol suvlari ko‘pchilikni bu go‘sha tomon talpintiradi. U yerga bir marta tashrif buyurib, hordiq chiqargan, sodda, samimiy va mehnatkash odamlari bilan hamsuhbat bo‘lgan kishi, albatta, uni yana qo‘msaydi.
Tumandagi Hisorak qishlog‘i nafaqat azim viloyatning, balki mamlakatimizning eng go‘zal maskanlaridan biri.
Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli «Quyosh» majmuasi joylashgan bo‘lib, qishloq tarkibidagi to‘rtta mahallaning biri xuddi shunday nomlanadi. Mahallaning turli millat vakillaridan iborat 2218 nafar aholisi o‘zbekona lutfu karam, qo‘ni-qo‘shnichilik, mehr-muruvvat kabi ezgu an’a­nalar asosida tinch-totuv umrguzaronlik qilishmoqda.
Betakror tabiatli hududning billurday sof havosidan bahramand bo‘lmoq uchun sayrga chiqsangiz, biri biridan ko‘rkam hovli-joylar, obod va shinam ko‘chalar, yengil shabadada chayqalib raqs tushayotgan yam-yashil daraxtlarni ko‘rib ko‘nglingiz ko‘tariladi, mehnatkash va orasta eliga mehringiz tushadi. Ayniqsa, ulkan toshlar uzra ost­ma-ust joylashgan o‘n to‘rtta ko‘p qavatli uy e’tiboringizni tortadi. 348 ta xonadondan iborat uylarning yon-atroflari, yo‘laklar toza, ozoda. Bir tekisda saf tortgan archa, teraklar, yo‘laklar qarshisida qiyg‘os ochilgan atirgullar uyboshilarining o‘z ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yganidan dalolat beradi.
— Ko‘p qavatli uylarimizning hammasi, ko‘rib turganingizdek, biri biridan namunali, — deydi hamrohimiz, mahalla raisining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olima Shermatova. — Ayniqsa, 4- va 11-uylarda yo‘lga qo‘yilgan tartib-intizom, qo‘ni-qo‘shnilarning o‘zaro samimiy munosabatidan ibrat olsa arziydi.
Ko‘p qavatli to‘rtinchi uyda rus, tatar, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur millatlariga mansub kishilar ahillikda istiqomat qilishadi. Uyboshi Sebiya Useinova xonadon sohiblarining fe’l-atvorlarini, oilaviy sharoitlarini yaxshi bilgani bois, har birining qalbiga yo‘l topa oladi. Ularni obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish kabi ezgu ishlarga boshlaydi. Bu yerda voyaga yetayotgan yosh o‘g‘il-qizlarning tarbiyasida ham hech kim beparvolikka yo‘l qo‘ymaydi.
— Bir eshikdan kirib chiqqan odamlar bir oila a’zolari hisoblanadi. Demak, biz ham katta oilamiz. Yaxshi-yomon kunlarda yelkadosh bo‘lish, farzandlar tarbiyasida sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik eng asosiy vazifalarimizdan, — deydi Sebiya opa.
Shu payt bir ayol o‘spirin qizi bilan og‘ir sumkalarni ko‘targancha kelib qoldi. Aftidan, ular bozordan qaytishayotgandi. «Bunisi Halima ayangning bozorligi. Olib chiqqin-da, bira to‘la xonalarini ham tozalab ber», — dedi ayol qiziga. Qizaloq: «Xo‘p bo‘ladi, oyijon!», degancha uchinchi qavatga g‘izillab chiqib ketdi.
Halima aya Daminova, Mamlakat aya Mirzaqulovalar shu uyda yashaydigan yolg‘iz qariyalar. Ammo ularni aslo yolg‘iz deb bo‘lmaydi. Chunki onaxonlarning eshigidan qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlar arimaydi. Ayniqsa, uyida tansiqroq taom pishirgan qo‘ni-qo‘shni borki, albatta, undan nuroniylarga ilinadi.
— Insonning bir kosa ovqat bilan qorni to‘yadi, ammo mehrdan to‘ygan odam topilmasa kerak, — deydi Halima aya. — Qarangki, jigarlarimni yo‘qotgan bo‘lsam-da, ko‘nglimga eng yaqin odamlarni qaytadan topgandekman. Ularning samimiyati, mehr-oqibati tufayli ayriliq azoblariga bardosh berdim. Ba’zan arzimagan sabablar tufayli tushkunlikka tushgan odamlarni ko‘rib, to‘g‘risi, hayron qolaman. Axir seni qadrlab, qiyinchiliklaringga yelka tutib turgan, faqat yaxshilik sog‘inib yashaydigan insonlar orasida xafagarchilikka o‘rin qoladimi?!
Ha, tinchlik va farovonlik, baxt, mehr-oqibat hukm surgan joydagina xursandchilik bo‘ladi. Qalbi bexavotir insonlargina totuv, ahil bo‘ladi. «Sal ko‘rmasa, quyosh sog‘inadigan» maskan «Quyosh» mahallasi ahlining qalb harorati ham asl oftob taftidan qolishmaydi.
Yulduz HOJIYEVA

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM