Vatanimiz mustaqilligining 20 yillik bayrami arafasida jurnalistlarning eng yuksak unvoniga munosib ko‘rilganim ko‘nglimni cheksiz quvonch-iftixorga to‘ldirdi. Ayni paytda zimmamga juda katta mas’uliyat yukladi.
Chindan ham bu yil men uchun xayrli boshlandi. Uzoq vaqtdan buyon avar shoiri Rasul Hamzatovning "Mening Dog‘istonim" badiasini tarjima qilib kelayotgandim. Yil boshida shu kitobning ona tilimizdagi namuna nusxasini qo‘lga oldim. Vatan, millat, til, umuminsoniy qadriyatlar haqidagi bu kitob elim deb, yurtim deb ijod qilayotgan har bir inson uchun ma’naviy ozuqa sifatida ahamiyatlidir. Bu tarjimamning nashrdan chiqishi qator yangi she’rlar va "O‘zbekistonnoma" dostonimni yozib tugallashim uchun ilhom bag‘ishladi. Yangi she’r, doston va tarjimalarim Konstitutsiya kuni arafasida "Tafakkur" nashriyotida chop qilingan "Shirin olma" kitobimdan joy oldi.
Albatta, o‘tayotgan yilda gazeta-jurnallarda "Jurnalistlik — olijanob kasb", "Jurnalistikaning eng dolzarb vazifasi", "Bugun ustozning hurmati ham, shogirdning mas’uliyati ham baland", "Ezgulikdan ezgulik yaraladi", "Men emas, O‘zbekiston chempion bo‘ldi", "Tabiatning yetti mo‘‘jizasi" kabi o‘nlab tahliliy maqolalarim chop etilganidan xursandman.
Jurnalist uchun har bir maqolaning yozilishi sinov-imtihon, nashr etilishi shodiyona, e’tirof qilinishi bayram. Menga shunday quvonchli kunlar nasib etdi. Tajriba oshgan sayin o‘zingning yozganlaringga nisbatan talabchanliging oshib boraveradi. Faxriy unvonga munosib ko‘rilganim talabchanligimnigina emas, jurnalistlik burchiga bo‘lgan mas’uliyatimni ham oshirdi. Endi men yuragimdan joy olgan mavzularni vaqti kelganda yozarman deb paysalga sola olmayman! Kelgusi yilda ularni publitsistik maqolalar tarzida qog‘ozga tushirish uchun bor zehnim va tajribamni safarbar etaman.
Kirib kelayotgan yangi yil bilan yurtdoshlarimizni chin yurakdan tabriklar ekanman, ularga kelgusi yilda o‘z oldilariga O‘zbekistonimiz buyuk kelajagini qurishga xizmat qiladigan ulug‘ maqsadlar qo‘yishlarini tilayman. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida hamfikr, hamqadam bo‘laylik!
Muattar Asqarova, " Axborot" informatsion dasturlar bosh muharririyati siyosiy sharhlovchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
— O‘tayotgan 2011 yil men uchun juda baxtli va hayajonli daqiqalarga boy yil bo‘ldi. Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz — Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning Farmonlariga muvofiq mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, ko‘p qirrali hayotimizning turli tarmoqlarida o‘zining halol mehnati bilan o‘rnak bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning mukofotlari — faxriy unvon, orden hamda medallar bilan taqdirlandilar. Ular qatorida men ham "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist" faxriy unvoniga sazovor bo‘ldim. O‘sha hayajonli daqiqalar, samimiy tabrigu tilaklar meni qanchalik baxtiyor etganini, ko‘nglimni osmon qadar ko‘targanini so‘z bilan ta’riflashga ojizlik qilaman.
Kirib kelayotgan 2012 yildan umidlarim katta. Negaki, "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi"da axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy negizini mustahkamlash, davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga yo‘naltirilgan yangi qonunlar qabul qilinishi belgilangan. Bu esa, albatta, milliy jurnalistikamiz rivoji yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Yangi — 2012 yil bo‘sag‘asida hamkasblarim — zahmatkash qalam ahlining kasb-koriga baraka tilayman. Mehnatidan qadr topishsin, el-yurt ardog‘ida bo‘lish baxti nasib etsin!
Abduvali Qutbiddinov, "Xalq so‘zi" gazetasi sharhlovchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
— 2011 yil bizni olamga yana bir bor iste’dodimiz, yaratuvchilik salohiyatimiz miqyosi bilan tanitdi. Masalan, Andijonu Samarqand, Termiz va Toshkentdagi bunyodkorlik ishlari hayratimga hayrat, zavqimga zavq, g‘ururimga g‘urur qo‘shdi.
Chuqurroq razm solsak, har viloyatimizda, tumanimizda, qishlog‘imizda yoqimli o‘zgarishlar, yangilanishlar sodir bo‘ldi. Yana qanday davrda deng! Dunyo moliyaviy, ijtimoiy-siyosiy bo`hronlar girdobida qolib ketgan bir paytda, ayrim mamlakatlarda bir g‘isht qo‘yish u yoqda tursin, ertaga qanday yashaymiz, degan xavotir nafasini bo‘g‘ib turgan vaqt makonida — biz o‘zimizni, bugunimizni, ertamizni bunyod etayapmiz va yana bunyod etayapmiz, tag‘in bunyod etayapmiz. Sira to‘xtamasdan, ishonch va qat’iyat ila... Zero, bunyod etmoqqa bo‘lgan intilish-tinchlik xotirjamlik bergan ilhom. Farovonlik taqdim etayotgan muazzamlikdan, "Bizdan obod va ozod Vatan qolsin" degan da’vatga nisbatan mas’uliyat, Vatanga nisbatan farzandlik haqqi va burchi, oilaga nisbatan mehr-muhabbatdandir.
Nazarimda, "O‘zbekiston" degan so‘zda buyuk qudrat mujassamlashganday. Odam buyuk degan so‘zdan rohatlanishi uchun shunga yarasha imkoniyati, intilishi daxlsizligi, ozod va emin-erkin o‘y surishi, shaxdam qadam tashlash huquqi mavjud bo‘lishi kerak. Istiqlol aynan bizga shularni berdi. Bugun uning mevalari ko‘z o‘ngimizda namoyon.
Ko‘nglimdagi yana bir hayajon shundaki, kamtarona mehnatim Yurtboshimiz tomonidan taqdirlandi. "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoni berilgani haqidagi xushxabarni eshitib, misoli kabutarday parvoz qildim, desam mubolag‘a emas.
Mustaqillik hammamizga buyuklikni anglashni, unga intilishni, muvaffaqiyatga erishish shukuhini berdi. Binobarin, buyuklikda illat yo‘q, u abadiy ezgulik, mangu yaxshilik, boqiy barqarorlikdir. Shunday ekan, biz Yurtboshimiz tamal toshini qo‘ygan "buyuk davlatni" muqarrar qurajakmiz. Bunga ishonchimiz komil, chunki dinidan, millatidan, kelib chiqishidan qat’i nazar, biz, o‘zbekistonliklar bir butun oilamiz — mustahkam, kuchli, birdam va hamnafas, mehribon va oqibatli, hech qachon orqaga qaytmaydigan, nurli manzillar sari o‘zimiz tanlagan yo‘ldan dadil odimlayotgan ahdida sobit bir butun oilamiz.
Tilagim — 2012 yil — Mustahkam oila yilida Vatanimizda buyuklikning yangi sahifalari bitilsin. Biz yana ildamlaylik. Shonu shuhratimiz yanada oshsin!
Gulchehra Umarova, "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi bo‘lim muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:
— Umrimning har bir yilini, qanday o‘tganidan qat’i nazar, shukronalik bilan kuzatishga odatlanganman. Chunki har yil o‘zim, oilam, uzoq-yaqinlarimga biror yangilik, yaxshilik hadya etadi. Bu yil esa hayotimda unutilmas bir sahifa bo‘lib qoladi, desam mubolag‘a emas. Mustaqilligimizning 20 yilligi arafasida Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" unvoni bilan taqdirlanishim menga va oilamga juda katta quvonch olib keldi. Matbuot sohasidagi ko‘p yillik xizmatim hukumatimiz tomonidan shunchalar yuksak e’tirof etilgani qalbimni faxr va iftixor hislariga to‘ldirdi.
Xushxabarni eshitganimda ko‘z oldimda "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi tahririyatiga ilk qadam qo‘ygan vaqtim va o‘tgan 33 yillik ish faoliyatim namoyon bo‘ldi. Men shu gazetada, hozirgi kunga qadar birga ishlagan barcha hamkasblarim ko‘magida jurnalist bo‘lib shakllandim, professional mahoratimni oshirdim. Binobarin, barcha hamkasblarimning hissasi bor bu mukofotda.
Unvon bilan taqdirlanganimdan qanchalik quvongan bo‘lsam, el-yurtning e’tirofi va hurmati zimmamdagi mas’uliyat yukini shunchalik kuchaytirdi. Bundan buyon o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlash uchun har qachongidan jiddiy va samarali izlanishim zarurligini tushundim.
Mustaqillik yillarida san’at jurnalistikasida katta o‘zgarishlar yuz berdi, san’atning barcha sohalari bo‘yicha jurnalist kadrlar tayyorlash ishi jiddiy yo‘lga qo‘yildi. Bugun bu yosh kadrlarning aksariyati matbuot, radio-televidenieda faol ish olib boryapti. Lekin oldimizda hali mas’uliyatli vazifalar turibdi. Ayniqsa, milliy estrada, kino, teatr, musiqa, tasviriy san’at yo‘nalishlarida jiddiy tahliliy maqolalarga, yetuk professional suhbatlar, ijodiy portretlarga, tadqiqotlarga ehtiyoj katta. 2012 yilda va keyin qo‘limdan kelgancha yosh san’atshunos-jurnalistlar tayyorlash ishiga hissa qo‘shish niyatidaman. Zero, milliy san’atimizning barcha sohalarida qadriyat va an’analarimizning saqlanib qolishi, ularning zamonaviylik bilan uyg‘un rivojlangan holda avlodlarga bezavol yetib borishida matbuotning, biz jurnalistlarning alohida o‘rni bor.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan yangi yil ayyomi bilan muborakbod etib qolaman.
Inomjon ABDIYEV tayyorladi. |