Ko‘chadan o‘tib ketayotgan odamlar ana shunday shovqin-suron eshitilayotgan xonadonga ajablanib qarab qo‘yishar, uch-to‘rt hangomatalab qo‘shnilar esa darvozadan mo‘ralardi. Ma’lum bo‘lishicha, bir yil avval qizini shu xonadonga uzatgan ota kuyovining nojo‘ya xatti-harakatlari xususida uning ota-onasiga aytgan, ammo hech qanday naf bo‘lmaganidan so‘ng o‘rtaga tushgan sovchilarni surishtirgan ekan.
Ajdodlardan o‘tib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlarimizdan biri — sovchilik shunchaki birovning ko‘nglini olish emas, balki juda mas’uliyatli vazifa sanaladi. Sovchilar sabab bo‘lib, bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan ikki yoshning boshi qovushadi, yetti yot begonalar o‘rtasida o‘zaro mehr, hurmat rishtalari paydo bo‘ladi. Shu bois, azaldan sovchilikka kayvoni, el orasida obro‘-e’tiborli fozil kishilar tanlangan. Afsuski, bugun ikki yoshning taqdirini hal qilishda muhim bo‘lgan ana shu an’anadan ko‘ra bir necha soat ichida o‘tib ketadigan to‘yga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
Tan olish kerak, bugun baxtli, tinch-totuv yashayotgan, ibrat olsa arzigulik oilalar ko‘p. Biroq sholi kurmaksiz bo‘lmagani kabi ba’zan yosh oilalar turli vajlar sabab qo‘ydi-chiqdigacha borishadi. Bunda hamma aybni faqat o‘sha oiladan emas, boshqa omillardan ham izlash kerakka o‘xshaydi. Shulardan biri sovchilikdir. Binobarin, yuqorida tilga olingan mojaroda otaning sovchilarni chorlagani ham bejiz emas.
... Bir kuni qo‘shni qishloqdan kelgan qarindoshimiz buvimga oilaviy hayotidan hasrat qildi. O‘shanda buvim: “Eh, umr savdosi juda qiyin ekan-da. Qizdir, yigitdir baxtli yashab ketsa-ku, xo‘p-xo‘p, mabodo yulduzi-yulduziga to‘g‘ri kelmasa-chi? Umr savdosining katta g‘avg‘osi, tuganmas azobi shu bo‘ladi”, — degan edi. Bolaligimda yodimda qolgan bu gaplarning mazmunini yanada ulg‘aygach, angladim. Demak, shunday g‘avg‘olarga qolmaslik uchun ham sovchilardan hushyorroq, mas’uliyatliroq bo‘lish talab etiladi.
O‘shanda buvim o‘zlari guvoh bo‘lgan bir voqeani aytib bergan edi. Qishloqdagi piru badavlat otaxon — mulla Temir boboni kattayu kichik birdek hurmat qilar, sovchilikka u kishi borishi har ikki tomon uchun ham faxr hisoblanar ekan. Bir kuni u kishi sovchi bo‘lib barpo etilgan yosh oilada nizo kelib chiqib, kuyov kelinchakni onasinikiga jo‘natib yuboribdi. Bu gap qulog‘iga yetib borgan Temir bobo darhol otiga minib kuyovnikiga ravona bo‘libdi. Ko‘cha boshida daladan qaytayotgan kuyovga duch kelibdi-yu: “Hali senmi, xotinni qo‘yib yuboradigan”, deb rosa ta’zirini beribdi. Tavbasiga tayangan kuyov o‘sha kuniyoq xotinini uyiga olib kelgan ekan. Bundan ko‘rinib turibdiki, an’analarimizning asl gavharlaridan biri — sovchilik nihoyatda yuksak qadrlangan, sovchilar esa har ikki tomon uchun mas’uliyatni birdek his etgan.
Shu o‘rinda dugonam so‘zlab bergan bir voqea esimga tushdi. Uning aytishicha, uzoq ovulda yashaydigan qiz shaharda o‘qib, shifokorlik kasbini egallab, o‘z yurtiga qaytadi. Uyidan sovchilarning oyog‘i uzilmaydi. Ajablanarlisi, u ne-ne oliy ma’lumotli, o‘ziga to‘q yigitlarga emas, balki oddiy bir cho‘ponga turmushga chiqadi. Eng qizig‘i, bunda sovchilarning xizmati katta bo‘lgan ekan. Ya’ni cho‘pon yigit tomonidan kelgan oqsoqollar qizning ota-onasiga turmushning pastu balandini, totuv va baxtli yashash uchun boylik, mansab va ma’lumot yechim emasligini nihoyatda sodda va chiroyli qilib tushuntirishganidan ota-ona to‘yga rozilik berishadi. Shifokor qiz va cho‘pon yigit chinakam baxtli turmush kechiradi. Ular bugun o‘n yetti nabira, o‘ttizdan ortiq evaralarning sevimli bobosiyu buvisi bo‘lib, keksalik gashtini surishmoqda.
Yana bir mulohaza. Ba’zan sovchilikka kuyov bo‘lmishning onasi, xolasi, opa-singillari borishi ham odatiy holga aylanmoqda.
“Qizi bor xonadonga sovchi kelishi tabiiy. Ikkinchi qizim tibbiyot kollejini tamomlagan, shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydi. Bir kuni uyimizga ikki ayol kirib keldi. Kutib oldim. Suhbat asnosida ular yigitning onasi va opasi ekani ma’lum bo‘ldi, — deydi bir opaxon shu mavzuda suhbatlashganimizda. — Taomildagi savol-javobdan so‘ng ketishdi. Turmush o‘rtog‘imga bu haqda aytdim. Yigitni surishtirdik. Buni qarangki, yigit birinchi turmushidan ajrashgan ekan. Uni qayta uylantirish uchun ota-onasi chetdagilarni jalb etmagan holda hamma masalani, shu jumladan, sovchilikni ham o‘zlari hal qilishmoqchi bo‘lishibdi. Inson taqdiriga bu qadar sovuqqonlik bilan qarashayotgani uchun ulardan juda ranjidim”.
Oilaning tamal toshi qo‘yilishiga asos bo‘ladigan sovchilik haqida gapirganda, uning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratish o‘rinli. Bugun sovchilikni kasb qilgan insonlar gap-so‘zni qisqa va lo‘nda qilishga juda o‘rganib qolishgan. Ya’ni, asosiy e’tibor tomonlarning moddiy ahvoliga qaratilayotgani, gapning ochig‘i, ayanchli hol. Bir kuni hamkasbim “Mushtum” jurnalidagi “Zamonaviy sovchilar” deb nomlangan suratni ko‘rsatgan edi. Unda aynan yuqoridagi fikr o‘z ifodasini topgan. O‘ta zamonaviy kiyingan ikki ayoldan birining boshida, ikkinchisining esa qo‘ltig‘ida savat olib borayotgani tasvirlangan. Savatlarda bo‘lajak kuyovning qarindosh-urug‘larining mansabi, mol-davlati haqida ma’lumot beruvchi qog‘ozlar uyib qo‘yilgan.
Bir qaraganda bu holat kulgili ko‘rinishi mumkin. Ammo bu kulgu zamirida achchiq kinoya, istehzo yashiringanini anglash qiyin emas. Vaholanki, ikki inson taqdiri hal etiladigan pallada hech qanday mansabu boylikning ahamiyati yo‘q.
Sovchilikda bir-ikki kishi yoxud xonadonning emas, balki mahalla-ko‘yning ham mas’uliyati talab etiladi. Holbuki, Vatan ichra mo‘‘jaz vatan — mahallaning tinchligi, obodligi oilalarning osoyishtaligi bilan belgilanadi.
— Qiz uzatish, o‘g‘il uylantirish masalasida mahalla bilan maslahatlashilsa, bahamjihatlikda ish qilinsa, barpo etilayotgan oilalar yanada mustahkam bo‘lishi ta’minlanadi, — deydi Shayxontohur tumanidagi “Chaqar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisasi Sayyora Muhammedova. — Axir har bir xonadonning pastu balandi, yaxshi-yomoni, ibratli jihatlari ko‘proq mahalla fuqarolar yig‘iniga ayon. Oilalar o‘rtasida yuzaga keladigan turli nizo, muammolarni hal qilishda mahallaning aralashuvi muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olsak, uning sovchilikdagi o‘rni yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Darhaqiqat, har birimizning quvonchu tashvishlarimizga sherik, yaxshi-yomon kunlarda biz bilan yelkadosh bo‘ladigan mahallani hayotimizning ajralmas bo‘lagi, desak arziydi. Shu ma’noda sovchilik masalasida ham mahalla faollari bilan maslahatlashilsa ayni muddao bo‘lar edi.
Hidoyat JO‘RAYEVA,
“Hurriyat” muxbiri |