Jurnalistika

03 Noyabr 2011 18:51
TAFAKKURNING UCHQUR MAHSULI
O‘z vaqtida odamlarni hayratga solgan har qanday yangilik yoki ixtiro kun o‘tib oddiylik kasb etishi haqiqat. Ilk bor poezdni ko‘rib dahshatga tushgan, samolyot parvozini mo‘jizadek kuzatgan, mo‘jazgina qutichadan taralayotgan ovozni hayajon bilan tinglagan ota-bobolarimizning hayrati hamon bizni tark etganicha yo‘q.
Zero, bu hayrat ta’sirida yana minglab ajoyib ixtirolar yaratildiki, ular taraqqiyotni tobora yuksak pog‘onalarga ko‘tarmoqda. Shulardan biri — bugun dunyoni qamrab olgan internetdir.
Xo‘sh, internet qanday paydo bo‘lgan? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. 1888 yili ixtirochi U.Berrou katta sonlarni qo‘sha oladigan ilk hisoblash mashinasiga asos soldi. 1944 yili X.Eyken “Mark I” nomli 4,5 tonnalik “ketma-ket boshqariladigan avtomatik hisoblash asbobi”ni yaratgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Pensilvaniya universiteti olimlari — J.Ekret va J.Mokli “ENIAK” nomli birinchi elektron kompyuterni ixtiro qildi. 1946 yili Fon Neyman yuqorida sanab o‘tilgan mashinalarni boshqarish uchun ikki taraflama hisoblash sistemasini taklif etdi, shu bilan birga, ushbu mashinalarga manba kiritish, saqlash va buyurtmalarni boshqarish prinsiplarini ishlab chiqdi.
Informatsion jamiyatga o‘tishda muhim o‘rin tutgan asosiy texnologik kashfiyotlar qatoriga yarim o‘tkazgichlarni ham kiritish maqsadga muvofiq. Aynan shu manbalar kompyuterga hayot baxsh etdi. Natijada kompyuter nafaqat informatsiyalarni qayta ishlashda inqilob yasadi, balki axborot oqimini boshqarish funk­siyasini ham o‘z zimmasiga oldi. Shu tariqa 1971 yili ilk mikrosxema paydo bo‘ldi, 1981 yili esa IBM kompaniyasi tarafidan birinchi personal kompyuter ishlab chiqildi.
Mutaxassislar hisobiga qaraganda, 1960 yilga qadar dunyo bo‘yicha 7 mingga yaqin kompyuterdan foydalanilgan. Oradan 33 yil o‘tib, 1993 yili tarixiy burilish davri boshlandi. Bunga sabab ilk marotaba personal kompyuterlar yengil avtomashinalarni ishlab chiqarish ko‘lamidan oshib, 35,4 million donaga yetdi. 1995 yili esa ularning soni taxminan 60 millionni tashkil etdi. Ammo dastlabki kezlari ushbu noyob texnologiyalar informatsion jamiyatning asosiy vositasi bo‘lgani yo‘q. Chunki yaqin o‘tmishda kompyuterlar bir-biri bilan mutlaqo aloqasiz ishlar edi. Informatsion inqilobning keyingi bosqichi global kompyuter tarmoqlarining paydo bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bu alohida maxsus kompyuterlarning beqiyos qudratga ega ekani hamda ularning informatsion imkoniyatlarining oshishiga olib keldi.
O‘tgan asrning 60-yillarida AQSh Mudofaa vazirligi oldida sobiq SSSR bilan yadroviy muammolar tug‘ilguday bo‘lsa, davlatni qanday bosh­qarish kerak, degan muhim strategik vazifa turardi. Boshqacha qilib aytganda, AQSh agar raqib tomon milliy kommunikatsiya markaziga zarba bersa, markaz, davlatning harbiy rahbarlari bilan Amerika strategik kuchlari o‘rtasidagi aloqani ta’minlay olmay qolishidan qo‘rqar edi. Bu topshiriqni bajarish AQSh Mudofaa vazirligining ARPA (Muhim loyihalarni tadqiq qilish agentligi) nomi bilan ma’lum bo‘lgan departamentiga topshirildi.
Olib borilgan tadqiqotlar natijasi o‘laroq, alohida mustaqil segmentlardan tashkil topgan markazlashgan tarmoq tuzish kerak, degan to‘xtamga kelindi. Markazlashgan tarmoqning informatsiya almashish negiziga axborot ma’lumotlarini mayda bo‘lak — “paket”larga bo‘lib, turli yo‘llar bilan maqsad sari eltuvchi asosiy konstruktsiya kiritildi. Buning uchun har bir “paket” manzil bilan ta’minlangan bo‘lib, agar biror sababga ko‘ra u oluvchiga yetib bormasa yoki borgunga qadar faktlarning buzilish holatlari kuzatilsa, bunday vaziyatlarda axborot qaytadan yuborilardi. Shu tarzda 1969 yilga kelib ARPANET paydo bo‘ldi. Milliy ilmiy fond tomonidan ilmiy kompyuterlar tarmog‘i tashkil qilinib, ARPANET bilan birlashtirilgach, 1986 yili dunyo kompyuter tarmog‘i — internetning qabul qilinish nuqtasi deb topildi.
Shundan buyon uning mash­hurligi mudom o‘smoqda, iste’molchilarning soni ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, har oyda 10 foizdan ortib bormoqda. Internet bugungi kunda elektron xabarlarni jo‘natish borasida odamlar va g‘oyalarning uchrashuv maydoniga, shuningdek, axborot, kommunikatsiya va o‘yinlar dunyosida “masofa” bilmas hududga aylanib ulgurdi. Aynan u millionlab odamlar va yuzlab mamlakatlarni birlashtirdi, geografik masofani qisqartirdi, shuningdek, madaniyat, fan va bilim sohasidagi turli ko‘rinmas devorlarni olib tashladi. AQSh savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, radio o‘z auditoriyasini 50 million odamga yetkazish uchun 30 yil, televideniega 13 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, internetga bor-yo‘g‘i 4 yil kifoya qildi.
1993 yili dunyo bo‘yicha 70 ming odam internet tarmog‘idan foydalanardi. 1999 yilda ularning ko‘rsatkichi 200 millionga yaqinlashdi, 2005 yilda esa ularning soni 1 milliardga yetdi. Internetdan foydalanuvchilarni hududlarga taqsimlaydigan bo‘lsak, ularning miqdori har joyda turlicha ekani ma’lum bo‘ladi. Iste’molchilarning 32 foi­zi Yevropada, 31,45 foizi Shimoliy Amerika (AQSh va Kanada)da bo‘lsa, Yaqin Sharq va Afrikada esa bu ko‘rsatkich ancha past.
Keyingi paytda internet tarmog‘ining an’anaviy xizmatlar ro‘yxati yangi turdagi turli xizmatlar bilan boyib bormoqda: internet-magazin, elektron auksion, internet yordamida turli xil bank operatsiyalari, personal moliyalarni boshqarish, interaktiv televidenie, video-musiqa, videoo‘yinlar... Ularga talab yuqori bo‘lgani uchun internetga kirish tez, oson va arzon. ComScore kompaniyasining ma’lumotiga ko‘ra, 2002 yilning ikkinchi choragida AQShda onlayn savdosi bilan shug‘ullangan odamlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga o‘sgan. Sayohat uchun onlayn xarajatlar esa 46 foizga o‘sib, 7,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Internetning “biznesga-biznes” tarmoqli bozori (V2V) hamda virtual magazinlar ham tez rivojlanmoqda. Tarmoqdan foydalangan holda tovar sotib oluvchilarning soniga ko‘ra, dunyo bo‘yicha Janubiy Koreya AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2002 yilning birinchi choragida koreyalik internet iste’molchilarining 30 foizga yaqini tovar sotib olgan. Onlayn tizimida sotib oluvchilar soniga ko‘ra uchinchi o‘rinni Germaniya egallab turibdi. U yerda asosan ommabop tovarlar, masalan, kitob savdosi — 33 foiz, kiyim-kechaklar — 21 foiz, elektronika mahsulotlari — 19 foiz, kino va teatr chiptalari 14 foizni tashkil etadi.
Informatsion jamiyatning falsafiy mohiyatlaridan biri yapon olimi I.Masudaga tegishli. Uning fikricha, yangi jamiyat poydevori kompyuter texnologiyasi zohiriy ko‘rinishining bosh funksiyasi va inson aqliy mehnatining sezilarli kuchayishi bilan shakllanib boradi. Informatsion-texnologik inqilob zudlik bilan yangi ishlab chiqarish kuchiga aylanadi, tasniflangan ma’lumotni, yangi texnologiya va bilimlarni ommaviy ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Potentsial bozor eng muhim muammoni hal qilish va hamkorlikning rivojlanish imkoniyatlari o‘sishida “anglangan chegara” bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, internetning dunyo bo‘ylab keng miqyos­da ommalashishi sivilizatsiya jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi barobarida, jismoniy va ruhiy masofalarning tobora qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Bu jarayon yanada tezkorlik va keng ko‘lamda davom etishiga shubha yo‘q.
                                                                            Ulug‘bek ASROROV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM