Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari Qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda, Parlamentning yuqori palatasi a’zolari va quyi palata deputatlari, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining hududiy tashkilotlari rahbarlari, bir qator markaziy boshqaruv organlarning rahbar mutaxassislari, ayrim respublika nashrlari, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari nashrlarining bosh muharrirlari, O‘zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasiga qarashli hududiy telestantsiyalar direktorlari va Navoiy viloyati ommaviy axborot vositalarining yetakchi ijodiy – texnik xodimlari ishtirok etdi.
Konferentsiyaga moderatorlik qilgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G‘ulomov anjuman qatnashchilarini qutlab, viloyatda bosma va elektron OAV xodimlarining erkin faoliyat yuritishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida gapirar ekan, ulug‘ bobokalonimizning muborak nomlari bilan atalgan navqiron shaharda barpo etilgan viloyat teleradiokompaniyasining yangi binosi, “Yoshlar saroyi”, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya druji” gazetalari tahririyatlari va bir qator ijodiy tashkilotlar xodimlari faoliyat yuritayotgan muhtasham Matbuot uyida yaratilgan qulayliklar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
— Bizni, — dedi moderator so‘zi davomida, — fayzli va ko‘rkam viloyatda OAV rivojiga berilayotgan katta e’tibor, ayniqsa, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalarining 52 ming nusxada chop etilayotgani haqidagi ma’lumot nihoyatda mamnun etdi.
Konferentsiya uchun aynan Navoiy shahri tanlangani ham bejiz emas. Men shu o‘rinda Navoiy viloyatida mo‘‘jizaviy yangiliklar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Xususan, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan viloyat hududida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etilgani nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz hayotida juda katta voqea bo‘ldi. Dunyoning turli mamlakatlari investorlari bugungi kunda Navoiy viloyatiga alohida e’tibor qaratmoqda. Birgina misol, 2010 yilda NEIIZ hududida xorijiy investorlar bilan 19 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Ana shu loyihalar doirasida jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaradigan 7 ta korxona foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar yanada keng ko‘lam kasb etmoqda. Shu singari buyuk voqealar, albatta, ommaviy axborot vositalari uchun asosiy mavzu bo‘lishi, har bir ijodkorni ilhomlantirishi, yangi-yangi asarlar yaratishga undashi tabiiy.
Sh.G‘ulomov kirish so‘zini yakunlagach, konferentsiya qatnashchilari uchun Yurtboshimizning 2010 yil 12 noyabrda Parlament palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan ma’ruzasidan video lavha namoyish etildi.
Respublika Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot — tahlil departamenti bosh mutaxassisi Sobirjon Shukurov mazkur konferentsiyada “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi”ning ahamiyati” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
— Hammamiz yaxshi bilamizki, — dedi ma’ruzachi, — mamlakatimiz o‘tgan yigirma yillik mustaqil taraqqiyoti davomida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotning barcha soha va tarmoqlarida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Yurtboshimiz tomonidan hayotga tatbiq etilgan Kontseptsiyada axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilishi shu sohada olib borilayotgan davlat siyosatini qonunlar yordamida mustahkamlash yo‘lida tashabbuskorlik bilan muntazam izlanishni taqozo qiladi. Fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning tamal toshi hisoblanadi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan Kontsepsiyada ilgari surilgan qonun loyihalari bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumki, televidenie va radio bugungi kunda jahon axborot maydonida eng katta auditoriyaga ega ommaviy axborot vositasi hisoblanadi. Mamlakatimiz axborot bozorida 100 dan ziyod elektron ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, undan 60 tasini telekanallar, 20 tasini esa radiokanallar tashkil etadi.
Anjumanda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi” qonun loyihasining Kontseptsiyasi va mohiyati” haqida ma’ruzasi bilan qatnashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Faxriddin Soliev Mamlakatimiz Konstitutsiyasida har kimning fikrlash va so‘z erkinligi, axborotni moneliksiz izlash, olish va tarqatish huquqining mustahkamlanishi (29-modda), davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi normalarining aniq belgilanishi (30-modda), o‘z navbatida, axborot sohasida jahon standartlariga mos, mukammal milliy qonunchilik bazasini yaratishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgani haqida to‘xtalib, jumladan, shunday dedi:
— Yaratilgan barcha huquqiy, iqtisodiy va texnologik shart-sharoitlar tufayli, o‘tkazilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda zamonaviy axborot tizimi vujudga keldi. Bugunga kelib 1243 ta OAV, 939 ta internet provayderi, 1032 ta Internet kafe faoliyat yuritishi, 187 ta davlat axborot resurslari va 100 dan ortiq davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi idoralarining internetda rasmiy veb-sahifasi tashkil etilgani, aholiga 340 turdagi davlat interaktiv xizmatining ko‘rsatilishi, yosh avlod uchun “ZiyoNET” yagona axborot tarmog‘ining tashkil etilgani va unga 10000 dan ortiq ta’lim muassasalarining ulangani, AKT negizida 1026 ta axborot-kutubxona muassasasi tashkil etilgani, bugungi kunga kelib, mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilarning soni 8 millionga yaqinlashgani fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro’yobga chiqarishdagi faoliyatimizning yuksak qirralari bo‘lib, bir so‘z bilan aytganda, istiqlol sharofati bilan axborot sohasida olib borilgan islohotlarimizning ne’mati hisoblanadi.
Biroq, milliy taraqqiyotimizning bugungi bosqichida davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash masalasi, sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Qolaversa, Asosiy Qomusimizning 7-moddasida mustahkamlangan xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi barcha davlat organlari jamoatchilik oldida hisobdorligini, jamoatchilikning davlat organlari ustidan nazorat qilishi huquqini anglatadi. Bu davlat organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot ochiqligi, erkinligi, tarqatilishiga bog‘liqdir.
Quyi palataning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Dehqonov yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishning ahamiyati” mavzuiga qaratdi.
— Mamlakatimizda, — dedi u, — Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlangan OAV erkinligi tamoyillari, aholining o‘z fikr va mulohazalarini erkin ifodalash huquqi, har qanday ko‘rinishdagi senzuraning taqiqlanganligi o‘z mantiqiy davomini keyingi yillarda qabul qilingan OAV faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlarda topdi. Mazkur huquqiy hujjatlar axborot sohasida jamoat, nodavlat institutlari va tuzilmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish uchun zarur qonuniy kafolatlarni yaratib berdi.
Umuman aytganda, mamlakatimizda demokratik islohotlarning yangi davrini boshlash uchun zarur sharoitlar yetildi. Endigi bosqichdagi islohotlar davri, zamonaviy voqelik va intilish axborot sohasini liberallashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, jamiyat hayotida OAV rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni qabul qilish va amalga oshirishni talab etadi. Bu o‘rinda har bir ommaviy axborot vositasi oldida axborot bozorida o‘z o‘rnini topish, taraqqiyot yo‘lidan dadil qadamlar qo‘yish, fuqarolik institutlari tizimida o‘z mavqeini mustahkamlash borasida dolzarb masalalarni hal etishdek vazifalar turibdi. Bunday sharoitda o‘z qat’iy pozitsiyasini faqat iqtisodiy jihatdan erkin va moliyaviy mustaqil bo‘lgan ommaviy axborot vositasigina saqlab qoladi. Chunki ularning faoliyati samarasi ko‘p jihatdan o‘z moddiy-texnik bazasini muttasil modernizatsiyalash va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etishi bilan bog‘liq. Oxir, oqibat bularning barchasi sifatli axborot xizmatlarini ko‘rsatishga, keng jamoatchilikka to‘la, tezkor, xolis va haqqoniy axborot yetkazishni ta’minlashga ijobiy ta’sir etadi.
Mamlakatimizda axborot sohasini isloh etish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashning muhim vazifalaridan biri OAVning moliyaviy va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdan iboratdir. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish zurur bo‘ladi. Bu qonunlar axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini kuchaytirish va ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha iqtisodiy preferentsiyalar yaratish va milliy axborot makonini izchil rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan boshqa tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan ahamiyatlidir.
Yuqorida zikr etilgan qonunlarning qabul qilinishi axborot makoni ishtirokchilarining faoliyat samaradorligi ortishiga va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga, qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar va iqtisodiy preferentsiyalar yaratishga, tadbirkorlik faoliyatida qatnashish, pullik xizmatlarni ko‘rsatish uchun ommaviy axborot vositalariga keng imkoniyatlar beradi. Ya’ni, axborot makonida sog‘lom raqobatni yanada rivojlantirish, sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish uchun yetarli huquqiy asoslar yaratiladi. Shuningdek, OAV faoliyati samaradorligi oshishiga, uning mulkka egalik huquqi sub’ekti sifatida faoliyat yuritishi huquqiy holatining qonunda mustahkamlanishi uchun ham imkon paydo bo‘ladi.
“Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasida, avvalambor, ommaviy axborot vositalari mulkining huquqiy tartibini belgilash, xususan, ommaviy axborot vositasi tahririyati mulkdorining iqtisodiy huquq va majburiyatlari aks ettirilishi ko‘zda tutilmoqda. Chunonchi, mulkdor tomonidan tahririyatni moliyalashtirish miqdorlari uning o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlay olishi darajasiga chiqishi uchun yetarli bo‘lishi, olingan daromadlar birinchi navbatda xodimlarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish, tahririyatning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bozor raqobati sharoitlarida ommaviy axborot vositasining barqaror rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish uchun sarflanishi lozim.
Qonun loyihasida reklama beruvchilar va homiylar tomonidan OAV faoliyatiga aralashish va tazyiq o‘tkazishni taqiqlovchi maxsus normalarning kiritilishi maqsadga muvofiqdir. Binobarin, matbuot erkinligining eng asosiy kafolati uning mustaqil faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishidir. Faqat shundagina OAV fuqarolik jamiyati rivojlanishi yo‘lida harakatlantiruvchi kuch bo‘lishi mumkin.
Eng muhim tamoyillarni amalga oshirish maqsadida qonun loyihasida OAV nizom jamg‘armasining ruxsat etilgan minimal miqdorini aniqlash, tahririyat faoliyatini moliyalashtirish manbalari va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash mexanizmlarini qonuniy jihatdan aks ettirish belgilab qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
“Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasida esa, milliy axborot makonini tobora rivojlantirib borishga qaratilgan iqtisodiy, moliyaviy imtiyozlar va preferentsiyalar tizimini, shu jumladan, soliq, bojxona, tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha imtiyozlar tizimini yaratishning huquqiy normalari o‘z aksini topishi mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining “ijtimoiy buyurtmasini” shakllantirish, ijtimoiy jihatdan dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan maqolalar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni maqsadli moliyalashtirish, ommaviy axborot vositalariga davlat tomonidan subsidiyalar, manzilli dotatsiyalar va grantlar ajratish, ijara bo‘yicha imtiyozlar berish kabi masalalarni qonun normalarida tartibga solishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qonunda OAVning reklama faoliyati tartibga solinishi, tahririyat mahsulotlarini tarqatishning samarali tizimini yaratishni aniq belgilash ham muhim kasb etadi.
Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilayotganida unda ommaviy axborot vositalari shaffofligini ta’minlovchi, ya’ni OAV faoliyatining moliyaviy natijalari to‘g‘risida ma’lumotlarni yoki adadiy audit tizimini yaratish yuzasidan, jurnalistlarni va OAV xodimlarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofazasini ta’minlash mexanizmlarini belgilovchi normalari bo‘lishi zarur. Chunki axborot maydonida yuqori raqobatni ta’minlash uchun OAV ijodiy va texnik xodimlariga mehnatlariga yarasha haq to‘lash va ularni o‘qitish tizimini takomillashtirish kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslarini rivojlantirish milliy axborot makonining to‘liq rivojlanishiga, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashda, shubhasiz, muhim omil bo‘ladi.
Konferentsiyada o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Senati a’zosi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining yuridik bo‘limi boshlig‘i Yusuf Abdukarimov, “Mohiyat” gazetasining bosh muharriri Abdumajid Azimov, “Mahalla” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Abdusattorov, “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalarining bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Buxoro viloyati bo‘limi raisi Jahongir Ismoilov, “Qashqadaryo” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi Narzulla Ravshanov, Navoiy viloyati hokimligi nashri — “Do‘stlik bayrog‘i” — “Znamya drujbi” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Olüga Sashina va boshqalar mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalari taraqqiyoti yo‘lida katta hajmda tizimli ishlar qilinganligini, fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy islohotlarni hayotga tatbiq etishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash borasida ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli ravishda kuchayganligini ta’kidlashdi.
Konferentsiyada Oliy Majlis senati a’zosi, Navoiy viloyat hokimi Erkinjon Oqbutayev kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
M.O‘KTAMOV
|