Jamoat fondi loyihasi

07 Oktabr 2011 15:41
TOMOSHABIN TALABI
Bozor iqtisodiyoti tovar va mahsulotlar xilma-xilligini talab qiladi. Bu talab, o‘z navbatida, mamlakatimiz kino sohasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda milliy kinolar soni ancha ko‘paydi, o‘zbek kino bozori xilma-xil janrdagi filmlar bilan boyib bormoqda. Masalan, 2010 yili respublikamizda 48 ta badiiy film katta ekran yuzini ko‘rdi. Ulardan 10 tasi davlat mablag‘lari hisobiga suratga olindi. 38 tasi esa xususiy studiyalarda yaratildi. Ammo son bilan sifat mutanosibligi qay darajada? Milliy filmlarning saviyasi, ularning mazmun-mohiyati talabga javob beradimi?
Kino bugungi tomoshabinlarning saviya­si, ularning dunyoqarashi, qiziqishi, fikrlash tarziga qarab yaratilmoqda. Kimdir filmlar talab darajasida emas, desa, yana kimdir ana shunday filmlar bizni qoniqtiradi, deb fikr bildirishadi.
Yana bir fakt. Bundan o‘n yil oldin bo‘shab yotgan kinoteatrlar hozir tomoshabinlar bilan to‘lgan. Demak, milliy filümlar tomoshabinlarni jalb etyapti. Eng muhimi, filmlarimiz mamlakatimiz kinoteatrlaridan xorij film­larini siqib chiqarmoqda. 2011 yilning o‘tgan davrida 48 ta film katta ekranlarga chiqarilgan bo‘lsa, ulardan 8 tasi davlat mablag‘lari evaziga, 40 tasi xususiy studiyalar tomonidan suratga olindi. Ular orasida tomoshabinni o‘ylatadigan, yoshlarga ma’naviy ozuqa beradigan kino asarlari ham yo‘q emas. Mazkur filmlarning talab darajasida bo‘lishida professional ijodkorlar, taniqli kino namoyandalarining mehnatlari katta bo‘lmoqda. Taassufki, ba’zi yosh “ijodkorlar”ning shoshma-shosharlik bilan yaratgan “san’at asarlari” haqli e’tirozlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Yetarlicha bilim va tajribaga ega bo‘lmay turib, ham film stsenariysini yozib, ham uni suratga olayotgan va ayni paytda o‘zlari rol ijro etayotgan ijodkorlar uchrab turadi. Yoki sohadan mo‘may pul topish ilinjida kino san’ati, to‘g‘rirog‘i, uni biznesi deb tushunadigan “ijodkorlar” milliy kino bozoriga kutilmagan yangiliklarni olib kirishmoqda. Masalan, yaqinda katta ekranlarga chiqarilgan “Ishonch” nomli filmni olaylik. Film reklamasi har qanday tomoshabinni qiziqtirishi tabiiy. Chunki unda yosh estrada xonandalari (Samandar Hamroqulov, Sharof Muqimov, Otabek Mutalxo‘jayevlar)ning ijrosi tomoshabin e’tiborini tortadi. Lekin film kimningdir havasi yoki ermagi uchun yaratilgani ko‘rinib turibdi. Eng achinarlisi, ushbu film joriy yil hisobidan eng ko‘p tomoshabin yig‘a olgan filmlar qatorida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Joriy yilda katta ekranlarga chiqarilgan qirq­qa yaqin filmlardan 8 tasi badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega, ular professional ijodkorlar tomonidan yaratilgan. “Farzandim”, “Sarob”, “Qora ilon”, “Yigit yig‘lamasin”, “Qutqaring, qariyapman” kabi filmlarni shular sirasiga kiritish mumkin. “O‘xshatmasdan uchratmas”, “Ali, Vali, G‘ani yoxud Nasiba qani?”, “Oling quda, bering quda”, “Er bermoq — jon bermoq”, “Yondiradi-kuydiradi”, “So‘nggi qo‘ng‘iroq”, “Senga muhtojman”, “Mening akam bo‘y­doq”, “Xay-fay bolakay” kartinalari odatiy maishiy masalalar, yoshlar o‘rtasidagi sevgi-muhabbat mavzusiga bag‘ishlangan. “Ishonch”, “Sirli muhabbat”, “Men talabaman-2”, “Saboq” film­lari esa havaskor ijodkorlar tomonidan yaratilgan filmlar hisoblanadi.
So‘nggi paytda tomoshabinlar e’tiborini qozonish maqsadida kinoijodkorlar filmning nomiga katta e’tibor qaratishmoqda. Nom uning mazmuniga mos yoki buning aksi ekani haqida o‘ylab ham ko‘rishmayapti. Bir misol. Odatda so‘nggi qo‘ng‘iroq deganda ko‘z o‘ngimizda maktab bitiruvchilarining hayajonlari gavdalanadi. Ammo ijodkorlar nimaga asoslanib “So‘nggi qo‘ng‘iroq” filmiga shu nomni tanlashganini tushunib bo‘lmaydi. Vaholanki, filmda kollej o‘quvchilari hayoti yoritilgan bo‘lib, turli ijtimoiy muhitda tarbiyalangan yigitlarning o‘zaro do‘stlashib ketishi aks etgan. 
Ma’lumki, “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan har yili davlat mablag‘lari asosida tarbiyaviy ahamiyatga ega, inson ruhiyatiga mos, ayniqsa, yoshlarbop filmlar suratga olinadi. Bu yil katta ekranlarga chiqarilgan “9 oy”, “Qarzdor”, “O‘rgimchak to‘ri”, “Kechikkan hayot”, “Qo‘rg‘oshin”, “Iqtidor”, “Aldangan ayol” hamda “Haqiqat kuni” kabi filmlar respublikamiz kinoteatrlari va mahalliy telekanallar orqali keng namoyish etilmoqda. Ushbu filmlarda xalqimizga xos xarakter, ijtimoiy mavzu, yangicha g‘oyalar aks etgani bilan nodavlat studiyalar tomonidan yaratilgan filmlardan keskin farq qiladi.
Bugun o‘zbek kino bozoridan turli mavzudagi filmlarni topish mumkin. Tomoshabin esa o‘z didiga mos filmni tanlaydi. Vaqt — oliy hakam. Yillar o‘tib, hozirda o‘z ijod yo‘lini boshlagan havaskor kinoijodkorlar ham yanada mukammal kinoasarlar yaratishiga tilakdoshmiz.
Dilfuza MARDONOVA,
“O‘zbekkino” Milliy agentligi bo‘lim boshlig‘i

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM