Quyida «kunchiqar mamlakat»ning eng yetakchi gazetalari haqida qisqacha ma’lumot bilan tanishasiz.
1. “Yomiuri Shimbun” — kuniga 10 million nusxa atrofida chop etiladi. U Yaponiyada eng mashhur nashr hisoblanib, xalqchil uslubga ega. Gazeta tahririyati dunyo miqyosida axborot almashib turish maqsadida qator xorij nashrlari bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasi bilan maxsus shartnoma imzolagan, “TV Asahi” bilan ham do‘stona munosabat o‘rnatgan.
2. “Asahi Shimbun” — adadi bo‘yicha mamlakatda ikkinchi o‘rinni band etgan gazeta. Universitetga kirish imtihonlarida gazeta maqolalaridan foydalaniladi. “Nippon TV” bilan hamkorlik qiladi.
3. “Mainichi Shimbun” — o‘quvchilari ko‘pligi jihatidan uchinchi o‘rinda turuvchi nashr. U har kuni deyarli 4 million gazetxon qo‘liga yetib boradi. Liberal pozitsiyadagi bu gazeta TBS bilan yaqin aloqada.
4. “Nikkei Shimbun” — iqtisodiy gazeta. “Wall Street Journal” jurnaliga juda o‘xshab ketadi. Kunlik nusxasi nuqtai nazaridan mamlakatda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Kuniga 3 million nusxada tarqaladi. “TV Tokyo” bilan hamkorlik qiladi.
5. “Sankei Shimbun” — konservativ, Amerika siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi gazeta. Har kuni 2 million nusxada chop etilishi bilan Yaponiya gazetalari o‘rtasida oltinchi o‘rinni zabt etgan. Mazkur nashr ham boshqa milliy gazetalar singari mashhur va o‘z pozitsiyasiga sodiqligi bilan ajralib turadi. Xorijiy hamkori — “Fuji TV”.
E’tiborlisi, Yaponiyada talay hududiy gazetalar ham borki, ular ham kattagina tirajda chop etiladi. Masalan, Kanto viloyatining “Tokyo Shimbun”, Tyuba viloyatidagi “Chunichi Shimbun”, Xokkaydo viloyat nashri “Hokkaido Shimbun” hamda Toxokudagi “Kahoku Shimpo” gazetalari shular jumlasidandir. Shuningdek, kundalik biznes va texnologiya yangiliklari haqida ma’lumot berib boruvchi “Nikkan Kogyo Shimbun” gazetasi ham o‘quvchilar tomonidan yaxshi kutib olinadi.
Mamlakatda faqat birgina gazeta Yaponiyaning inglizzabon aholisi uchun nashrga tayyorlanadi. Bu — “The Japan Times”dir. Dinga qiziquvchi aholi uchun esa “Soka Gakkai International” gazetasi o‘zining ilova nashri sifatida “Seikyo Shimbun” nomli maxsus kundalik byulletenini nashr etadi.
Ulug‘bek ASROROV
|