Ana shu ezgu maqsadlarni o‘zining dasturilamali deb bilgan Samarqand viloyati nashri – «Zarafshon» gazetasining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida yaqinda muhim voqea yuz berdi – gazetaning 22 minginchi soni mushtariylarga havola etildi.
Yurtimizning keyingi bir asrlik kechmishi «Zarafshon» gazetasi tarixi, rivoji bilan ham bog‘liq. Gazeta o‘z faoliyati davomida o‘ta murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
O‘zbek matbuotchiligi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan gazetaning ilk soni Samarqand jadidlarining to‘ng‘ich nashri sifatida 1913 yil 15 aprelda Mahmudxo‘ja Behbudiyning mas’ul muharrirligida chop etila boshlangan. «Samarqand» nomi bilan haftada ikki qatla, ikki sahifa tarzida nashr etilgan gazetaning shakllanishida Saidrizo Alizoda, Hoji Muin, Fitrat, Rojiy, Siddiqiy-Ajziy, Nurmuhammad Bek o‘g‘li, Kamiy kabi ma’rifatparvar insonlar faol qatnashgan.
Bugungi «Zarafshon» gazetasining tamal toshi shu tarzda qo‘yilgan edi. Ya’ni, sho‘ro hukumati davri tarixchilari tomonidan qayd etilganidek, gazetaning ilk soni «1917 yil aprel»da emas, balki «1913 yil aprel» oyida nashr etilgan. Bu sanani o‘sha davrda Turkiston, xususan, Samarqandda vaqtli matbuotning paydo bo‘lishi, deb ham talqin etish asoslidir.
1917 yil 16 aprel (1 may)dan nashr etila boshlangan «Hurriyat» nashri «Samarqand» gazetasining bevosita davomi va merosxo‘ri hamdir. 1918 yil 11 iyundan e’tiboran «Hurriyat» gazetasi «Kambag‘allar tovushi», oradan ikki yil o‘tib, 14 oktyabrda «Mehnatkashlar tovushi» nomlari bilan chop etilgan. 1922 yilning may oyiga kelib esa gazeta «Zarafshon» nomini oldi. Uning tashkilotchilaridan biri bo‘lgan G‘ozi Yunus Toshkentdan hatto bir necha pud harf, 15 pud qog‘oz hamda ikki nafar teruvchi olib kelganligi manbalarda qayd etilgan. 1924 yilning ikkinchi yarmidan boshlab mazkur nashrga Mo‘min Xo‘ja, 1928 yildan Anqaboy muharrirlik qila boshlaydi. Shu yilning noyabrida «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyati Samarqandga ko‘chirilgach, turli sabablarga ko‘ra «Zarafshon» gazetasini nashr etish to‘xtab qoladi. 1930 yil noyabr oyidan boshlab gazeta yana o‘z muxlislari qo‘liga yetib bora boshlaydi. Shu tarzda u 1931 yildan kundalik nashrga aylanadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, gazeta tahririyati tom ma’noda ma’rifatparvarlik o‘zaniga qaytdi. Ruhan Istiqlolimiz targ‘ibotchisiga aylandi.
Tarix sahifalarida o‘ziga xos iz qoldirgan «Zarafshon» gazetasi bugungi kunda davr ruhiga hamohang, Vatanimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga berilayotgan e’zozu e’tibordan bahramand bo‘lib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tahririyat jamoasi Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev yetakchiligida gazetaning omma bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, uning mazmun-mohiyatini, shakl-shamoyilini zamon talablariga mos nashrlardan biriga aylantirish yo‘lida faollik ko‘rsatmoqda. Bu yerda jurnalist kadrlar mahoratini oshirish, yosh qalamkashlarni topib tarbiyalashda o‘ziga xos maktab yaratilgan.
Endigina boshlangan 2012 yil arafasida yigirma ikki minginchi dovondan osha mushtariylari qalbiga nur olib kirayotgan «Zarafshon» gazetasining manzili uzoq, iqboli porloq. Binobarin, ezgu niyatlar bilan nashr etishga asos solgan ajdod qalam sohiblari orzu qilganlaridek, gazetamizning mamlakatimiz mustaqilligining ilg‘or targ‘ibotchisi bo‘lib qolishiga tilakdoshmiz.
Adham HAYITOV,
«Zarafshon» gazetasi mas’ul kotibi |