Kitob haqida gap ketganda, beg‘ubor bolaligim, dabdabalardan xoli oddiygina uyimiz, mehmonxonamiz to‘rida turgan kitob javoni ko‘z oldimga keladi. Otam hisobchi, ayam oddiy uy bekasi bo‘lishiga qaramay, kitob javonimizda barcha o‘zbek va qardosh xalqlar yozuvchilarining asarlari topilardi. Otam har oyligidan, albatta, besh-oltita yangi kitob xarid qilar, shu kuni uyimizda bayram bo‘lib ketardi. Mening eng sevimli mashg‘ulotim kitob mutolaa qilish edi. Qani, hech kim halaqit bermasa-yu, tunu kun kitob o‘qib o‘tiraversam, deb orzu qilardim. Tag‘in orziqib kutadigan mehmonim pochtachi Tojiboy ota edi. Uyimizda “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Fan va turmush”, “Saodat” jurnallarining bir necha yillik to‘plamlari saqlanardi. Ayniqsa, “Sharq yulduzi”da bosilgan roman, qissa, hikoyalarni bir-birimizdan qizg‘anib, talashib o‘qirdik.
Bo‘yimiz cho‘zilib ko‘zga ko‘rina boshlaganimizdan keyin onam bizga sep yig‘ish g‘amiga tushib qoldi. Bir kuni nima bo‘ldi-yu, gapdan gap chiqib: “Ayajon, menga sep qilib o‘tirmang, yaxshisi bir sandiq kitob qilib bering”, debman. Farishtalar omin deganmi, yoki peshonamga bitilgan taqdiri azalmi, onajonim menga atab qilgan seplar turmushga chiqqanimdan keyin ham, Toshkentda uyimiz yo‘qligi sabab uzoq yillar ota uyimda qolib ketdi. Men esa kelinlik davrimni bir olam kitoblar ichida o‘qish, o‘rganish, mutolaa bilan o‘tkazganim rost. Eng katta boyligim ham, quvonchu tashvishim ham kitoblarim edi. Azim Toshkentning u mavzesidagi ijara uydan bu mavzesidagi ijara uyga ko‘chganimizda, eng avvalo, kitoblarimni yig‘ardim va avaylabgina yumshoq matolarga o‘rab tugunlarga tugardim. Kitoblar solingan zil-zambil tugunlarni har ikki-uch oyda u yoqdan bu yoqqa tashish joniga tekkan turmush o‘rtog‘im: “Qayerdanam shu o‘qituvchiga uylanibman”, deb qo‘yardi...
Kitob mutolaasiga kirishgan odam biroz bo‘lsa-da, g‘amni unutadi, xayolot dunyosidan chekinib, asardagi qahramonlar hayoti bilan yashay boshlaydi. Men bunga hayotiy misol keltirmoqchiman. Beshafqat o‘lim to‘satdan onamni ellik besh yoshida bu dunyodan olib ketganida otam faqatgina kitobdan yupanch topdi, sevgan adiblari bilan sirlashib, dardiga malham izladi. Kunduzi nabiralar qurshovida, tundan tonggacha kitoblar bilan hamsuhbat bo‘ldi. Buyuk yozuvchilar bilan sirlashib yengil tortdi va hayotga qaytdi. Biroq nogahon kelgan o‘lim o‘ttiz uch yoshli alpkelbat ukam Iqboljonni bag‘rimizdan yulib oldi va bu og‘ir judolik hammamizni, ayniqsa, padari buzrukvorimni adoyi tamom qildi.
Men kechasi bilan yo‘l yurib uyimizga erta tongda yetib kelganimda darvozamiz oldida tumonat odam edi. Ular orasidan nigohlarim bilan otamni izladim. U o‘rindiqda bir parcha bo‘lib o‘tirardi. Oh, bir quchoqlab bag‘rimga bosay, desam katta to‘n ichida gavda yo‘q. Otaginam g‘amdan to‘kilib, mushtdekkina bo‘lib qolgandi. Ko‘zlari tanimaganday ma’nisiz boqar, ovozi ham chiqmasdi.
Shunday og‘ir kunlarda men o‘zimni qo‘lga oldim va otamga yordam berishga jazm etdim. Umrim bo‘yi o‘qigan kitoblarimni bir-bir eslab, ibratli hikoyatlarni yodimga tushirishga harakat qildim va dadamning yoniga o‘tirib olib hikoya qilib berishga tushdim: «Dadajon, bir podsho bo‘lgan ekan, uning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. Podsho safarga ketganida o‘sha bittayu bitta o‘g‘li vafot etibdi. Saroydagilar podshohi olamga xabar beraylik, desa, malika bunga yo‘l qo‘ymasdan: “Aslo, bunday qilmang, kelganlarida o‘zim yotig‘i bilan tushuntiraman”, — debdi.
Kun kelib podsho safardan qaytibdi. Malika podshohni bayramona bezatilgan saroyda kutib olibdi, shohona dasturxon yozdiribdi. Podsho yaxshilab ovqatlanib, dam olgach, malika sekingina gap boshlabdi:
— Podshohim, sizga shunday savolim bor: bir odam tuguncha bilan saroyga tashrif buyurib, tugunchani uzatib: “Mana shuni olib qo‘ying, kerak bo‘lganda olib ketaman”, desa nima qilgan bo‘lardingiz?
Podsho hayron bo‘lib:
— Olib qo‘yishni buyurardim, — debdi.
Malika yana savol beribdi:
— Vaqti kelib o‘sha odam qayta paydo bo‘lsa-yu, berib ketgan narsasini talab qilsa, nima qilardingiz?
Podshoning ensasi qotib:
— Ey, qiziqmisan, tezda qaytarib berishlarini buyurardim. Axir, qanday qilib omonatga xiyonat qilib bo‘ladi, — debdi.
Shunda malika yerga qarab dard bilan:
— Unda podshohim, bardam bo‘ling, taxt vorisingizdan ayrilib qoldik. Allohning omonati ekan, o‘zi berdi, o‘zi oldi, — debdi.
Podsho malikaning bu tutgan ishidan darg‘azab bo‘libdi, uni kaltafahmlikda ayblab, qozini chaqirtiribdi. “Qarang, bu aqli past ayol shahzodaning o‘limi haqida menga o‘z vaqtida bildirmadi, buning ustiga bugun meni bayramdek kutib oldi”, — debdi. Qozi ko‘p o‘ylanib o‘tirmay shunday javob qilibdi: “Ey, podshohi olam, shunday oqila jufti halolingizning borligi sizning baxtingiz. Malikai olam boshiga tushgan shunday katta kulfatni mana shunday ulug‘ sabru toqat bilan yengdi. Bunga, albatta, Allohning mukofoti bor”.
Otam bu hikoyatni eshitib o‘ylanib qoldi va yosh boladek meni savolga tutdi: “Qizim, podshoni farzandi o‘zi bittagina ekanmi?” “Ha, — dedim gaplarim besamar ketmaganidan jonlanib. — Sizga esa dadajon, Xudoyim besh farzand berdi. Keyin esa to‘rttasini sizga qoldirib, bittasini oldi. Shukur qilmasangiz, Allohning qahri keladi”. Otam indamay boshini egib oldi...
Endi bu holat har kuni takrorlanar, otam kech tushishi bilan har doimgi joyiga o‘tirib olib: “Gapir qizim”, derdi. Men yana o‘qiganlarimni hikoya qilishga tushib ketardim. Kundan kun o‘tib, nihoyat, mening ham ortga qaytadigan vaqtim bo‘ldi. Endi dilxasta otaginam meni uyimga yuborgisi kelmay, yosh boladek injiqlik qila boshladi. Shunda unga islom dunyosining buyuk namoyandalari Imom Buxoriy, G‘azzoliy, As-Samarqandiy kitoblarini topib berdim. Yana qiziq-qiziq kitoblar olib kelishni va’da qilib ortga qaytdim. Otam asta-sekin yana kitob mutolaasiga berildi. Qo‘ng‘iroqlashganimizda o‘qigan kitoblarini takror o‘qiyotganini, mendan yangi kitob kutayotganini eslatib qo‘yardi. Ha, g‘amguzor otajonimning farzand dog‘ida kuyib kul bo‘lgan yuragiga faqat va faqat kitob taskin bo‘la oldi.
Aziz birodarlar, ko‘rdingizmi, hech kim bizga kitobchalik taskin, o‘rinli maslahat, kerak bo‘lganda, tanbeh berolmaydi. U eng ishonchli do‘st, mehrli va qattiqqo‘l ustoz. Kitobga mehr qo‘ygan odamda yomonlik yo‘q. Uning qalbi toza, niyati pok, maqsadi ezgulik bilan yo‘g‘rilgan bo‘ladi.
Shunday ekan, keling, xonadoningiz to‘rida joylashgan chiroyli oynavand javoningizda, dam oladigan sevimli o‘rindig‘ingiz yonida, ish stolingiz ustida – hamma joyda va hamma vaqt o‘z sevgan kitoblaringiz bo‘lsin. Turmush chorrahalarida uchraydigan dilxiraliklardan nozik ko‘nglingizga ozor yetgan paytlar, qalbingizda yolg‘izlik sezib qiynalgan lahzalar, boring-ki, ishlaringiz baroridan kelmay tushkunlikka tushgan onlaringizda yaxshi ko‘rgan adibingiz bilan suhbatga shoshiling. Agarda kimnidir o‘zingizcha muhokama qila boshlaganingizni nogahon sezib qolsangiz, darhol to‘xtang va mutolaaga beriling. Qo‘shni ayol yoki hamkasbingiz bilan birovni g‘iybat qilgandan ko‘ra, kitob o‘qing. Kitob sizni yo‘l qo‘yajak xatolardan asrasa, ne ajab.
Salima XOLDOROVA,
NKMK 5-Kon boshqarmasi ma’naviyat targ‘ibotchisi |