E’tiborli tomoni, internet jurnalistikasi O‘zbekistonga ayni mustaqillik yillarida kirib keldi, ommalashdi, taraqqiy topdi. Bu jarayon o‘z-o‘zidan amalga oshmadi, albatta. Chunki axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish vazifasini davlat siyosati darajasiga ko‘tarmay turib, zamon bilan hamnafaslikni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Bu boradagi ishlarning rivoj topishida davlatimiz rahbarining 2002 yil 30 maydagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni, shuningdek, birin-ketin hayotga tatbiq etilgan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi Qonunlar, ayniqsa, alohida ahamiyat kasb etdi.
Hozir internet taraqqiyoti nafaqat jurnalistika sohasida, balki jamiyatning barcha sohalarida yangicha ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Ayni vaqtda ko‘plab tashkilotlar va muassasalarning samarali faoliyat yuritayotgan, aholini tezkor va ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlayotgan veb-saytlari fikrimizning amaliy tasdig‘idir.
Ma’lumki, hozirgi paytda «UZ» milliy domeni hududida ro‘yxatga olingan internet-resurslar soni 6000 tadan oshadi. Shu o‘rinda milliy domenning davlat tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari o‘rin olgan Davlat boshqaruv organlari bo‘limi alohida ahamiyatga ega, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti — www.parliament.gov.uz o‘zining bosh sahifa ko‘rinishi, zamonaviy dizayni, ma’lumotlar bazasi bilan boshqalardan yaqqol ajralib turadi. Undan o‘rin olgan o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi axborotlar arxivi hamda quyi palata faoliyati haqidagi zarur ma’lumotlar foydalanuvchilar talabiga to‘la javob bera oladi. Veb-saytga tashrif buyurgan foydalanuvchi bosh sahifa orqali Konstitutsiya, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Me’yoriy-huquqiy hujjatlar, Qonunchilik palatasi ish rejasi kabi bo‘limlardan o‘rin olgan ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Shuningdek, Parlament tarixi, Qonunchilik palatasi tarkibi, Tadbirlar, Qonunchilik faoliyati, Qabul qilingan qonunlar, Nazorat-tahlil faoliyati, Xalqaro faoliyat, Axborot-tahliliy hujjatlar, Matbuot xizmati, Onlayn ekskursiya va fotoreportaj kabi bo‘limlarga ham eng dolzarb materiallar muntazam joylashtirib boriladi. Bir so‘z bilan aytganda, veb-saytni ma’lum ma’noda parlamentning PR vazifasini bajaruvchi elektron axborot manbai, deyish mumkin.
Shu yilning sentyabr oyidan www.parliament.gov.uz ning yangi versiyasi ish boshladi. Mazmunan yangicha ko‘rinish kasb etgan veb-sayt o‘quvchi siyosiy ongini oshirish bilan birga, saytdan foydalanish imkoniyatini ham yanada kengaytirdi. Bunga «O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari» nomli bo‘lim faoliyatini misol qilib keltirish mumkin. Ushbu bo‘limdan 1990 yildan bugungi kunga qadar qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarining o‘zbek va rus tillaridagi variantlari joy olgan.
Shu bilan birga, veb-saytda auditoriya bilan interaktiv aloqa yo‘lga qo‘yilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Veb-sahifalar orqali har bir fuqaro o‘z hududidan saylangan deputatning siyosiy faoliyati, ilmiy va ijodiy izlanishlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish bilan birga, onlayn aloqa xizmati orqali Parlament faoliyati yuzasidan o‘zini qiziqtirgan savollarni jo‘natishi va belgilangan muddatda javob olishi ham mumkin. Bu qulayliklar sayt iste’molchilari soni tobora oshib borishiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda saytga kiruvchilar kuniga o‘rtacha 500 nafarni tashkil etmoqda.
www.parliament.gov.uz ning «Matbuot xizmati» bo‘limi ham o‘zida jurnalistlar uchun yetarlicha imkoniyatlarni mujassamlashtirgan. U orqali akkreditatsiya tartibi, akkreditatsiya qilingan jurnalistlar haqidagi ma’lumotlardan tashqari, Parlamentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar anonsi bilan tanishish mumkin. Veb-sayt yanada jonli bo‘lishi uchun unda auditoriya guruhiga taalluqli boshqa qiziqarli yangiliklar, ma’lumotlar, qidiruv tizimi ham mavjud.
Prezidentimiz Islom Karimov o‘tgan yili Parlament palatalarining qo‘shma majlisida ilgari surgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi»da boshqa bir qator qonun loyihalari qatori «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi va «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi Qonunlarning qabul qilinishi zarurligini taklif etgan edi. Ularning kuchga kirishi soha taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishiga shubha yo‘q.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, davlat tashkilotlari faoliyati haqidagi axborotlarni jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazishda, albatta, veb-saytlarning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda parlamentning shaffofligi va qabul qilinayotgan Qonunlarning mazmun-mohiyatini ommaga targ‘ib qilishda Parlamentning rasmiy veb-sayti eng tezkor, eng ishonchli axborot manbaidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dilrabo JUMATOVA,
O‘zDJTU Xalqaro
jurnalistika
fakulteti tadqiqotchisi
|