Jurnalistika jamiyat ko‘zgusi bo‘lsa, jurnalistlarni mamlakatning qiyofasiga zeb beruvchi zargarlar, desak xato bo‘lmaydi. Bu borada o‘sha yaratuvchining imiji muhim ahamiyatga ega. («Imij» so‘zi inglizchadan olingan bo‘lib, «qiyofa» degan ma’noni anglatadi. Qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar imijga nisbatan e’tiborlilik ish samaradorligini oshiradi). Jurnalist imiji bevosita OAV turlariga ko‘ra farqlanadi: bosma OAV jurnalistikasi imiji, telejurnalist imiji, radiojurnalist imiji... |
Jurnalisit imiji o‘z-o‘zidan uning yozgan materiallarida namoyon bo‘ladi. Gazetada chop etilgan maqolasiga qarab muallifning professional mahoratini baholash mumkin. Shunga ko‘ra, har qaysi jurnalist o‘zining yozish uslubini yaratishga harakat qiladi. O‘quvchini aytmoqchi bo‘lgan gapiga qiziqtira olish, jamoatchilik fikrini shakllantirishda uslub muhim vazifani bajaradi. Misol tariqasida biror mavzu doirasida qalam tebratgan bir nechta ijodkorning mahsuliga e’tibor qarataylik. Albatta, ularda mazmun birligi bo‘lsa-da, shaklu shamoil rang-barangligiga guvoh bo‘lamiz. Kimdir aytilajak fikrni birinchi planga olib chiqsa, yana kimdir biror ibratli misol keltirish bilan maqolani boshlab, asosiy rakursni o‘rtaga joylaydi, kimdir esa xulosaga erk beradi. Bosma matbuot jurnalisti imiji bevosita gazeta reytingiga ham ta’sir qiladi.
Radiojurnalist imiji efirda aytilayotgan gaplar, intonatsiya hamda ovoz va shovqinlarning sifati orqali belgilanadi. Radiojurnalistlik talablari — adabiy til qoidalariga rioya qilish, efirni to‘g‘ri tashkil qila olish, improvizatsiyalarga tayyor turish va hokazolarga javob bera oladigan boshlovchi o‘z imijini yaratishda kasbiy majburiyatlardan tashqari yana qator jihatlarga ahamiyat qaratishi lozim bo‘ladi. Masalan, individual eksklyuziv dasturlar tayyorlash, olib borish jarayonida o‘zini yaxshi tuta bilish, tabiiylik va samimiylikka e’tibor qaratish, ovoz templari ustida ishlash kabilar radiojurnalist imijini shakllantiruvchi omillar hisoblanadi.
Telejurnalist imiji qamrovi jihatidan kengroq tushuncha bo‘lib, unga audiovizuallik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda talablar qo‘yiladi. So‘nggi yillarda telejurnalistlarimiz o‘z imijlari ustida sezilarli darajada ishlayotganlari ko‘rsatuvlardagi chiqishlarida namoyon bo‘lmoqda. Lekin ayrim telejurnalistlar imij deganda faqatgina tashqi ko‘rinishga e’tibor berishni tushunadi. Aslida, telejurnalist imijini kasbiy bilimlardan xabardorlik darajasi, so‘zlashuv madaniyati, etika talablariga rioya etish, yuz mimikasi, aktyorlik mahorati, kiyinish odobi va hokazolar tashkil qiladi. Teleboshlovchining ko‘rsatuv mavzusi, g‘oyasiga monand imijga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Deylik, jiddiy munozara asosiga quriladigan ko‘rsatuv uchun quvnoq qiyofa, bolalar ko‘rsatuvlarida chiqish qilishda noo‘rin tanlangan kiyimlar yoxud omma kayfiyatiga yomon ta’sir qiluvchi tushkun ko‘rinish kabilar jurnalist maqomiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardir.
Bugungi kunda jurnalistlarimiz orasida ham shaxsiy imijga ega bo‘lganlari talaygina. Matbuotchilarimizdan Sh.Jabborov, H.Saidov, G.Umarova, radioboshlovchilarimizdan N.Niyozov, telejurnalistlarimizdan S.Tursunova, S.Turdiev, M.Kamolovalarni bunga misol qilib keltirsak arziydi. Barcha jurnalistlar kasbiy jarayonda ham, ishdan tashqarida ham o‘z imijlariga monand harakat qilsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki ular pirovard natijada mamlakat qiyofasiga zeb beradigan so‘z zargarlaridir.
Kamola ALIBEKOVA |