Biroq... Jurnalistika shunday tezkorlikni talab qiladigan sohaki, ba’zan o‘ylashga, fikrlashga ham fursat yetmaydi. Axborotni tezda tayyorlab, o‘quvchiga yetkazish kerak! Shuning uchun ham mazkur ikki fikrni yakka nuqtada kesishtira olgan shaxsni professional jurnalist deyish mumkin.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi jurnalistikada ham kamchiliklar talaygina. Ayniqsa, til qoidalariga rioya etish borasida. Shoshqin ish jarayonida bu kamchiliklar soha xodimlariga bilinmasligi mumkin. Biroq chetdan, ayniqsa, tilshunos mutaxassis ko‘zi bilan qaralganda bu ochiq-oydin namoyon bo‘ladi. Kamchiliklarimizni bilish, qolaversa, tahririyat tomonidan tashkil etilgan «Amaliy suhbat» rukni ostida an’anani davom ettirish maqsadida bu gal jamoamizga filologiya fanlari nomzodi, dotsent Ravshan Jomonovni taklif qildik.
— Talabalik yillarimda o‘sha davrda chiqadigan bir qator gazetalarni, jumladan «Toshkent universiteti» (Hozirgi O‘zMU) gazetasini o‘qib, materiallarni tayyorlash jarayonlarida qatnashib, gazetaning o‘ziga xos san’at turi ekanini, uni tayyorlash, chop etish o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini tushunib yetganman, — deydi ruknimiz mehmoni so‘zining avvalida. — U paytlarda gazetalarda «shtamp»dagi «shablon» gaplar ko‘p bo‘lardi. Natijada tilimizda ko‘plab g‘alizliklar yuzaga kelgandi. Bu rasmiy tarjima ko‘pligi uchun edi, albatta. Yillar o‘tib, tilga e’tibor qaratila boshlangach, bari o‘zgardi.
Ona tilimiz badiiy asarlar, gazeta sahifalarida ishlatilayotgan sheva so‘zlari hisobiga boyib borayapti. Shukur Xolmirzayev, Tog‘ay Murod asarlarida shevaga xos so‘zlardan mohirona foydalanilgan. Bu yaxshi, albatta. Masalan, birgina «uvuldiriq» so‘zi avvallari faqat Xorazmda uchrardi. Endi esa bu so‘z «ikra»ning muqobiliga aylanib, tilimizda muqim o‘rniga ega bo‘ldi. Shevaga xos so‘zlarni ommalashtirishda OAV, turli yorliq qog‘ozlari, reklamalar muhim rol o‘ynaydi. Lekin tarjimalar, «sariq» matbuotdagi ayrim maqolalar, ulardagi jumlalar adabiy til me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Futbol sharhlovchilarimizning «ikkinchi qavat», «falonchi falonchini almashtirdi», «to‘pni ushlab olishga muvaffaq bo‘ldi» kabi jumlalarni ishlatayotganlari ham ularning tilimiz va uning imkoniyatlarini to‘liq o‘zlashtirmaganliklaridan dalolat. Bundan tashqari, yana bir so‘zni ko‘p ishlatamiz: «O‘qishli kitob». Nazarimda, o‘qishli kitob bo‘lmaydi. Qiziqarli, o‘qiladigan kitob, deyish mantiqan to‘g‘ri. Gazeta, jurnal chop etamizmi, katta yozuvchi bo‘lib buyuk asar yaratamizmi, har neki qilmaylik, o‘zbek adabiy tili qoidalaridan chiqib ketmaslik kerak.
Til va adabiyot institutining lug‘at bo‘limida ishlagan kezlarimiz har bir shevaga xos so‘zlarni yig‘ib, ularning kartotekasini to‘latib borardik. Keyinchalik 5 tomlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» chop etildi. Bugun bu — millatning katta boyligiga aylandi.
Ba’zan lug‘atshunosligimga borib, gazetalarda uchraydigan ayrim juz’iy kamchiliklarni yon daftarimga qayd etib boraman. Masalan, gazetangizning 2010 yil 22 dekabr sonidagi bir tabrikda shunday kamchilik uchraydi: «Yangi yilingiz bilan aziz yurtdoshlar!» Bu yerda «aziz yurtdoshlar»ning undalma ekani va uni vergul bilan ajratish esdan chiqarilgan. Gazetaning o‘sha yilgi 15 dekabr sonida ham bir qator kamchiliklar uchraydi. Bir maqolada «13-sonli qarorni sifatli ijro qilish» deyilgan. Aslida, «ijro qilish» emas «bajarish» tarzida ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi. Mantiqan o‘ylab qarasak ham qaror, topshiriq bajariladi, qo‘shiq yo sud hukmi ijro etiladi. O‘sha sonning yana bir o‘rnida «Biz hayotimizdagi barcha hodisalar qatori eng yaxshi va eng yomon voqealarning yuz berishiga ham o‘zimiz sababchi» deyilgan gap bor. Bu yerda ham «biz», ham «o‘zimiz» olmoshi qo‘llanilgan. Natijada gapning egasi ikkita bo‘lib qolgan. Aslida, bu gapda «biz» ortiqcha so‘zdir.
U qadar quvonarli bo‘lmasa-da, mehmonimiz topgan gazetamizdagi kamchiliklardan tahririyat xodimlari o‘zlariga kerakli xulosalar chiqarishdi. Shuningdek, suhbatdoshimizning quyidagi fikrlari ham muxlislarni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz:
— Bugun ayrim gazetalarda yumshatish belgisi ishlatilmayapti. Vaholanki, bu haqda biror qaror yoki ko‘rsatma berilmagan. Demak, bu masalani yana bir bor o‘ylab ko‘rish o‘rinli.
Yana bir qiziq jihat: xorijiy so‘zlarni o‘zbekchalashtiramiz, deb ba’zi hollarda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda. Odatda, biror yangilikni joriy qilishdan avval obdon chig‘iriqdan o‘tkazish kerak. Masalan, talabalar o‘z maqolasiga «4-bosqich...» deb imzo chekadi. Biroq Oliy ta’lim ikki bosqichdan — bakalavriat, magistraturadan iborat. 3-, 4-bosqich deyish mantiqan to‘g‘ri emas (Aspirantura, doktarantura... bundan mustasno). Bunday holatlarda «4-kurs» deb yozishning o‘zi kifoya.
Mustaqillikning dastlabki yillarida «uchoq», «tayyora», «tayyoragoh», «jumhuriyat», «nohiya» so‘zlarini ishlatib, so‘zbozlikka berilgandik. Biroq bu so‘zlar jamiyatga singib ketmadi. Qaysi so‘zni qabul qilish yo qilmaslikni, avvalo, xalq hal qiladi. Masalan, ko‘plar institutni oliygoh deydi. Bu noto‘g‘ri. «Oliy» so‘zi sifat, «goh» so‘zi harakat ma’nosidagi joy nomini bildiradi. U otga qo‘shiladi: «Janggoh, sayilgoh...» Institut «oliygoh» bo‘lsa, unda kollejlar «o‘rtagoh», maktablar «kichikgoh» bo‘ladimi? Ko‘rinib turibdiki, bu so‘zning qo‘llanilishi o‘quv dargohlari orasidagi kategoriyalarni va so‘zlar orasidagi ma’no nozikliklarining yo‘qolishiga olib keladi...
Faoliyatimizda ba’zan uchrab turadigan g‘alizliklar, matbuotda ishlatilayotgan so‘zlarning grammatik jihatdan xato yozilishi, bo‘g‘in ko‘chirishdagi noto‘g‘riliklar to‘g‘risida kechgan suhbatimiz davra ahliga manzur bo‘ldi. Tahririyat xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi va suhbatdoshimizga minnatdorlik bildirib, kelgusida soha xodimlariga amaliy jihatdan ko‘mak beradigan mana shunday ijodiy uchrashuvlarni vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turishni rejalashtirib olishdi.
Fozil JABBOROV,
“Hurriyat” muxbiri |