Ma’lumotlarga qaraganda, 2007 yilda dunyo aholisi soni taxminan 6,7 milliardga yetgan edi. Hozir yiliga o‘rtacha 77 million kishiga ko‘paymoqda. Shuni qayd etish kerakki, jadal ravishda o‘sayotgan aholining 95 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. |
BMT tahlillari natijalariga ko‘ra, 2050 yilga kelib yer yuzida taxminan 10,9 milliard atrofida odam yashashi mumkin. Ta’kidlash joizki, BMTning aholishunoslik borasidagi keng miqyosli va doimiy faoliyati, xususan, uning aholi soni va o‘sish sur’atlari borasidagi tahlillari natijalari dunyo mamlakatlari uchun rejalashtirish dasturlarining samarali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash, demografik statistikani olib borish, ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirish va bu borada qat’iy qarorlar qabul qilinishida muhim ahamiyatga ega.
Bizning respublikamiz ham BMTga a’zo mamlakat sifatida doimiy ravishda aholi o‘sishini hisobga olishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Aholining 60 foizini yoshlar tashkil etib, aholi o‘sishi yildan-yilga oshib bormoqda. Bu borada tegishli qonunchilikni rivojlantirish, ona va bola manfaatlari hamda aholi salomatligi masalalaridagi huquqiy bazani takomillashtirish hamda bu masalalarga davlat siyosati darajasida e’tibor berilishi bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda. Yurtboshimiz qayd etganlaridek, “Ijtimoiy-gumanitar sohada erishilgan marralar — aholini ijtimoiy himoya qilish uchun yo‘naltirilgan davlat xarajatlarining 5 barobar ko‘paygani, turmush darajasining sezilarli ravishda yaxshilangani va buning natijasida onalar o‘limi 2 barobardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 barobar kamaygani, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 yoshga yetganini mamnuniyat bilan ta’kidlasak arziydi”.
Aziza IBRAGIMOVA,
TDYUI talabasi |