Ma'naviyat

09 Dekabr 2011 20:00
HUQUQIY TARBIYA POYDEVORI
Hozirgi kunda ijtimoiy hayotimiz, ongu tafakkurimiz, kundalik faoliyatimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan «huquqiy tarbiya» tushunchasini shakllantiradigan omil va mezonlar haqida turli manbalarda turlicha fikr­lar, turlicha qarashlar ilgari suriladi.
Buni qarangki, ularning barchasida bu boradagi muhim bir asos, ya’ni huquqiy madaniyatni shakllantirishda oila institutining o‘rni va ta’siri beqiyosligiga urg‘u beriladi. Bu bejiz emas, albatta.
Ma’lumki, inson dunyoqarashining shakllanishida, kamol topishida barcha tushuncha va qarashlar singari “huquqiy madaniyat” tushunchasini anglab yetishining ahamiyati benihoya kattadir. Inson olamni bilish orqali dunyoqarashi, ongu tafakkuri shakllanib, rivojlanib boradi. Tabiiyki, bunda oila muhiti beqiyos rol o‘ynaydi. Chunki huquqiy munosabatlar tizimida alohida o‘rin tutadigan ierarxik munosabatlar, ya’ni har bir oila a’zosining ushbu tuzilmadagi o‘rniga qarab o‘ziga xos huquq va majburiyatga ega bo‘lishi va ularning har biri qat’iy bajarilishi, bunday ko‘nikmalarning tabiiy ravishda bolalikdan tarbiyalanib borishi keyinchalik shaxsning qanday huquqiy tarbiya va madaniyat egasi bo‘lib yetishishida katta ahamiyat kasb etadi.
Shu sohada ilmiy tadqiqot va kuzatishlar olib borgan olimlar, mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, ibratli oilada o‘sib-ulg‘aygan inson hech qachon ataylab huquqbuzarlikka qo‘l urmaydi. Aksincha, har qanday qiyin vaziyatda ham o‘z oldida ko‘ndalang bo‘lgan muam­moni qonuniy asosda hal etishga intiladi. Bu uning tarbiya ko‘rganidan, bunday hayot tarzini o‘zining vijdon amri, umrining ma’no-mazmuni deb bilishidan dalolat beradi. Bunday toifadagi insonlar qonun asosida yashab, qancha ko‘p orzu-intilishlariga erishsa, o‘zini shunchalik baxtli his etadi.
Ana shu holatning teskarisi o‘laroq nosog‘lom muhit hukmron bo‘lgan oilada voyaga yetgan odam esa, har qadamda qonunni buzish,  boshqalar, jumladan, o‘zining eng yaqin qarindoshlari manfaatlarini mensimaslik, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilish, g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishni odatiy hol, deb hisoblaydi. Bunday toifadagi kimsalar jamiyat uchun katta xavf-xatarga aylanadi. Shuning uchun ularning qing‘ir xatti-harakatlari qonun talablari asosida tezda bartaraf etiladi.
Ma’lumki, sog‘lom oilada munosabatlar sog‘lom asosga quriladi. Ota-ona o‘rtasidagi samimiy munosabat, ulardan har birining o‘z huquq va majburiyatlarini sidqidildan bajarishi, ayni paytda oilaning umumiy manfaatlari uchun har qanday qiyinchilikka tayyor bo‘lishi farzandlar uchun katta maktab vazifasini o‘taydi. Bunda, ayniqsa, bolalarning barcha qiziqish va intilishlariga o‘z vaqtida to‘liq javob berilishi, ularning qarovsiz qoldirilmasligi o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Chunki murg‘ak qalbida, ongu shuurida paydo bo‘lgan savollarga vaqtida javob topolmagan bola ularning yechimini o‘zicha qidirishga — kerakli-keraksiz, o‘rinli-no­o‘rin ishlarga qo‘l urishga odatlanib o‘sadi. Yoki qarovsiz qoldirilgan bolaning o‘z moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini mus­taqil hal etish uchun o‘z bilganicha harakat qilishdan bosh­qa iloji qolmaydi. Bunda, tabiiyki, yetarlicha hayotiy tajriba va ko‘nikmaning yo‘qligi tufayli nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanini bilmaydigan bola xato yo‘ldaligini hadeganda anglab yetmaydi. Bu xatolar haqida unga vaqtida aytilib, kerakli nasihat va ko‘rsatmalar berilmasa, bunday xatti-harakatlar uning uchun odatga aylanib qoladi. Tarki odat esa, xalqimiz ta’biriga ko‘ra, amrimaholdir. Shu tariqa, tarbiyaning noto‘g‘riligi oqibatida bir bolaning umri xazon bo‘ladi — u el-yurt uchun foydasi tegadigan hayot yo‘liga emas, balki jinoyat yo‘liga kirib ketganini bilmay qoladi.
Shuning uchun ham voyaga yetmaganlarning ta’lim-tarbiyasi, ularning ongu tafakkurini huquqiy madaniyat tamoyillari asosida shakllantirish masalasi, ayniqsa, bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bizning mamlakatimizda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, bu yo‘nalishda huquqiy targ‘ibot-tashviqot, ma’naviy-mafkuraviy tarbiya ishlarini samarali olib borish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilyapti. Bunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2000 yil qabul qilingan «Voya­ga yetmaganlar bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda o‘z tarkibida mahalla, xotin-qizlar, ma’naviyat va yoshlar tashkilotlari vakillari, katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalar, pedagoglar, ziyolilar, huquq-tartibot, hokimiyat idoralari xodimlari, deputatlarni birlashtirgan ikki yuzdan ziyod ana shunday komissiya samarali faoliyat ko‘rsatyapti. Bu komissiyalar jamoatchilik e’tiborini voyaga yetmaganlar o‘rtasida uchrab turadigan huquqiy, ma’naviy-axloqiy muammolarga qaratish va ularni hokimiyat, huquq-tartibot idoralari, nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda hal etishda, ayniqsa, muhim va ta’sirchan ijtimoiy omil vazifasini bajarmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 44 foizdan ziyodini voyaga yetmaganlar tashkil qiladi. Ana shunday katta kuchning kelajakda qanday insonlar bo‘lib yetishi, hech shubhasiz, davlatimiz va jamiyatimizning bugungi va ertangi kelajagini belgilaydigan eng muhim, hal qiluvchi masaladir. Shu bois, mamlakatimizda yosh avlodning nafaqat jismonan, ayni vaqtda ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta ahamiyat berilmoqda. Shu yo‘nalishdagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishda yuqorida zikr etilgan komissiyalarning faoliyati ham katta rolü o‘ynamoqda. Ularning faoliyatida boshqa bir qator ishlar qatori ijtimoiy himoyaga muhtoj voyaga yetmaganlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi tadbirlar ko‘lami ham tobora kengayib bormoqda. Jumladan, mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarda tarbiyalanayotgan bolalarning ahvoli, ma’naviy-psixologik rivojlanishidan xabardor bo‘lib turish, ularning yashash va o‘qish sharoitlarini yaxshilash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish borasida ibratli  ishlar qilinmoqda. Ke­yingi yillar davomida 28 ta mehribonlik uyi, 85 ta ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatning davlat va homiylik mablag‘lari hisobidan ta’mirlanib, zamonaviy o‘quv qurollari, tibbiy asbob-uskuna, sport va madaniyat anjomlari bilan ta’minlangani bu borada juda katta qadam bo‘ldi.
Oila muhitida, jamoa o‘rtasida tarbiyaning ibratli tajribalardan bahramand bo‘lib voyaga yetgan insonning ichki madaniyati, dunyoqarashi kutilmagan holatlarda ham ijobiy tomondan namoyon bo‘ladi.
Dunyoga mashhur futbolchi, hozirgi kunda Braziliyaning «Flamingo» jamoasi tarkibida to‘p surayotgan afsonaviy hujumchi Ronaldino bir o‘yinda raqib darvozasi tomon hujumga o‘tayotgan paytda qarshisida qushcha turganini ko‘rib qoladi. Jamoasi mag‘lubiyatga uchrayotgani, hujum uyushtirish uchun qulay vaziyatda turganiga qaramasdan, dar­hol hujumni to‘xtatib, ucholmasdan qiynalayotgan qushchani maydon tashqarisiga olib chiqib qo‘yish lozimligi haqida hakamga murojaat qiladi. Maydonni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar uning bu harakatini qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi. Bu dongdor futbol yulduzining nafaqat insonga, balki tabiatga ham hurmat ruhida tarbiya topgani, oddiy qushning ham yashash huquqini qadrlashi, buni huquqiy madaniyatining bir qismi deb bilishidan dalolat beradi.
Tarixdan misol keltiradigan bo‘lsak, Sohibqiron Amir Temur bobomiz haqidagi mash­hur rivoyat yodimizga tushadi. Unda aytilishicha, buyuk ajdodimiz harbiy yurishlari davomida o‘z chodiri tepasida bir musichaning in qurib, bola ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganining guvohi bo‘ladi. Tezda yo‘lga otlanib, belgilangan manzilga vaqtida yetib borishi, qudratli raqib qo‘shini bilan to‘qnashish oldida turganiga qaramasdan, ulug‘ Sohibqiron ana shu musichaning taqdiri haqida qayg‘uradi. Bu be­ozor qush bola ochib olguncha chodirga tegmaslikni buyuradi. Bundan tashqari, musichaning xavfsizligini himoya qilib turish uchun bir necha navkarni shu yerda soqchi qilib qoldirish haqida farmoni oliy chiqaradi.
Yuksak gumanizm, tabiatga, uning bag‘ridagi har bitta giyoh va jonivorga ulkan mehr, ayni chog‘da butun dunyoni o‘zaro bog‘liq va yaxlit bir sistema deb tushunishning yorqin namunasi bo‘lgan bunday misollarni  buyuk ajdodlarimiz, umuman yerga qadam qo‘yishdan oldin biron bir hasharot yoki o‘t-o‘lanni bosib olmayin, degan andisha bilan, har tomonlama o‘ylab, mulohaza qilib, hushyor va ohista qadam qo‘yadigan xalqimiz hayotidan ko‘plab keltirish mumkin.
Eng muhimi, bunday hayotiy misollar bu dunyoda har qanday ezgu g‘oya va tushunchadan maqsad insonni ulug‘lash, uning hamma narsadan aziz va mukarram bo‘lgan hayoti, shaxsiy huquq va manfaatlarining daxl­siz, qonun himoyasida ekanini chuqur tushunish va anglashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham huquqiy madaniyat borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda faqat yuridik atamalar, oddiy odamlarning qalbiga, yuragiga birdaniga yetib borishi qiyin bo‘lgan, tor akademik doira uchun mo‘ljallangan, hamma vaqt ham real hayot talablariga mos kelavermaydigan quruq ilmiy-nazariy gaplar bilan kifoyalanib qolmasdan, zamonlar, asrlar sinovidan o‘tgan mana shunday hayotiy misollardan keng foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu esa, o‘z nav­batida, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlarimizda huquqiy madaniy asoslarining real hayotiy voqealar orqali, butun-butun avlodlarning hayotiy qarashlari negizida shakllanishi, ularning ongu shuuriga muhrlanib qolishida beqiyos rol o‘ynaydi.
G‘ofurjon SHODIYEV,
Respublika Ma’naviyat
targ‘ibot markazi
Huquqiy targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM