Yana sanoqli kunlardan keyin nishonlanadigan Yangi yil farzandlarimizning eng sevimli bayramlaridan biri bo‘lsa, ajabmas. Chunki ular oz emas, ko‘p emas — o‘n ikki oy intizorlik bilan kutgan Qorbobo va Qorqiz bilan uchrashadi, ularga yodlagan she’r va qo‘shiqlarini aytib berishadi. Evaziga sovg‘alar olishadi. Bolajonlarga “archa bayrami” yoqishining sabablaridan yana biri — bu paytda ular qishki ta’tilda bo‘ladi.
Yurtimizda har yili turli tashkilotlar, ijodiy jamoalar va birlashmalar tomonidan bayram va ta’til kunlarida bolajonlarning dilini shodu xurram etish maqsadida bir-biridan qiziqarli va ajoyib tadbirlar tashkil etiladi. Joriy yil ham bu an’ana davom ettirilmoqda.
Yangi yil tadbirlaridan eng asosiysi — hademay poytaxtimizdagi muhtasham “Turkiston” san’at saroyida o‘tkaziladigan “Prezident archasi” bayram tadbirini Yurtboshimizning Vatanimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodga bo‘lgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi ifodasi sifatida e’tirof etish mumkin. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, qolaversa, butun xalqimiz bolalari uchun har yili tashkil etiladigan ushbu bayram nihoyatda rang-barangligi, qiziqarliligi bilan bolajonlar qalbidan joy olgan. 29-30 dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan bu yilgi “Prezident archasi” tadbirida “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi o‘zining rang-barang chiqishlarini namoyish etishni ko‘zda tutmoqda.
Shuningdek, o‘zining “Oltin jo‘ja”, “Sirli sandiq”, “Zumrad va Qimmat”, “Ot yig‘lagan tomonlarda”, “Ming bir kecha” kabi spektakllari bilan minglab yoshlarning qalbidan joy olgan Respublika yosh tomoshabinlar teatri jamoasi ham Yangi yil arafasida va qishki ta’til kunlarida bolajonlarni xushnud etish niyatida bir qator bayram dasturlarini tayyorlagan. Ana shulardan biri “Qorbobo xaloskori” musiqali ertak pesasidir. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Javlon Toshxo‘jayev tomonidan yaratilgan mazkur sahna asarida ezgulikning yovuzlik ustidan doim zafar qozonishini sodda va tushunarli, ahamiyatlisi, bolalar tushuna oladigan epizodlarda ifodalab berilgan. Spektakl bosh qahramoni — maktab o‘quvchisi Anvarning sehr-jodular orasidagi sarguzashtlari yosh avlodning hech bir vakilini e’tiborsiz qoldirmaydi. Shuningdek, ushbu asardan o‘rin olgan turfa qo‘shiq va raqslar ham yosh tomoshabinlarning bir umr qalbida muhrlanib qolishi turgan gap.
Atayin Yangi yil bayrami va qishki ta’til kunlariga mo‘ljallanib sahnalashtirilgan “Qorbobo xaloskori” spektakli shu yil 26 dekabrdan kelgusi yilning 10 yanvarigacha kuniga to‘rt marta, soat 1000, 1200, 1400 hamda 1600larda namoyish etilishi rejalashtirilgan. E’tiborli tomoni, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari va imkoniyati cheklangan bolalar asarni bepul tomosha qilishadi.
Odatda, bayram va ta’til kunlarida ota-onalar ishda bo‘ladi. Buni hisobga olgan teatr jamoasi 2012 yildan boshlab shanba va yakshanba kunlari ham bolajonlar bilan birga bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib olishgan. Qolaversa, “Mustahkam oila yili” munosabati bilan jamiyatimizning bosh bo‘g‘ini oila, undagi ezgu tuyg‘ular mushtarakligi va milliy qadriyatlarimizga bag‘ishlangan yangidan-yangi spektakllarni sahnalashtirishni niyat qilishgan.
Bundan tashqari, Respublika yosh tomoshabinlar teatri jamoasi yaratilgan sahna asarlari mualliflarini taklif etib, madaniyat maskaniga kelgan bolajonlar bilan suhbatlar uyushtirishni mo‘ljallab turishibdi.
— Ma’lumki, har bir bola spektaklni tomosha qilganidan so‘ng unda bir qator savollar paydo bo‘ladi, — deydi bu borada fikr bildirar ekan teatr direktori Said Alimxo‘jayev. — Ularga eng yaxshi javobni esa ssenariy mualliflari berishadi. Negaki, ular asar qahramonlarini sizu bizdan yaxshiroq tushunishadi, his etishadi.
Yana bir gap. Teatr ijodkorlari tomonidan “Qor malikasi” spektakli rus tilida ham namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Bu sahna asari bir haftada to‘rt marta qo‘yiladi.
Barcha ijodiy jamoalar singari Respublika Qo‘g‘irchoq teatri vakillari ham bolajonlar bayram va ta’tilni maroqli o‘tkazishlari uchun ko‘plab chiqishlar tayyorlashgan. Jumladan, A.Chejikov va V.Smirnov tomonidan yaratilgan “Qorbobo archasi” spektakli 24 dekabrdan 10 yanvargacha kuniga ikki mahal, soat 1100 va 1300da namoyish etiladi. O‘ylaymizki, bu sahna asari ham sarguzashtlarga va qiziqarli voqealarga boyligi bilan dilbandlarimizga manzur bo‘ladi.
Bugun barchaning uyida kichik kinoteatrlar bor. Ularda xohlagan ekran asarini mazza qilib ko‘rish mumkin. Lekin buning gashti kinoteatrlarga borib film tomosha qilganchalik emas. Ayniqsa, bolalar uchun katta ekranlarda kinoni kuzatish o‘zgacha shavq va zavq bag‘ishlaydi. Mana shularni hisobga olgan “O‘zbekkino” milliy agentligi yangi bir film taqdimotini o‘tkazdi. Taniqli rejissyor Hamidillo Hasanov tomonidan yaratilgan “Uchar ot” kartinasi bayram va ta’til kunlari kinoteatrlarda qo‘yilishi rejalashtirilgan. Fantastik janrdagi ushbu filmda umumbashariy tuyg‘ular tarannum etilgan bo‘lib, undagi har bir detal farzandlarimizni befarq qoldirmaydi. Ularning qalbiga ezgulik urug‘ini sepadi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, barcha ijodiy jamoalar qatorida Toshkent davlat sirki ham Yangi yil bayramiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Sirk jamoasi tomonidan “Sehrli ertaklar kitobi” nomli dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unda masxaraboz va turli hayvonlar ishtirokida bir-biridan ajoyib chiqishlar ommaga havola etiladi. Joriy yilning 24 dekabridan kelgusi yilning 10 yanvariga qadar davom etadigan sirk tomoshalari bir kunda besh marta, soat 1000, 1200, 1400, 1600, 1800 larda namoyish etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda Yangi yil bayramining ko‘tarinki ruhda o‘tishiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ommaviy tadbirlar tashkil etiladigan joylar hamda Madaniyat va istirohat bog‘larida ko‘rkam archalar bezatilib, bolajonlar uchun ajoyib-g‘aroyib spektakllar tayyorlanmoqda. O‘ylaymizki, bu yilgi Yangi yil bayrami ham farzandlarimizning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Azim RO‘ZIYEV,
“Hurriyat” muxbiri
|