Jurnalistika

28 Sentabr 2011 21:00
BAG‘RIKENGLIKDA O‘RNAK EDI
Êechagiday esimda: Universitet talabaligiga qabul qilinib, o‘qish boshlangan dastlabki kunlarning birida respublika televideniesining “Yoshlik” studiyasiga borgandim. Redaksiya deb atalmish chog‘roq xonada o‘tirganlardan biri menga, bo‘y-bastimga ma’noli razm solgach:
— Xo‘sh, xizmat? — dedi.
— Telejurnalist bo‘lmoqchiman.
O‘tirganlarning yoshi ulug‘i to‘satdan kulib yubordi. Boshqalar ham qo‘shilgandek bo‘lishdi. Ammo tim qora sochlarini ortga chiroyli qilib taragan, istarasi issiq, ko‘zlaridan mehribon insonligi shundoqqina bilinib turgan Elbek aka noqulay ahvolda qolganimni sezdi shekilli: “Siz bilan alohida gaplashamiz. Mening kabinetimga kirib turing”, — dedi.
Suhbatimiz mening nima uchun telejurnalist bo‘lmoqchiligim, qayerdan kelganim, oilaviy ahvolimni so‘rashdan boshlandi.
— Telejurnalistika yangi soha. Malakali mutaxassislarga ehtiyojimiz katta. Ammo bu kasbni egallash uchun xohish-istakning o‘zi kifoya qilmaydi, — dedi u kishi biroz suhbatlashib o‘tirgach, — Ko‘p kitob o‘qish, izlanish, texnik vositalar imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana bilish, hayotni ekranga hech bir bo‘yoqlarsiz ko‘chira olish lozim. Jurnalistning nafaqat qalami o‘tkir, balki kadr ortida turib, fikrini tomoshabinga yetkaza olish, ishontirishi kerak. Rejissura sirlaridan voqif, tasvirchilikdan xabardor, odamlar bilan gaplashganda ularning qalbiga yo‘l topadigan fazilatlar egasi bo‘lmog‘i lozim. Agar mana shunday mashaqqatli yo‘lga o‘zimni bag‘ishlayman, desangiz bag‘rimiz ochiq.
Garchi o‘shanda telejurnalistga qo‘yilayotgan bu talablardan ba’zilarining ma’nosiga tushunmagan bo‘lsam-da, oradan yillar o‘tgach, Elbek aka o‘z kasbining yetuk mutaxassisi ekanini, u ekranda so‘z aytish mas’uliyatini naqadar yuksak mezonlarda o‘lchashini anglab yetdim.
Bir kuni ustoz yoniga chaqirib:
— Xo‘sh, endi mustaqil ishga ham qo‘l ursangiz bo‘laveradi. Talabalarga bag‘ishlangan bir ko‘rsatuv rejalashtirilyapti unga bitiruvchi bosqich talabalarining maqsad-rejalari, o‘y-fikrlari haqida bir sahifa tayyorlang-chi, — deb qoldi.
Shu kuniyoq universitet fakulütetlarini aylanib bitiruvchilar orasidan qiziqarli suhbatdoshlarni izladim. Ertasiga kinokamera olib tasvirchi bilan ular o‘qiydigan auditoriya, laboratoriyalar, kutubxona-yu, yotoqxonagacha kino tasmaga tushirdik. Tuni bilan uxlamay ssenariy yozdim. Kinoplyonkalarni montaj qildim. Qo‘limdagi yozuvlarni ko‘rib chiqqan Elbek aka mazmun-mohiyati saqlab qolingan, ammo fikr boshqacha ifodalangan matnni qaytardilar. Xijolatdan quloqlarimgacha lovullab ketdim.
Hayotimning unutilmas o‘sha kunidan so‘ng yana salkam o‘ttiz besh yil Elbek aka bilan ustoz-shogird bo‘lib ishladik. Qo‘limga qalam yoki mikrofon ushlaganimda go‘yo ustoz kuzatib turgandek bo‘laveradi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Elbek aka vatanparvarlik mavzusidagi turkum ko‘rsatuvlarga asos soldi. “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” mualliflik ko‘rsatuvi milliy urf-odat va an’analar, o‘zbekona odob va tarbiya targ‘ibotchisi bo‘ldi. Milliy teleradiokompaniya rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
Elbek aka yoshlarga nafaqat telejurnalistika sirlarini o‘rgatar, balki insoniy fazilatlardan ham saboq berar edi, chunki ustozning o‘zi o‘ta halol, to‘g‘riso‘z, adolatparvar, shogirdlarga g‘amxo‘r inson edi.
Darhaqiqat, qalbi pok insonlargina samimiy tuyg‘ular barq urib atrofdagilarga yaxshilik nurini sochib turadi. O‘nlab yoshlarning jurnalistikada, hayotda o‘z o‘rinlarini topishida ustozlik qilgan Elbek Musayev ana shunday bag‘rikeng inson edi.
Muhammadjon OBIDOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM