Umr, vaqt degan buyuk bir ne’matning tuzini oqladikmi? El-yurt oldida yuzimiz yorug‘mi? O‘tgan yil uchun, oy va hafta, kun va soat, lahzalar, bir so‘z bilan aytganda, hayotimiz uchun qanday javob beramiz? Nimalar qildik, nimalar armon bo‘lib qoldi?..
Bu savollarning har birini tahlil qilar ekanmiz, yaqinda poytaxtimiz, viloyatlar va tumanlarda katta shodiyonalik bilan nishonlangan bayram — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar, o‘z hayoti va taqdiridan mamnun chehralar, odamlardagi ko‘tarinki kayfiyat ko‘z o‘ngimizdan o‘tdi. Bayram kechasining manzaralari — osmonu falakda chaqmoq yanglig‘ charaqlab, borliqni turli ranglar og‘ushida beqiyos go‘zallikka burkab yuborgan yog‘du-shu’lalar qalblarga ajib bir harorat, quvonch va hayajon olib kirdi. Mustaqillik, buyuk va muqaddas Vatanni ulug‘lovchi qo‘shiqlar yangradi, Istiqlol ruhi tantana qildi. Prezidentimiz Islom Karimovning shu kuni xalqimizni bayram bilan tabriklab: “O‘zbekiston mustaqilligi, hayotimizni, ongu shuurimizni tubdan o‘zgartirgan bu ulug‘ sana ko‘p yillar, zamonlar o‘tsa-da, o‘z ahamiyati, qadr-qimmati va mohiyatini yo‘qotmaydigan, tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lib, abadiy saqlanib qolajak” deb aytgan so‘zlarini tinglar ekanmiz, barcha savollarimizga to‘liq javob topgandek bo‘ldik.
Donishmandlar aytmishlar: vaqt — buyuk murabbiy, uning qadr-qimmati qilingan ishlarning salmog‘i, ma’no va mazmunidadir. Biz tarixga kuzatayotgan 2011 yil mamlakatimiz va xalqimiz uchun qutlug‘ keldi. Bu yilning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tub o‘zgarishlar ko‘lami, mohiyati mislsizdir. Odamlar hayoti yangicha ma’no va mazmun kasb etdi. Fuqarolar, ayniqsa, ularning ilg‘or qismi — zukko ziyolilar, bilimdon yoshlarda yangilanishga intilish, dunyo miqyosida faoliyat ko‘rsatish, Istiqlolni mustahkamlash yo‘lida o‘z kuch va iste’dodini bag‘ishlashga hozirlik ruhi qaror topdi.
Turli qit’alarda, o‘nlab mamlakatlarda sodir bo‘layotgan noxush voqealar: milliy nizolar, siyosiy beqarorliklar, qirg‘inbarot urushlaru boshi berk ko‘chaga kirib qolgan qonli mojarolar muhitida bizning jonajon Vatanimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlardagi izchillik, siyosiy vaziyatning barqarorligi, xalqlar va millatlar o‘rtasidagi chin qardoshlik ruhi jamiyatimizning buyuk boyligidir, xalqimiz boshidan kechirayotgan yangilanish davrining ma’naviy saodatidir.
Biz fazilatli bu yilning sarhisobi haqida o‘ylar ekanmiz, faoliyatimizning har bir qirrasini, albatta, Istiqlol in’om etgan buyuk bir baxt va ne’mat bilan bir butun holda quvona-quvona tasavvur etamiz. Aytish joizki, Istiqlol g‘oyalari bilan birga shakllangan o‘zbek milliy jurnalistikasi jamiyat yangilanayotgan, hayot yangicha mazmun kasb etayotgan bir paytda erkin so‘z, hur fikr va ozod inson taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlarga hozirjavoblik ko‘rsatuvchi zarur minbarga aylandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan buyon o‘tgan yigirma yil davomida el-yurtimiz hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar — milliy davlatchiligimizni tiklash, siyosiy va iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, xalqaro maydonda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida qanday ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, bunda, albatta, vatan va xalq manfaati yo‘lida xormay-tolmay sadoqat bilan faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi jurnalistlarimizning ham munosib xizmatlari bor.
2011 yil jurnalistlarimiz hayoti va faoliyatida o‘chmas iz qoldirgan, barakali va sermazmun davr bo‘ldi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi o‘z faoliyatini “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 6 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 20 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar hamda uyushma Nizomida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar asosida tashkil etib, chora-tadbirlar rejasini tuzdi va izchillik bilan amalga oshirdi.
Biz mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘lidagi harakatlarimizni yanada kuchaytirish, ularni yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish hayotiy zaruriyatga aylanganini chuqur his etamiz. Bu borada hayotimizda axborot erkinligini ta’minlash, davlat va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, ularni odamlarning o‘z fikr va g‘oyalarini sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirish hozirgi kunda dolzarb vazifa ekanini ham yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham ayni masalalar uyushmaning turli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirayotgan tadbirlarining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Milliy axborot agentligi, Matbuot va axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya va boshqa qator nufuzli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda jurnalistikaning dolzarb vazifalariga doir tadbirlar, media-forumlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, yig‘ilishlar o‘tkazdi. Bularda jamiyatni isloh etish va modernizatsiya qilishda OAV oldida turgan dolzarb vazifalar, ularning davlat hokimiyati organi faoliyatida oshkoralikni ta’minlashdagi o‘rni, bolalar sporti, aholi va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash kabi qator ijtimoiy va siyosiy masalalarni yoritishda jurnalistlarning mas’uliyati bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar, tavsiyalar bildirildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yaqin hamkorlaridan biri — O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasidir. Assotsiatsiyaning maqsadi fuqarolik jamiyatini qurishda ommaviy axborot vositalarining rolini kengaytirishdan iborat. Bugungi kunda uning tarkibiga kirgan hududiy nodavlat teleradiostansiyalar, matbuot nashrlari samarali faoliyat ko‘rsatib, xalqimizning katta e’tibor va e’tirofini qozonmoqda. Uyushmaning 2011 yilda Assotsiatsiya bilan hamkorlikda tashkil etgan axborot sohasini isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash jarayonidagi OAVning o‘rni va roli masalasiga bag‘ishlangan media-forum jurnalistlar uchun katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Elektron ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etayotgan “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivali, “Ijtimoiy teleradio mahsulotlar” IV milliy festivali kabi loyihalar amalga oshirilgani sohaning muvaffaqiyat bilan rivojlanib borayotganidan darak beradi.
Ijodiy uyushmaning yaqin hamkorlaridan yana biri O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bo‘lib, u fuqarolik jamiyati institutlari ichida eng faol va media makonda yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan va mustaqil OAVni rivojlantirishga yaqindan yordam beradigan nodavlat notijorat tashkilotdir. Uyushma va fond hamkorligida muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar amalga oshirilmoqda, bosma OAV sohasida demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, uyushma va fondning Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlab an’anaviy ravishda o‘tkazib kelayotgan sohadagi urush va mehnat veteranlari, faxriy jurnalistlar ishtirok etadigan tadbiri qalam ahliga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni namoyon etmoqda.
2011 yil sarhisobi haqida gap ketganda, jurnalistlarimizning ijodiy faolligini oshirish va ularning mehnatini rag‘batlantirish uyushma faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida tilga olishga to‘g‘ri keladi. Zero, jurnalistning faol fuqarolik pozitsiyasi jamiyat hayotining asosiy omillaridan biridir.
Prezidentimizning 2011 yil 6 apreldagi qaroriga 1-ilovada O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab amalga oshiriladigan “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashqivot ishlari dasturiga ko‘ra, jurnalistika sohasida “Eng ulug‘, eng aziz”, “Oltin qalam”, “Ozod yurt to‘lqinlari” respublika tanlovlarini o‘tkazish belgilangan edi. Nihoyalanayotgan yilda o‘tkazilgan “Oltin qalam” VI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov natijalari mamlakatimizda jurnalistlarning ijodiy faolligi har qachongidan ham ortib borayotganini namoyish etdi. Tanlovda 562 jurnalist o‘zining 7700 dan ortiq ijodiy ishi bilan ishtirok etib, 29 kishi mukofotga sazovor bo‘ldi. Bulardan tashqari, 4 nafar jurnalist nufuzli xalqaro tashkilotlar — BMT, YUNESKO va Jahon bankining rag‘batlantiruvchi sovrinlarini oldi. Ko‘rinib turibdiki, tanlovning nufuzi yildan-yilga ortib, u haqli ravishda asosiy ijodiy bellashuv maydoniga aylanib bormoqda.
Jurnalistika sohasida mustaqillikning 20 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida matbuot, televidenie, radio va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib deb topilgan 20 nafar jurnalist qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. “Yilning eng faol jurnalisti”, “Atirgul” hamda boshqa turli nomdagi tanlovlar jurnalistlarning malaka va mahoratini, ijodiy faolligini oshirishda, ularning dunyoqarashi va zamonaviy bilimlarini kengaytirishda, ko‘plab yosh jurnalistlarni kashf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Jamiyatning ilg‘or sinfi bo‘lgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini rag‘batlantirish, iqtidorli yosh jurnalistlarga keng imkoniyatlar yaratish borasida joylarda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatida “Zar qalam”, Navoiy viloyatida “Yilning eng yaxshi yosh jurnalisti” nomi bilan o‘tkazilgan tanlovlar yurtimizning turli hududlarida qalam ahlining ijodiy faolligini yanada oshirishga bo‘lgan e’tibordan dalolatdir.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi asosida tuzgan rejasiga muvofiq sohaga aloqador tashkilotlar va mazkur mavzuda qalam tebratuvchi jurnalistlarning davra suhbatlari, muloqotlari, matbuot anjumanlarini tashkil etdi. 2011 yil “Oltin qalam” VI Milliy mukofoti xalqaro tanlovining rag‘batlantiruvchi sovrinlari qatoriga “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yiliga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi kiritildi.
2011 yil o‘zbek jurnalistikasi faoliyati sarhisobi haqida gapirganda, uyushmamizning viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlarini ham ta’kidlash joiz. Farg‘ona, Navoiy viloyatlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi a’zolari, markaziy gazetalar muharrirlari, turli viloyatlardan kelgan jurnalistlar ishtirokida o‘tgan mintaqaviy konferensiyalarda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda axborot sohasini isloh qilish, sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish, media tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish kabi dolzarb masalalar haqida fikr almashildi, taklif va tavsiyalar berildi. Samarqandda o‘tgan media kunlarida OAVning moliyaviy-iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, “Ozod yurt to‘lqinlari” media festivali g‘oliblariga mukofotlar topshirildi, “Jurnalistlarning axloq kodeksi” mavzusida trening tashkil etildi. Bu tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida jurnalistika sohasidagi ijodiy faollik yanada ortib borayotganini namoyish etdi.
Uyushmaning joriy yilgi faoliyatidagi yanada bir muhim jihat — bu, O‘zbekiston milliy matbuot markazida mamlakatimiz hayotidagi dolzarb masalalar haqida matbuot anjumanlarining izchillik bilan olib borilayotganidir. Mazkur tadbirlarda turli vazirlik, tashkilot va idoralarning mas’ul rahbarlari OAV vakillari bilan doimiy muloqotga kirishdilar. Bu jurnalistikaning muhim bir sohasi — matbuot xizmatlarining ishi tobora faollashayotganidan darak beradi.
Biz, jurnalistlar davlatimiz tomonidan ommaviy axborot vositalariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni chuqur his etib turibmiz. Mamlakatimizda OAV faoliyatining qonuniy kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan, xalqaro demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan huquqiy zamin yaratildi, sohaning moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanmoqda. Ayni paytda, davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligi, teleradioeshittirishlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlariga oid yangi qonunlarni qabul qilish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. OAVning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, ularning hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish mo‘ljallanmoqda.
Bugungi kunda axborot olamida yangi soha bo‘lgan internet-jurnalistika hayotimizga yanada chuqurroq kirib bormoqda. Internet-televidenie, internet-radio, elektron pochta, onlayn-video kabi ko‘plab yangi axborot tarqatish texnologiyalari rivojlanib, ularning auditoriyasi va ta’sir doirasi kengayib bormoqda. Ayniqsa, bunga yoshlarning qiziqishi juda katta ekanini hisobga olsak, OAV xodimlari internet axborot texnologiyalarini har tomonlama egallashlari kerak bo‘ladi. Bu esa, sohada, xususan, yosh jurnalistlarni tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish, jurnalist kadrlar tayyorlovchi fakultetlarning o‘quv metodik bazasini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, tajribali mutaxassislar va ilg‘or texnologiyalarni ta’lim jarayoniga jalb etishni talab qiladi. Hozirgi kunda zamonaviy media texnika va texnologiyalarni, internet tizimida qo‘llaniladigan tillarni puxta egallash g‘oyat katta ahamiyatga ega.
Ayni kunlarda yana bir qutlug‘ sana tobora yaqinlashmoqda. 2012 yil 14 yanvarda Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 20 yilligi keng nishonlanadi. Yurtimiz ahli tomonidan katta taraddud ko‘rilayotgan bu shonli sana mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ijodkorlarning ham diqqat markazida bo‘lib, barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida bu mavzu, uning mohiyati keng yoritilmoqda.
Zero, Vatandek ulug‘ ma’vo har birimiz uchun muqaddas, uning himoyachilari bo‘lmish yurt farzandlarining jasorat va matonati har qancha ta’rif-tavsifga munosibdir. Xuddi shuningdek, Istiqlol tufayli vujudga kelgan Qurolli kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulardan ko‘zlangan maqsad-vazifalar, harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, taqdim etilayotgan imkoniyatlarni keng yoritish har bir jurnalist oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi munosabati bilan jurnalistlar o‘rtasida qator tashkilotlar bilan hamkorlikda birinchi marta “Vatan aziz, jasorat mangu” tanlovini o‘tkazmoqda. Bu tanlovga 100 dan ortiq jurnalist 1100 ta ijodiy ishi bilan qatnashyapti. Tanlov natijalari yanvar oyi boshida, Vatan himoyachilari kuni arafasida e’lon qilinadi.
Muhtaram Prezidentimizning taklif va tashabbuslari bilan 2012 yil “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi yangi yildagi faoliyatining reja va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Biz jurnalist ahlining har bir so‘zi odamlarga, jamoatchilikka ta’siri g‘oyat muhim va mas’uliyatli ekanini yaxshi bilamiz. Jurnalistning so‘zi xalq orasida qudratli aks-sado berishi, buyuk bunyodkorlik ishlariga safarbar etishi mumkin. Bu, avvalo, jurnalistning mahoratiga, ijtimoiy pozitsiyasiga, insoniy va ijodiy fazilatlariga, uning mas’uliyat tuyg‘usiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil iyun oyida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida shunday so‘zlar bor: “O‘z kasbining haqiqiy ustasi va fidoyisi bo‘lgan, o‘zining haqiqiy so‘zi bilan odamlarni ezgu-maqsadlarga safarbar eta oladigan, el-yurt manfaati, xalqimizning bugungi va ertangi kuni uchun yonib yashaydigan siz, jonkuyar jurnalistlarni men o‘zimning suyanchim va tayanchim deb bilishimni, bugun yana bir bor aytmoqchiman”.
Biz bu yuksak ishonch, e’tibor va bahoga munosib bo‘lish uchun yanada yuksak mas’uliyat, fidoyilik va jonkuyarlik bilan mehnat va ijod qilishga hamisha tayyormiz.
Sherzod G‘ulomov,
O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi raisi |