Boz ustiga, nashrning bosmaxona soliq va nafaqa jamg‘armalaridan kattagina qarzdorligi yuzaga kelib, yiliga atigi 5-6 marta bosilayotgandi.
2010 yil obuna mavsumidan so‘ng gazetaning doimiy chiqishi yo‘lga qo‘yildi, tahririyatning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘rildi. Jumladan, Parlament huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovning viloyatdagi xotin-qizlarning huquqiy bilimlarini oshirish nominatsiyasida o‘z omadimizni sinab ko‘rishga qaror qildik. Joylarda huquqshunoslar bilan uchrashuvlar tashkil qilish, gazeta sahifalarida “Huquqshunos minbari” rukni ostida huquqiy maqolalarni berib borish, gazetamiz saviyasini oshirishi shubhasiz edi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida jamoat fondidan qo‘ng‘iroq qilishib, bizning loyihamiz grantga sazovor bo‘lganini aytishdi. Quvonarlisi, viloyatimizdan ikkita — “Oydin yo‘l” va “Davr yoshlari” gazetalari shunday baxtga sazovor bo‘lishgan edi. 25 yanvar kuni Toshkent shahrida grant topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdik va hukumatimizning nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga nihoyatda katta e’tibor berayotganiga o‘zimiz misolimizda amin bo‘ldik.
10 million so‘m miqdoridagi grant moddiy jihatdan qiynalayotgan tahririyatimizga katta moliyaviy tuhfa bo‘ldi, desam yanglishmayman. Yil boshidan 2000 nusxada chop etib kelinayotgan gazetaning endilikda A3 formatda, 8 sahifali, rang-barang ma’lumotlarga boy bo‘lib chiqayotgani gazetxonlar sonining oshishiga olib keldi. Buni tahririyatga kelayotgan maktublardan ham bilsa bo‘ladi.
Sahifalarimizdan muqim o‘rin olgan «Huquqiy darsxona» rukni ostida berilayotgan materiallarda ayollarimiz o‘z haq-huquqlari bilan tanishsalar, “Ayol jinoyatga qo‘l urdi” ruknida jinoyat botqog‘iga botib qolgan, ayollik va onalik nomiga dog‘ tushirayotgan ba’zi kimsalarning qilmishlari hamda har qanday jinoyatga jazo muqarrar ekanidan boxabar bo‘lmoqdalar. Loyihaga ko‘ra har oyda bir marta huquqshunoslarning ayollar bilan uchrashuvlar o‘tkazib turibmiz. Bunda shahar va tuman FHDYO bo‘limlari, viloyat prokuraturasi hamda viloyat sudlari xodimlari bizga yaqindan yordam beryapti. Ayniqsa, viloyat Nikoh saroyi mudirasi Gulhayo Rasulova va viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Nasiba Begimova hamkorligida ayollar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. Bu ham ayollarimizning hayotda o‘z o‘rinlarini topishga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishga xizmat qilayapti.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyasi bilan gazetada Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida o‘z ishini boshlagan, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida kredit olgan ayollar haqida xabar va maqolalar ham doimiy berib borilyapti. Xovos, Boyovut va Sardoba tumanlaridan xotin-qizlar o‘zlari yozgan she’rlar, hamqishloqlari, hamkasblari haqidagi lavhalar bilan gazeta sahifalarida ishtirok etishmoqda. «Faol ayollarimiz haqida hikoyalar» ruknida hayotda va oilada o‘z o‘rnini topgan, boshqalarga o‘rnak bo‘larli turmush kechirayotgan, el koriga yaraydigan farzandlar tarbiyalagan ayollar targ‘ib qilinmoqda. Quvonarlisi, mushtariylarimizning gazeta tahririyatini izlab kelishlari keskin ko‘paydi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, yil boshidan buyon viloyatda istiqomat qilayotgan 1000 nafar kam ta’minlangan oila ayollari grant hisobidan gazeta bilan bepul ta’minlanyapti.
Zebo HAYDAROVA,
“Oydin yo‘l” gazetasi bosh muharriri
|