Jurnalistika

21 Dekabr 2011 19:28
«BOSHQALARDAY ISHLAYAPMAN, XOLOS...»
Siz haqingizda maqola yozmoqchiman, degan taklifimga hamkasbim, tajribali jurnalist Erkin Yodgorov e’tiroz bildirdi: “Tahririyat topshirig‘ini bajarish, o‘z ustimda ishlash, izlanish, yozadigan mavzu mohiyatini puxta o‘rganish va uni o‘quvchi diqqatini tortadigan shakl topib, qog‘ozga tushirish — mening burchim. Men shuni bajarayapman boshqalarday ishlayapman, xolos!”
Bu gapdan so‘ng ortiqcha munozaraga o‘rin qolmadi. Ochig‘i, kamtarin, kamsuqum, mehnatkash, o‘z faoliyatiga hamisha tan­qidiy nazar bilan qaraydigan va hech qachon o‘ziga ortiqcha baho bermaydigan bu insondan boshqacha javobni kutmagan ham edim. Shunga qaramay, maqsadimdan qaytmadim va u haqda yozishga ahd qildim. Chunki uning oilasi, yashash va faoliyat tarzini qariyb qirq yildan beri juda yaxshi bilaman, boz ustiga bir jamoada uzoq vaqt­dan beri birga ishlab kelamiz. O‘z faoliyatini tuman gazetasi — hozirgi «Vobkent hayoti»da boshlagan Erkin Yodgorov sohaning sir-sinoatlarini yaxshi biladi. Yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurmaydi.
Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Sho‘robod qishlog‘iga  to‘yga borayotib, Erkin akaga: “Yuring, tayyor mashina, yo‘l-yo‘lakay uyingizga ham kirib kelasiz”, — dedim. Yo‘lga tushdik. Otalari Husen bobo (oxiratlari obod bo‘lsin) tomor­qada kuymalanib yurgan ekanlar. Quyuq salom-alikdan so‘ng hazil ohangida:
— Erkinboy kelibdi, endi gazeta qanday chiqadi? — dedilar xiyol jilmayib va menga yuzlandilar. — Hoynahoy, siz olib kelgansiz. Bo‘lmasa, u ishdan boshqasini o‘ylamaydi, qishloqqa kelay ham demaydi.
O‘g‘lining kelganidan xabar topgan onalari — Nurbibi aya ichkari uydan chiqib, sog‘inch bilan Erkin akani bag‘rilariga bosib ko‘rishdilar. Chehralaridan nur, shukronalik, bir olam mehr yog‘ilib turgan qariyalar qo‘yarda-qo‘ymay ichkariga boshlashdi, dasturxon yozib, borlarini to‘kishdi. Ularning odamoxunliklari, samimiyliklari, dilkashliklariga havasim keldi...
Erkin aka shaharda yashasa-da, oilaning to‘ng‘ichi sifatida ota uyida yashayot­gan ukasi Sodiqjon, boshqa jon-jigarlari ham uning gapiga quloq tutishar, bir-birining izzatini joyiga qo‘yadigan inoq oila.
Viloyat xalq ta’limi bosh­qarmasi muassisligidagi yangi — “Buxoro muallimi” gazetasiga yetakchilik qilayot­ganimda sohani yaxshi biladigan tajribali jurnalistga ehtiyoj sezildi. Do‘stim sifatida Erkin akani birga ishlashga taklif etdim. U e’tiroz bildirdi.
— Ikki hissa oylik beraman, keling, birga ishlaylik, — dedim masalaning moddiy jihati qiziqtirishi mumkinligiga umid bog‘lab.
Biroq u “Buxoro haqi­qati”dan ketmasligini uzil-kesil aytdi. Erkin aka o‘zi xizmat qilayotgan tahririyatga, qadrdon jamoasiga sadoqatli, tanlagan yo‘lida sobitligiga tan berdim va bu xususda bosh­qa og‘iz ochmadim.
To‘g‘ri so‘z hammaga ham yoqavermasligi aniq. Erkin aka garchi ba’zan bildirgan to‘g‘ri fikriga ters, hatto dag‘al javob olishi, bunday munosabat nafsoniyatiga og‘ir botsa-da, tanish-notanishlarning noto‘g‘ri xatti-harakatlariga befarq qarolmaydi. Loqaydlik, “menga nima” qabilida yashash unga begona.
Bir kuni u ko‘chadan o‘tayotib, payvandlash bilan mash­g‘ul kishini ko‘rib qoladi. Qarasa, payvandlash apparati simyog‘ochdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.
— Og‘ayni, tokni hisoblagich orqali olsangiz bo‘lmaydimi? — deydi unga ro‘para bo‘lgach, salomlashib. — Siz o‘g‘rincha olayotgan energiya haqqini to‘lash boshqalarning gardaniga tushishini o‘ylamaysizmi? Xiyonat-ku bu!
Notanish kishi aybor bo‘lgani uchun xijolat chekibmi, dashnom berayotgan hamkasbimizni biror nazorat idorasi xodimi deb o‘ylaganidanmi, e’tiroz bildirmaydi:
— Uzr, aka, hozir, — deya lash-lushlarini yig‘ishtirishga tushadi.
Boshqa bir gal kuppa-kunduzi hashamatli uyining darvozasi oldidagi qator chiroqlarni yoqib qo‘ygan bozori chaqqon tijoratchiga energiya behisob emasligi, uni tejash kerakligini aytib tanbeh beradi.
— Kechayu kunduz o‘chirmaydi, — deydi ko‘chaning narigi betida hangomani kuzatib turgan qariya ataydan eshitarli qilib. — Xayriyat, boyvachchani insofga chaqiradigan odamlar ham bor ekan.
Erkin Yodgorovning sulolalariga nazar tashlasangiz el tanigan, ziyoli, fidoyi insonlar ko‘pligiga amin bo‘lasiz. U hamisha o‘z bobolari, tog‘alariga o‘xshagisi kelib ulg‘aydi. Ish borasida esa tahririyatdagi mohir jurnalistlar tajribasiga tayandi. Toshpo‘lat Hamid, Said Rajabov, Ahmadjon Niyozmurodov, Ahmad Rahmatullayev, Umid Sattorov, Ato Akramov, Najim Safarov, Abdujalil Xalilov kabi gazetachilikni qismat deb bilgan ustozlardan ish o‘rgandi.
Havas qilarli darajadagi mahoratga ega Erkin Yodgorov ayni paytda “Buxoronoma” gazetasi tahririyatida iqtisodiyot bo‘limi muharriri vazifasida sid­qidildan xizmat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida uning qalamiga mansub yoki u tayyor­lagan hamda mamlakat OAV va «Buxoronoma» sahifalaridagi tezkor chiqishlarining nafini tarozuga solsak, ma’naviy nuqtai nazardan ancha-muncha tosh bosadi. Yaratuvchilikning oldingi saflarida borayotgan zamondoshlarimiz qatorida hamkasbimizning ham jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi aslo kam emas. Uni ustoz deb bilgan, undan kasb sirlarini o‘rgangan, yo‘l-yo‘rig‘ini olib, bugungi kunda katta hayotda o‘z o‘rnini topgan va topayotgan yosh kasbdoshlarimiz ham talaygina.
Erkin Yodgorovni har kuni ertalab Mohi-xossa qo‘rg‘oni, katta yo‘l yoqasidagi viloyat shifoxonasi devoriga baqamti engan yo‘lakdan avtobus bekati tomon borayot­gan holda uchratasiz. Qo‘ltig‘ida qo‘l­yozmalar, turli ish hujjatlari solingan charm jild yoki kitob. Kuzatgan kishi shu dam uning o‘y-fikri mo‘ljalidagi yumushlari bilan band ekanligini fahmlaydi. U shu tariqa har kuni ishga yo‘l oladi. Uning bosadigan yo‘li uzoq va ravon bo‘lsin.
Jahongir ISMOILOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan
jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM