Ammo o‘rinli savol tug‘iladi: xo‘sh, tumanlar sharoitida jamoatchi muxbirlar, qolaversa, ijodkorlar faolligini qanday oshirish mumkin? Nazarimda, bu avvalo tahririyatga kelayotgan xatlarga e’tibor berishdan boshlanadi. Bizda xuddi shunday. Tahririyatimizga yo‘llangan har bir maktub atroflicha o‘rganib chiqiladi. Bunda hatto xatning gazetaning qaysi soniga ketishi, ishlashda nimalarga e’tibor berilishigacha munosabat bildiriladi. Zarur bo‘lganda ko‘tarilgan mavzu tahririyat xodimi tomonidan qo‘shimcha o‘rganiladi, muallif fikri to‘ldiriladi. Bundan tashqari tahririyatga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar, tashriflar davomida bildiriladigan taklif-mulohazalar ham o‘z ishimizni rejalashtirishda hisobga olinadi. Shu asosda “Xatjildlarni ochganda...”, “Xat yo‘lga chorladi”, “Dolzarb mavzu”, “Gazetxon nima deydi?”, “Gazetxon — gazeta” ruknlari paydo bo‘ldi.
Fikrlar rang-barangligiga erishishning yana bir yo‘li — tahririyat tomonidan turli tanlovlarning o‘tkazilishidir. Har yili 4-5, hatto 6 mavzuda tanlovlar o‘tkazamiz. Masalan, “Mustaqillik — eng oliy ne’mat”, “Tadbirkor — bunyodkor”, “Foydali taklif — yuksalishga qanot”, “Onajonim tabiat”, “Eng gulzor mahalla”, “Eng yosh ijodkor” mavzularida tanlovlar e’lon qilganmiz. G‘oliblar va mukofot miqdori har chorakda gazetada e’lon qilib boriladi.
Tahririyat ko‘p yildan buyon Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikka ega. Ular tarixiy, tibbiy, axloqiy, huquqiy va boshqa mavzularda o‘qishli maqolalar yozib beradilar. Ayniqsa, Respublika Fanlar akademiyasining Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, Tarix instituti, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, Navoiy pedagogika instituti, Buxoro davlat universiteti, Buxoro tibbiyot oliygohi olimlari bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ana shu hamkorlik jarayonida “Qiziltepa qadimiyatidan lavhalar” va “Qiziltepa tarixi” kitoblari yaratildi. Shifokor olim Zavqiddin Orzievning salomatlikni saqlash, arxeolog, sharqshunos va tarixchi olimlar — Jamoliddin Mirzaahmedov, Qahramon Rajabov, Mahmud Hasaniy, G‘ulom Karimiy, taniqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul, san’atshunos Mavluda Yusupova va huquqshunos Xolmurod Isanovlarning gazeta-kitobcha shaklida bosilayotgan turkum maqolayu risolalari mushtariylarimiz ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilyapti.
Darvoqe, gazeta-kitobcha haqida. Bu imkoniyatdan foydalanish natijasida ko‘p ming sonli gazetxonlarimiz kitob javonidan Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarlari, Ibrohim Haqqulning “Tasavvuf saboqlari”, Zavqiddin Orzievning “Immunitet. Uni qanday qilib ko‘tarish mumkin?”, Mavluda Yusupovaning “Vang‘ozi ma’muriy yodgorliklari”, Boborahim Omonovning lotin grafikasiga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini o‘rganishga oid “Quvnoq alifbo”, “Bulbulcha”, Mahmud Hasaniy va Mavjuda Razzoqovaning “Xojagon tariqati va Xoja Hasan Andoqiy” kabi risolalari joy oldi.
Taniqli olimlarning gazetamiz orqali chiqishlari tuman ahli o‘rtasida uning mavqeini oshiribgina qolmay, ijodkorlik muhitining yanada kamol topishiga ko‘mak bermoqda. Mualliflarimiz esa 3-sinf o‘quvchilaridan tortib to 90 yoshli keksalargacha. Qalamlarini tahririyatimizning “Navnihol” to‘garagida qayragan qizlarimiz — Muhabbat Temirova, Xurshida Narzieva, Nazokat Muhammedovalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Keksa ijodkorlarimiz ham yoshlardan qolishayotgani yo‘q. Ko‘plab kitoblar muallifi Razzoq Hakimiy bu yil o‘zining 80 yoshi munosabati bilan “Sakson yosh armug‘oni”, Xalil Jamilov esa “Ehson” asarini nashrdan chiqardi. Manzura Xolova, Usmon Haydarov, Ergash Temirov, Suvon Turdiev kabi keksa ijodkorlarimiz ham shu yilning o‘zida to‘plamlarini nashr ettirish baxtiga muyassar bo‘ldilar.
Hozirgi vaqtda tahririyatimizga o‘zlarining xabar, maqola, she’r, hikoyalari bilan doimiy qatnashuvchilar soni yuzdan ortiq. Tahririyatga har kuni 10-15 ta xat keladi. Hatto bir xatjild ichida o‘ndan ortiq xat ham bo‘ladi. Xatlar oqimining ko‘pligi ijodiy xodimlarning jurnalist surishtiruvi asosida tahliliy maqolalar tayyorlashiga yordam beryapti. “Zamin dardi”, “Yana zamin dardi haqida”, “Bog‘mi yoki dog‘?”, “Bobodehqon bormisiz?”, “Istirohat bog‘imi yoki...”, “Shuhrat nega so‘ndi?”, “So‘zbo‘yamachilik”, “O‘zini ish bilan ta’minlayotganlar” kabi sarlavhalar ostida yoritilgan mavzular, shuningdek, foydali tajribalarga oid ko‘plab maqolalar shular jumlasidan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Qiziltepa tongi” allaqachon o‘zining ommaviyligi bilan ko‘pchilik qalbidan joy olib ulgurgan. Uning nufuzini yanada oshirish, biz — tahririyat xodimlaridan yanada izlanib ishlashni talab etishini sezib, shunga mos faoliyat yuritishga intilyapmiz.
Rahim MAQSUDOV,
“Qiziltepa tongi” gazetasi muharriri,
“Oltin qalam” mukofoti sovrindori
|