Jurnalistika

01 Dekabr 2011 17:19
O‘Z SO‘ZINI AYTAR TAJRIBA
Jurnalistika muntazam yangiliklarni izlab topishni, davr bilan hamnafas bo‘lishni talab etadi. Bugungi axborot asrida esa talabchan auditoriya ehtiyojini to‘liq  qondirish, gazetxon istaganidek material tayyorlash oson emas. Negaki, hozirgi zamon odamining istaklari, xohishlari bo‘lakcha.
Bundan tashqari, asrimizda ommaviy axborot vositalari tez sur’atlarda rivojlanishi bilan birga, ularning soni keskin ko‘paydi. Shuningdek, sifat borasida ham yaxshigina raqobat yuzaga keldi. Bu, o‘z navbatida, o‘quvchiga tanlash imkoniyatini yaratdi. Endi u istagan gazetasini mutolaa qilishi, ko‘rsatuv ko‘rishi, eshittirishni tinglashi mumkin. Shu bois, qalam ahli faoliyati davomida “tesha tegmagan” so‘zlarni topish, biror yangi fikrni aytish maqsadida tinimsiz izlanadi, ustozlar tajribasiga suyanadi.
Xalqimizda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ustoz-shogird an’anasi sohaga zarur bo‘lgan yetuk kadrlarni tarbiya­lash orqali uning yanada taraqqiy etishiga yordam bermoqda. “Hurriyat” gazetasi ham ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida, qolaversa, nashr­imizda ishlayotgan yosh jurnalistlarning bilim va tajribasini oshirish maqsadida matbuot sohasida suyagi qotgan kishilarni tahririyatga taklif etib, ular bilan suhbatlar tashkil etishni yo‘lga qo‘ydi. O‘zbekiston Respubikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy birinchi suhbatdoshimiz bo‘ldi.
— Gazetani nashr etishdan, maqola yozishdan maqsad nima? — deydi Mahmud Sa’diy suhbat boshida. — O‘ylaymanki, bu savolga dunyoqarashidan kelib chiqqan holda har bir jurnalistning o‘z javobi bor. Men ham tajribamga suyanib, bu masalada ayrim fikrlarni bildirmoqchiman. Ma’lumki, gazetaning auditoriyasi cheklanmagan. Uni turfa yoshdagi, har xil millat va dindagi kishilar mutolaa etadi. Ularning ayrimlari nashrlarni bilimi va savodxonligini oshirish uchun kuzatib borsa, ba’zilari gazetani faqat axborot olish niyatida qo‘liga oladi. Shuning uchun ijodkor yozayotgan materiallarini har tomonlama o‘ylab tayyorlashi, hech bir xatoga yo‘l qo‘ymaslikka, birovning sha’nini tah­qirlamaslikka, madaniyat mezonlarini saqlashga intilishi zarur. Qalam tebratayotgan har qanday kishi milliy manfaatni ham yodidan chiqarmasligi shart. Demak, muxbir millati tarixi, xalqining ma’naviyati, davlatining bugungi salohiyati va mamlakat kelajagi haqida mukammal bilimga ega bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, dunyo globallashayotgan hozirgi zamonda bu o‘ta muhim.  
Asosan gazetaning element­lari, texnikasi va o‘ziga xos xususiyatlari xususida davom etgan gurungimizda tahririyat xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishga erishdilar. Ayniqsa, domlaning maqolaga sarlav­ha qo‘yish, ruknlar topish borasida bildirgan fikr­lari ko‘pchilikda chuqur taassurot qoldirdi.
— Sarlavha, rukn maqolaning mazmuniga mazmun, saviya­siga saviya qo‘shadi, — de­di suhbatdoshimiz. Ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Materialning o‘qishli, e’tibor tortadigan bo‘lishida ham ularning aha­miyati katta. Shuning uchun ko‘pchilik ijodkorlar yaxshi sarlav­ha, yaxshi rukn topishga intilishadi. Xo‘sh, bunga qanday erishish mumkin? Avvalo, bunday payt­larda maqolaning mazmunidan kelib chiqib, sarlavha tanlanadi. Keyin ko‘plab sinovlardan o‘tgan xalq dostonlari, maqollariga tayangan ma’qul. Bu gazeta tilini ommaga yaqinlashtiradi. Bundan tashqari, jurnalistlar kitob o‘qishi shart. Bu barcha qalamkashlarning kundalik ehtiyojiga aylansa, ularning so‘z hazinasi boy, tili ravon, eng asosiysi, mus­taqil fikri bo‘ladi.
Ijodiy ruhda kechgan suhbat tahririyat xodimlariga manzur bo‘ldi. Kelgusida bu kabi uchrashuvlar sohaga oid malakaga ega bo‘lgan olimlar, tajribali qalam egalari bilan tez-tez tashkil etib turiladi.
Azim RO‘ZIYEV 

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM