Bugun ijtimoiy hayotning keng jabhalarini aks ettirishda, mamlakatimizda, jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni xolis baholab, jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Qolaversa, axborot asrida insonlarning yangilikka, axborotga ehtiyoji tobora oshib borayotgani bor gap. |
Yurtboshimizning quyidagi so‘zlari ham gazeta va jurnallar hayotimizda qanday ahamiyatga ega ekanini ifodalab beradi: “Milliy matbuotimizning sifatini, mahorat va ta’sirchanligini oshirish, uni rivojlangan davlatlarning ommaviy axborot vositalari erishgan yuksak talab va mezonlar darajasiga ko‘tarish uchun imkon beradigan shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni ta’minlash zarur”.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariga, ayniqsa, matbuot sohasiga yuksak e’tibor qaratilayotgan bir paytda obuna jarayonini har bir tahririyatning “o‘z muammosi” deb, mazkur masalaga panja orasidan qarash noto‘g‘ri. Ayni kunlarda “Obuna — 2012” mavsumi davom etmoqda. Ta’kidlash joizki, bu davr har bir bosma nashr jamoasi uchun chin ma’noda mas’uliyatli davr. Zero, gazeta yoki jurnalning ertangi istiqboli bevosita obuna jarayoniga bog‘liq.
Hozirgina tandirdan uzib olingan nondek qaynoq xabarlarga, kishini mulohazaga, mushohadaga undovchi o‘qishli maqolalarga boy gazetani mutolaa qilish har kimga huzur bag‘ishlaydi. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, oddiy jumlalarni maqolaga aylantirib, o‘quvchiga taqdim etishda jurnalistdan qanchalik mahorat talab qilinsa, oq qog‘ozni chiroyli ko‘rinishdagi gazetaga keltirish uchun harakat qilayotgan kompyuter ustasidan, uni rang-barang ko‘rinishda bosilishiga mas’ul bo‘lgan insonlardan ham yuksak did, saviya talab etiladi. Demak, bir dona gazeta yoki jurnalni muxlisga havola etish uchun bir qancha insonlarning ko‘z nuri, qo‘l mehnati jo bo‘ladi.
Aksariyat hollarda matbuot do‘koniga kelgan gazetxon gazeta va jurnallarning narxidan shikoyat qiladi. Ularning fikricha, ikki varaqdan iborat qog‘ozning narxi osmonda emish. Ammo buni qarangki, oyda bitta gazeta sotib olishga ko‘zi qiymagan inson har hafta sotuvga chiqadigan seriallarni bir necha barobar qimmatga xarid qilishdan og‘rinmaydi. Vaholanki, 3-4 ming so‘mlik jangari filmdan ko‘ra, 500-600 so‘m turadigan gazeta insonning dunyoqarashini, fikrlash doirasini boyitishga ko‘proq xizmat qiladi-ku!
Shu o‘rinda bugun yoshlarimiz orasida gazetaga bo‘lgan qiziqish, ehtiyoj pasayib borayotganini taassuf bilan qayd etish lozim. Aksariyat yoshlar gazeta, kitob mutolaasidan ko‘ra, kompyuter o‘yinlariniyu, ehtirosli seriallarni tomosha qilishni ma’qul ko‘rishadi. Do‘stlarimdan oxirgi marta qachon va qanday gazeta o‘qiganliklarini so‘rab ko‘rdim. Afsuski, ularning aksariyati gazeta o‘qish u yoqda tursin, hatto qanday gazetalar chop etilayotganidan ham bexabar. Muntazam kuzatib boradiganlari ham gazetalarni televidenie dasturlarini ko‘zdan kechirish uchungina sotib olishar ekan.
Ma’lumotlarga qaraganda Norvegiyada har ming kishidan 588, AQShda 215, Rossiyada esa 105 nafari vaqtli matbuot nashrlarini muntazam o‘qib boradi. Gazetxonlarimizning bu boradagi natijalari esa quvonarli emas.
Bugun matbuot do‘konlaridan turli sohaga oid yangiliklarni yorituvchi gazeta va jurnallarni ko‘plab topish mumkin. Ular orasida o‘z o‘rniga, uslubiga ega nashrlarning borligi quvonarli. Xulosa qilib aytganda, obuna jarayoni ham ma’naviy hayotimizdagi katta sinov. Ommaning ongini yanada o‘stirishda, dunyoqarashini shakllantirishda gazeta-jurnallarning o‘rni bo‘lakcha. Matbuot nashrlariga obuna uyushtirishga mutasaddilik qilayotgan idora va tashkilot rahbarlari, jamoatchilik ana shu jihatlarga e’tibor bersalar yomon bo‘lmasdi.
Bahodir MO‘MINOV,
jurnalist
|