Jurnalistlik, muharrirlik noni qattiqligini Farmonning kitoblari — dil izhorlaridan bilamiz. Lekin nazmda, ayniqsa, aruz vaznida ash’or bitish, turfa janrlarda imkoniyatini bilishga urinish, g‘azal, muxammas, ruboiylarda ulug‘lar panjasiga panja urish bir necha chandon qiyin. Buni muallifning o‘zi yaxshi his etgani bois, asar muqaddimasida devon tuzish alohida mehnat va ilm talab qilishi, bir qancha shoiri davronlardan maslahat olgani, aruzning yigirmaga yaqin usullarida qalam tebratgani, muashshah (o‘nlik) yozishga va ayrim tovush belgilaridan radif yasashga qurbi yetmagani, sun’iy yozishni esa ep ko‘rmaganini ochiq tan oladi.
E’tiborlisi, devonning asosiy qismini g‘azallar tashkil etadi. Ularning alifbo harflariga bag‘ishlangani yangilik, to‘g‘rirog‘i, «unutilayozgan yaxshi eskilik». (Muallifning avvalgi she’riy kitobchalaridan birida so‘zlari «S» harfi bilan boshlanadigan nazm tizmasi bitganini ko‘rgan edik.) Devonda har bir harfga mos sarlavhalar topib qo‘yilgan: «A» harfining anvoyi atirlari», «B» harfi ranglari, boyliklari», «G» harfining ganju gavharlari», «Yo» harfining yog‘dulari» kabi. Qo‘sh misralar g‘azal bag‘ishlangan harf bilan tugallanadi: «yangicha», «aylama», «yona», «sabab», «istab», «birov», «qirov», «etding», «ko‘zing», «bo‘lmasang», «mahliyo», «hayo» va hokazo.
Qadimda shoirlar g‘azalning shakli-shamoyiliga alohida e’tibor berishgan, harflardan hisob-kitob, bosh harflardan ism-shariflar chiqarishganki, bu — katta mehnat, mahorat talab etgan. Ayni chog‘da mazmunni qurbon qilish evaziga shaklga ortiqcha zeb berishga urinish formalistik yo‘lga olib kelgani sababli she’rning shuhrat qozonolmagan hollari ham ko‘p bo‘lgan. Shoir bu xavfdan ogoh shekilli, ma’no, mazmunni birinchi o‘ringa qo‘yishga, eski, sinalgan shakllarda bugunning gapini aytishga, dilida borini samimiy izhor etishga intilgan va ko‘p hollarda bunga muvaffaq bo‘lgan. Mana, «A» harfli g‘azalning ayrim misralari:
Shu qutlug‘ yurt bizniki, sarhadi o‘sha-o‘sha,
Erkli tuyg‘uga to‘lgan tik kelbati yangicha.
Yerdagi jannat shudir, to‘rt faslida unar gul,
Oh, bu kimlarga orzu, ko‘rk-ziynati o‘zgacha.
Shuningdek, shoir ijod mahsulida voqelik lavhalari, yangi zamon nishonalari, turfa o‘zgarishlar, insoniy fazilatlarni ohorli tashbih, mo‘‘jaz chizgi orqali ifodalash, noxush holatlar, ayrim kaslarga xos qusurlarni ma’nodor detal, tagdor ishora vositasida berishga intilgan.
Bundan tashqari, Farmon Toshev musaddas, musabba’, muashshah, musta’zod, tarjibband, tarkibband, fahriya, marsiya, nazira, masnaviy ruboiy, tuyuq, fard, chiston janrlarida ham qalamini sinab ko‘rganki, ularning fazilat, nuqsonlari tadqiqini qilni qirq yoradigan aruzshunoslar hukmiga havola etaylik. Qolaversa, hassos adib Asqad Muxtor «Tundaliklar»idagi: «She’rni tahlil qila boshlasalar g‘ashimga tegadi. Bahorgi havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo undan ko‘ra ko‘krakni to‘latib nafas olgan yaxshi emasmi?» — degan so‘zlari yodimga tushdi. Shu sabab Farmonning devonini ming usulga solib tahlil qilgandan ko‘ra, uni o‘qib, yozuvchi dardini, uning hayotga bo‘lgan munosabatini, yurtimizdagi o‘zgarishlar va istiqlol odamlari haqidagi o‘y-xayollarini his etish yanada maroqli, yanada ajoyib.
Saydi UMIROV |