Jurnalistika

04 Yanvar 2012 21:14
IMKONIYATLAR KO‘LAMI OSHMOQDA
Yangi yil arafasida muhtaram Prezidentimizning “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida»gi qarorining matbuotda e’lon qilinishi, barcha soha xodimlariga, jumladan, nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan jurnalistlarga ham o‘ziga xos bayram sovg‘asi bo‘ldi, desam yanglishmagan bo‘laman.
Qarorda OAVga soliq va boshqa turdagi majburiy ajratmalarni to‘lashida qator imtiyozlar berilishining belgilangani soha taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, mamlakatni demokratiya asosida yangilash va modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayoni bevosita ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi hamda faol ishtiroki bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis Senati va Qonunchilik Palatasining 2010 yil 12 noyabr kuni hamda 2011 yil 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishlarida mamlakat va jamiyatimizni rivojlantirish borasida oldinda turgan maqsad va vazifalarni aniq belgilab berdilar.
Xususan, “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi”dagi belgilangan strategik vazifalarni amalga tatbiq etish bo‘yicha mamlakatimiz rahbarining Farmoyishlari e’lon qilindi.
Prezidentimizning ¹3560-sonli Farmoyishi aynan ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga oid qonunchilik bazasini mustahkamlash, jurnalistlarning munosib faoliyat yuritishlari uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgani bugungi kunda mamlakatimizda OAVning rivojlanishiga alohida e’tibor berilayotganidan dalolat beradi. 
Farmoyishda ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Elektron omma­viy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida u samarali faoliyat olib bordi. Ushbu guruh Farmo­yish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan qonunlar loyihalarini o‘rganib chiqish, ular bo‘yicha Assotsiatsiya takliflarini berish yuzasidan muayyan ishlarni olib bordi. Fikr-mulohazalar umumlashtirilib, yakunda qator takliflar ishlab chiqildi va Ekspert guruhlariga yuborildi.
Yurtboshimiz o‘z ma’ruzalarida ommaviy axborot vositalari va davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor jihatlarini to‘g‘ri belgilash, teleradiotizimini yanada rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari erkinligi va mustaqilligini mustahkamlash, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirish mexanizmlarini yaratish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
2011 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida o‘tkazilgan media-kunlar davomida nodavlat teleradiostantsiyalar ijodiy xodimlari, rahbarlari ishtirokida OAV sohasiga oid ishlab chiqilayotgan qonunlar ijodkorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu davra suhbatining bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgani ham bugungi kun jurnalistining qonunlarni yaxshi o‘zlashtirganini ko‘rsatadi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalari qatori O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasiga a’zo yuzdan ortiq nodavlat teleradiostantsiya­lar ham faol ishtirok etmoqda. O‘tgan 2011 yil mobaynida ­O‘zEOAVMAga a’zo teleradiostantsiyalar, NTT teletarmog‘i, NRT radiotarmog‘i va mamlakatimizdagi birinchi nodavlat sun’iy yo‘ldosh telekanali “Forum-TV” efirlari orqali tahliliy-ma’rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlarga keng o‘rin berilib, muayyan muammoli masalalarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, fuqarolarning, xususan, yoshlarning turli tashabbuslarini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan illatlarni, ularning muammolarini dadil ko‘tarib chiqishga harakat qilindi. Bu chiqishlar ko‘p hollarda hokimiyat organlarining e’tiborini ushbu muammolarni yechishga qaratish uchun o‘ziga xos vosita bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Turli mavzudagi ma’rifiy teledasturlar, tok-shoular, munozaralar tashkil etildi, tele va radio dasturlarda zamonamizning qahramonlari hayoti va faoliyati yoritildi, “mehr-muruvvat” tushunchasini, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi video, audioroliklar tayyorlanib, efirga uzatildi. Ayni paytda telemahsulotlarni tayyorlash jarayonida, eng avvalo, ularning milliy manfaatlarimizga, tomoshabin va tinglovchilar ehtiyojlariga mos kelishiga, voqea-hodisalarni xolis aks ettirishga, rang-barang mavzular, janrlar va yangiliklarni qamrab olishga, ularda so‘z va tasvir xolisligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mamlakatimiz aholisini jahonda va diyorimizda yuz berayotgan voqealar, respublikamizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyati bilan muntazam tanishtirib borish, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati faoliyatining kengroq yoritilishi ta’minlandi va bu jarayon joriy yilda ham izchillik bilan davom ettiriladi.
O‘tgan yili O‘zNTT, Forum TV, O‘zEOAVMA Axborot markazi, Yoshlar telestudiyasi, “Yangi avlod” bolalar studiyasi hamda NRT faoliyat olib borayotgan bino — “Bunyod­kor” telekompleksida yangi, zamonaviy dizayn asosida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ijodiy va texnik xodimlar uchun yangi raqamli texnik uskunalar, zamonaviy tasvirga olish studiyalari foydalanishga topshirildi. Ular endilikda yanada qulay sharoitlarda ijod qilishlari mumkin. Zamonaviy binolar, eng so‘nggi rusumdagi raqamli texnikalar haqida so‘z ketar ekan, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida yerto‘lada ish olib borganimiz, turli qiyinchiliklarga duch kelganimizni eslamasdan ilojim yo‘q. Mus­taqillik, xususan, davlatimiz rahbarining shaxsan ko‘maklari yordamida bugun erkin faoliyat olib borishimizga zamin yaratilmoqda.     
Assotsiatsiya tomonidan turli sanalar doirasida media-kunlarni tashkil qilish hamda bu orqali nodavlat teleradiostantsiyalar ijodiy va texnik xodimlarining kasbiy malakasini oshirish an’anaga aylanib bormoqda. O‘tgan 2011 yilda ham 3-may — Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan tashkil qilingan media-kunlar doirasida O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi hamkorligida taniqli mutaxassis Jon Xazard ishtirokida o‘tkazilgan texnik seminar-trening, K.Adenauer jamg‘armasi boshqaruvi a’zosi Bettina Adenauer Bibershtayn hamda mashhur publitsist Shtefan Graf Fink fon Finkenshteynlar ishtirokida tashkil etilgan “O‘zOAVMAning axborot sohasini isloh qilish hamda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida xalqaro institutlar bilan hamkorligi” mavzuidagi davra suhbati samarali kechganini alohida ta’kidlash joiz. Eng asosiysi, ularning boy tajribalari bilan tanishish, o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
2011 yil jamoamiz uchun ulkan yutuqlarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Atirgul” respublika ko‘rik-tanlovida O‘zEOAVMA vakillaridan  “Forum TV” muxbiri Polina Komleva asosiy yo‘nalishda g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Muqaddas Fayozova rag‘batlantiruvchi o‘ringa loyiq deb topildi. Adliya vazirligi o‘tkazgan “Yilning eng faol huquq targ‘ibotchisi” tanlovida esa NTT telekanali “Huquqiy targ‘ibotni tashkil etishdagi yaqin hamkorligi uchun” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan “ICT-EXPO-2011” ko‘rgazmasining eng yaxshi axborot hamkori sifatida NTT telekanali e’tirof etildi. Jurnalistika sohasida oltinchi marta o‘tkazilgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Istiqlol TV” bosh muharriri Zilola Xudoyqulova televidenie yo‘nalishida, “Vodiy sadosi” radiostantsiyasi bosh muharriri Yelena Petruseevich esa radio yo‘nalishida ikkinchi o‘ringa munosib deb topilgani hamda ­O‘zEOAVMAning “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali loyihasi bosh mukofotga loyiq ko‘rilgani barchamizni yangicha ishlashga, xalqimizga yanada yaqinroq bo‘lishga undadi va buning uchun imkon qadar harakat qilib kelayapmiz. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali uchun ajratilgan mukofot mablag‘i Assotsiatsiya tizimida eng faol ish olib borayotgan ijodiy va texnik xodimlar o‘rtasida teng taqsimlandi. Albatta, bu kabi tanlovlar ijodkorlarga qo‘shimcha kuch va rag‘bat vazifasini o‘taydi.
Eng aziz, eng qutlug‘ bayramimiz — Mustaqilligimizning shonli 20 yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” yuksak unvoni bilan taqdirlanishim nafaqat 2011 yil, balki hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Shu yurtda tug‘ilganim, shu sohani tanlab adashmaganim uchun ko‘nglimda cheksiz mamnunlik hissini tuydim.
Erishilayotgan yutuqlar hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay shart-sharoit, e’tibor, qolaversa, qabul qilinayotgan sohaga oid qonunchilik hujjatlarining samarasidir.
Albatta, bu yutuqlar bizniki. Biroq shuni tan olib aytish kerakki, ayrim hududiy teleradiostan­tsiyalar faoliyati o‘rganib chiqilganda ularning o‘z dasturiy vazifalarini amalga oshirishda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Bu holatlar asosan teleradiodasturlarning saviyasi, kadrlar salohiyati, uzatish tizimi sifati va moddiy-texnik bazasining kuchsizligi bilan bog‘liq. Albatta, ish bor joyda kamchiliklar ham bo‘ladi. Lekin bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan, har daqiqa, qolaversa, har soniyada yangilanayotgan zamonda jamiyat hayotining ko‘zgusi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari insonlarni taraqqiyot sari ildam chorlaydigan vosita ekanligini ham unutmasligimiz lozim.
Shuning uchun faoliyatimizda uchrayotgan ushbu kamchiliklarni bartaraf qilishda jamoatchilikni hamkorlikka chaqiraman. Chunki bizning maqsadimiz bitta. Bu ham bo‘lsa Prezidentimiz olg‘a surgan faol fuqarolik pozitsiyasini targ‘ib etish, milliy media-makon saviyasi va darajasini yanada yuksaltirishdan iborat.
O‘rni kelganda, yaqin hamkorlarimiz sanalgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining har ikki palatasi, Aloqa va axborotlashtirish agentligi va uning tarkibidagi tashkilotlar, Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jam­g‘armasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Jurnalistlar Ijodiy uyushmasi kabi ko‘pgina davlat, jamoat va nodavlat tashkilotlarning ham o‘rni beqiyos bo‘lganini alohida ta’kidlashim lozim. Ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorligimiz mohiyat e’tibori bilan yagona maqsadga — mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga, pirovardida, OAV xodimlarining ijodiy salohiyatini zamon talablari darajasiga ko‘tarishga qaratilmoqda. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining e’tibori hamda beqiyos g‘amxo‘rligi va Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va Parlament komissiyasining grant, ijtimoiy buyurtma va subsidiya mablag‘lari ko‘rinishidagi moliyaviy ko‘magi faoliyatimizning serqirra bo‘lishida, imkoniyatlarimiz ko‘lamining oshishida muhim omil bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, endigina eshik qoqib kirgan 2012 yil ham bundan-da samarali va xayrli kechadi.
Zotan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bugun biz demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, axborot erkinligini ta’minlamasdan, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini yaxshi tasavvur etamiz”.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM