Keyinchalik «Ming bir kecha»ga kirmay qolgan ertaklar «Bir soatlik xalifa» nom bilan nashr qilingan.
Quyida o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilayotgan hikoya ikki jildlik nusxadan olindi. Arab alifbosidagi so‘z va iboralarni aslida qanday yozilgan bo‘lsa, shunday tarjima qilishga harakat qilindi. Faqat ayrim o‘rinlarda murabba — qavs ichida izoh berishni joiz, deb bildik. Hikoyamiz nomlanishi ham bundan mustasno emas.
Husayn bin Ryon Sharif hikoya qilibdurki, bir kun hazrat Umar (roziyallohu anha) mardum orasida hukm qilmoq uchun o‘lturub erdilar. Hazrat Umar aydilar: «Ani qo‘yunglar va so‘zlaringni deyinglar». Ul vaqt javonlar (javon, juvon — yosh yigitlarga nisbatan qo‘llanadi) kelib dedilarki, «Bizlar ikkovimiz aka-uka tururmiz. Bizlarning otamiz bir qortoyg‘on kishi erdiki, in’om va ahsan bilan qabilalarning ichida ma’ruf va mashhur erdi. Bir kun tafriq uchun o‘z bog‘imizga chiqqon erdi va javon ani o‘ldirubdur. Emdi bizlarni sizdan umidimiz uldurki, nimaiki shariat hukmi bo‘lsa ani ijro qilsangiz».
Umar ul javong‘a qahromiz nazar qilib, «Ey javon, seni javobing nimadur?» dedilar. Ul javon tabassum qilib, fasih til bilan Umarg‘a tahiyyot va sano aytti, so‘ngra aydi: «Azbaroyi xudo, onchaki bu javonlar dedilar — rost dedilar va lekin men o‘z hikoyatimni sizg‘a bayon qilay, so‘ngrog‘i farmon sizgadur. Ey xalifa, men sahronishin arabiylardin tururmen. Vaqtiki qabilamizda qahatlik paydo bo‘ldi. Men ahlu ayolim bilan bu shaharg‘a keldim va meni yo‘lim bu shaharni bog‘larig‘a tushti. Va men bilan tevalar bor erdiki, men alarni do‘st tutor erdim va alarni ichida alalxusus biri bor erdiki, kashiralnasl va malihashkal erdi. Bas, tevalarimdin biri bu javonlarni otolarini bog‘ig‘a boshini uzatubdur. Bir daraxtni shoxi bog‘ni devoridin tushgan erkan, teva ani og‘zig‘a olib sindurubdur. Nogoh, bu javonlarni otosi bog‘din chiqti va kamoli xashmdin ko‘zlaridin o‘t yog‘or erdi va qo‘lida bir tosh bor erdi. Arslonlardek arillab kelib meni tevamg‘a toshni urub erdi va teva toshni zaxmi bilan o‘ldi. Vaqtiki, ko‘rdumki tevam o‘ldi, men g‘azabnok bo‘lub o‘shal toshni olub ani tarafig‘a qarab ottim. Ittifoqo, ul tosh ani halokatig‘a sabab bo‘ldi va bir narsaki ani bilan tevani o‘ldurub erdi, ul narsa bilan o‘zi o‘ldi va ul tosh anga yetkan hamon bir qattig‘ faryod tortti va men ul joydin qochtim. Bu ikki javon meni ortimdin quvdilar va meni ushlab sizni huzuringizg‘a olib keldilar».
Umar aydilar: «Ey javon, qilg‘on jinoyatingg‘a iqror va e’tirof qilding. Emdi senga xolos bo‘lmoq mahol va qasos farzdur» dedilar. Ul javon aydi: «Har naki, Amir al-mo‘‘minin, hukm etsalar men anga itoat qilurmen va shariat xukmi nimaki bo‘lsa men anga rozi tururmen va lekin meni yosh bir ukam bordur. Otam o‘z vafotidin burun anga ko‘b mollarni jud qilg‘ondur va ani ishlarini menga tobshurgondur. Va Xudoyi taoloni guvoh tortub deg‘on erdiki, «bu mol ukangdandur va ani muxofazatida ahtimom qilg‘oysen». Men ul mollarni tufroqg‘a ko‘mg‘ondurmen va mendin boshqa kishi ul makonni bilmas va siz meni o‘ldurmoqg‘a hukm qildingiz, ul mol talaf bo‘lg‘usidur. Farda Mahshar kuni ul sag‘ir haqini sizdin talab qilg‘usidur va agar menga uch kun muhlat bersangiz men borub o‘shal sag‘irni ishini bir kishig‘a topshuray, so‘ngra qoytib kelayin. Umar bir soat boshlarini tuban solub, so‘ngra hozirlarg‘a qarab aydilar: «Kimdurki bu javong‘a zomin (kafil) bo‘lg‘ay?» Ul javon birin-birin hammag‘a qarab Abu Zarga (roziyallohu anha) ko‘zi tushti va aydi: «Muna ushbu kishi menga zomindur», dedi. Umar Abu Zarg‘a qarab aydilar: «Ey Abu Zar, bu javonni qaytub kelmoqig‘a zomin bo‘lursenmi yo yo‘q?» Abu Zar aydilar: «Ori, uch kung‘acha zomin bo‘layin».
Bas, Umar ul javong‘a qaytmoqg‘a ijozat berdilar. Vaqtiki, muddat yaqinlandi. Qariybki, muhlat poyoniga yetgay. Ul javon hozir bo‘lmadi. Umar sahobalar birlan o‘lturub erdilar, Abu Zar ham hozir erdilar. Ul ikki javon kirib keldilar va aydilar: «Ey Abu Zar, bizlarni xasmimiz qani? Qochqon kishi qachon qaytub kelur?» Abu Zar aydilar: «Azbaroyi Xudoki, muddat bitsa va ul javon kelmasa, men zominlig‘img‘a vafo qilurmen va o‘zumni sizlarg‘a topshururmen».
Umar (roziyallohu anha) aydilar: «Vaolloh, ul javon kelmasa, men shariat hukmini Abu Zarg‘a ijro qilurmen».
O‘shal suhbatdagi hozir kishilar Abu Zar uchun yig‘lodilar. Nola va yig‘i ovozi ko‘torildi. Sahobalar ul ikki javondin tamonno qildilarki, qasosdin kechub, xun olg‘aylar. Ul javonlar qabul qilmodilar va «qasosdin boshqag‘a rozi emasmiz», dedilar. Ul vaqt hamma Abu Zarg‘a yig‘lodilar va afsus qilur erdilar. Nogoh ul javon kirib kelib, Umarni to‘g‘rilarig‘a keldi va fasih til bilan salom berdi va peshonasidin terlar oqar erdi. Umarg‘a dediki: «Men ul sag‘irni tog‘osig‘a siporish qildim va molni ko‘milg‘on joyini anga ko‘rsotdim. So‘ngra ahdimga vafo qilub chopub keldim». Hamma ani vafosig‘a va o‘lum sari chopub kelg‘onig‘a taajjub qilub tahsin qildilar. Ba’zi dedilarki, «qandog‘ yaxshi va vafo qilg‘uchi o‘g‘lon erkan». Ul javon aydi: «Ayo, bilmasmusizlarki, vaqtiki ajal yetsa andin qochmoqni imkoni yo‘qdur va men o‘z ahdimg‘a vafo qildim, toki demosunlarki, vafo rusmu jahondin ko‘tarilg‘ondur».
Abu Zar aydilar: «Ey Amir al-mo‘‘minin, vaallohki, men bu o‘g‘long‘a zomin bo‘ldum va hol uldurki, men ani tonumas erdim va bilmas erdimki ul qaysi qabiladin durur va mundin ilgari ani ko‘rganim yo‘q erdi. Va lekin ul vaqtiki hammadin yuzini o‘gurub menga panoh tortti va men ani noumid qaytarmoqni o‘zimg‘a ravo tilmodim va muruvvat ko‘rmadim, toinki xalq demagaylarki, muruvvat oyinai jahondin ko‘torilg‘ondur».
Ul vaqt ul ikki da’vogar javon aydilar: «Bizlar rizoi ilohi uchun otomizni qonini bu javong‘a baxshida qildik, to mardum demagaylarki, ahsan qoidasi olamdin ko‘tarilg‘ondur deb».
Umar (roziyallohu anha) ul javonlarg‘a dedilarki, «Otolaringizni xununi Baytul moldin olingizlar». Alar aydilar: «Xudoni rizosi uchun otomizni qonidin o‘tduk, emdi dunyolikg‘a ko‘z tikmogoymiz», dedilar.
Sur’at ABDUKARIMOV,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan jurnalist |