Insonning hujjati nafaqat uning shaxsi, balki salohiyatini ham belgilab beradi. Talabaning reyting daftarchasi, diplom, shahodatnoma, talabalik guvohnomasi, sertifikat shular jumlasidan. Biroq ba’zida ehtiyotsizlik yo e’tiborsizlik oqibatida ularni yo‘qotib qo‘yish hollari ham uchraydi. Yonimizda olib yurishimiz lozim bo‘lgan hujjatning yo‘qolishi natijasida boshqa muammolar ham kelib chiqishi mumkin. Masalan, bor-yo‘g‘i talabalik guvohnomasini yo‘qotib qo‘ydingiz, deylik. Tabiiyki, oylik yo‘l chiptasi usiz haqiqiy hisoblanmaydi. Shunday ekan, biron hujjat yo‘qolganda nusxasini tiklagandan ko‘ra, uning o‘zini topgan ma’qul.
Xayriyat, jiyanimning muammosi tezda barham topdi. Bunda yo‘qolgan buyum yoki rasmiy hujjatlarni izlash va o‘z egalariga yetkazish bilan shug‘ullanuvchi Toshkent shahar IIBBga qarashli Topilmalar idorasining xizmati katta bo‘ldi. Asosan pasport, guvohnoma, jamg‘arma daftarchasi, diplom, shahodatnoma, turli tashkilotlarning muhr va tamg‘alarini izlash bilan shug‘ullanuvchi mazkur tashkilot bir kunda yuzga yaqin odamni qabul qiladi. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: biror hujjatini yo‘qotgan yurtdoshlarimiz mazkur idoraga qay tartibda murojaat etishadi?
Ma’lum bo‘lishicha, biror hujjati yoki narsasi yo‘qolgan fuqarolar dastlab mazkur idoraga og‘zaki yoki yozma (ariza shaklida) tarzda murojaat qiladi. Shundan so‘ng yo‘qolgan narsalar ikki hafta (uzog‘i bilan bir oy) davomida izlanadi. Agar kutilgan natijaga erishilmasa, murojaat etgan kishiga idora tomonidan tegishli tashkilotlar ko‘magida yo‘qolgan hujjatning dublikatini olishga asos bo‘luvchi maxsus ma’lumotnoma beriladi. Mabodo izlanayotgan hujjat juda zarur bo‘lsa, arizachining ishi tezlik bilan ko‘rib chiqiladi. E’tiborlisi, Topilmalar idorasi fuqarolarga bepul xizmat ko‘rsatadi.
— Dastlabki qidiruv turli viloyat pochtalari orqali kelgan topilmalarni ko‘zdan kechirishdan boshlanadi. Yoshlarning deyarli sakson foizi diplom masalasida kelsa, eng ko‘p murojaatlar pasport bo‘yicha tushadi, — deydi idora xodimasi Laylo Nazarova.
Izlanayotgan hujjatlarning katta qismi (70 foizi) topib berilayotgani idora xodimlarining yutug‘i, albatta.
— Bu yerga kelganlarning deyarli barchasi hujjatlarining tezroq topilishini istashadi, — deydi idora direktori Marina Maksimenko. — Biz imkoni boricha ularga yordam berishga harakat qilamiz. Ayniqsa, nogiron va keksa fuqarolarni urintirmaslikka, ularning muammolarini yaqin qarindoshlari orqali tezroq hal qilishga e’tibor qaratamiz. Ba’zilari hujjatlari topilgandan keyin turli rahmatnomalar yozib ketishadi. Bu kabi dil izhorlari kimni ham quvontirmaydi, deysiz? Mazkur idoraning faoliyati o‘ziga xos, xodimlari esa kasbiga fidoyi. Axir odamlarning mushkulini osonlashtirishdan ham savobliroq ish bormi dunyoda?
Ma’mura YOQUBOVA,
O‘zDJTU talabasi |