— Shuhrat aka, asl san’atkorning yarq etib yuzaga chiqishi uchun iste’dod muhimmi yoxud imkoniyat? Qay biri san’atkorni katta sahna sari dadil yetaklaydi?
— Ba’zi hollarda moddiy imkoniyat qaysidir ma’noda “iste’dod”ni kashf etyapti. Aslida, iste’dod insonda tug‘ma bo‘ladi. O‘zini aniq bir sohada sinab ko‘rmagan, biror ishni uddalay olmagan ayrim “iqtidor sohiblari” esa imkoniyat evaziga kelgan vaqtinchalik shon-shuhratni iste’dod deb tushunishadi. Iste’dod qonda jo‘sh urdimi, demak, u umrboqiy, insonga ko‘p narsalar berishga qodir.
Hozir ba’zi kinoaktyorlar yoki boshqa soha vakillari qo‘shiq kuylayapti yoki aksincha san’atkorlar filmlarda rol o‘ynashmoqda. Sohalar biroz chalkashib ketyapti, chamamda. Vaholanki, san’at — futbol maydoni emaski, har kim xohlaganida kirib to‘p tepib ketaversa. Iqtidori bo‘lsa, xonish qilsin, toki u qalblarga qo‘shiq bo‘lib kirib borsin, odamlar sevib xirgoyi qilib yursin. Qo‘shiq — bu yurak ishi, u joy, vaqt yoki ortiqcha kuch talab qilmaydi. To‘g‘ri, mablag‘ kerak, albatta, lekin qo‘shiq yurakdan favvoradek sachrab chiqmas ekan, havo to‘ldirilgan shardan farqi yo‘q. Biroz muddat o‘tgach, yorilib ketishi turgan gap.
— Siz faqat jonli kuylaydigan xonandasiz. Jonli ijroning mashaqqatli jihatlari va muvaffaqiyatlarini nimalarda ko‘rasiz?
— San’atning asl ixlosmandlarigina jonli ijro bilan fonogramma o‘rtasidagi masofani aniqlab, qay birida uzoq, mashaqqatli odimlanganini darhol anglab yetadilar. Jonli ijro har qanday inson yuragining tub-tubiga kirib boradi, muxlislarning san’atkorga nisbatan hurmati va mehrini yanada oshiradi. Kontsertga kelgan muxlislar qo‘shiqlaringni eshitaman deb entikib turishsa-yu, xonandalar ularning ko‘zlariga tik boqib fonogramma kuylasa... Bunga mening vijdonim yo‘l qo‘ymaydi.
Aytilayotgan qo‘shiqning har bitta so‘zi yurakdan vulqondek otilib chiqmas ekan, tinglovchi ham yurakdan eshitmaydi. Biz yaratgan qo‘shiq qanchalar jozibali bo‘lmasin, uni chin dildan jo‘shib, berilib kuylamadikmi, qilgan mehnatimiz ko‘p hollarda yelga sovurilishi tabiiy. Chunki musiqaning sehri jonli ijroda, fonogrammada esa soxtalik ko‘zga tashlanib turadi. Ayrim tinglovchilar bu holga ancha ko‘nikib qolgandir balki, ammo san’atkor bunga o‘rganib qolmasligi tarafdoriman. Qaysi kasb bo‘lmasin, uning nonini halol topib yeyish faqat o‘zimizga bog‘liq.
— So‘nggi paytlarda kuylanayotgan aksariyat qo‘shiqlar mavzusi va g‘oyasi faqat “sevdim”, “kuydim”dan iborat bo‘lib qolyapti. Muhabbatni yengil-elpi, jimjimador so‘zlar bilan emas, jiddiyroq uslubda kuylash ham mumkin-ku.
— Har bir qo‘shiqni go‘zal darajada ijro qilib, xalqqa taqdim etish — san’atkorning asl orzusi. Buning uchun kamida ellik-yuz marotaba repititsiya qilish talab etiladi. Shunda qo‘shiq ijrochining ongiga, yuragiga singadi, kuylaganda ham yoqimli va ta’sirchan chiqadi. Ohang va ijro uyg‘unligi, qo‘shiqdagi so‘zlarning ma’nosini yurakdan his etib kuylash, improvizatsiya va sahna mahorati — bularning barchasi estrada xonandasi uchun o‘ta zarur. Bilmadim, balki qo‘shiqchi iste’dodli bo‘lsa, shuning o‘zi kifoyadir. Harqalay, aktyorlik mahorati ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo qo‘shiqni jonli ijro etib, tinglovchilar didi va talabini tekshirib ko‘rish mumkin bo‘lgan sahnalar tobora kamayib bormoqda...
Qo‘shiqning asl qo‘shiq bo‘lib jaranglashi va yillar o‘tganda ham o‘zining ohanrabosini yo‘qotmasligi uchun kuy hamda she’rning uyg‘unligini topa bilish juda muhim. Muhabbat mavzusi hech qachon eskirmaydi, dillardan o‘chib ham ketmaydi, biroq uning izhoru ta’rifi — “besh karra besh yigirma besh” qabilidagi she’rlar qo‘shiqqa aylansa, bu qudratli tuyg‘u o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin. Ustoz hofizlar ishq haqida insonning dil torlarini chertadigan darajada, maromiga yetkazib kuylashganki, ularni eshitib muhabbatning chinakam sehrini his qilasan kishi...
— Milliy teleseriallar uchun saundtrek yozishda sizning qo‘shiqlaringizga ko‘proq murojaat qilishmoqda. “Tutash taqdirlar” nomli ko‘p qismli videofilm ko‘pchilikka birdek manzur bo‘lgani bois, muxlislar yana takror efirga berilishini so‘rashdi. Ushbu serial saundtrekining yozilishi qanday kechgan?
— “Tutash taqdirlar” filmining boshlanishida aytiladigan “Yurak” nomli qo‘shiqni men kuylaganman. Film nihoyasidagi “Kesishadi tutash taqdirlar” nomli qo‘shiqni esa xonanda Afzal Husanov ijro etgan. Hali-hanuz kim qay birini kuylagani to‘g‘risidagi tortishuvlarni eshitib qolamiz. Afzal ikkimiz bunga ko‘nikib ham ketdik. “Yurak” qo‘shig‘imning musiqasini Doniyor Azimov yozgan, she’r muallifi Iqbol Mirzo. Serial rejissyori Zamira Begimqulova taklifiga binoan ushbu qo‘shiqni kuylaganman. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, film ichida yangraydigan “Kechikib kelgan sevgi” va “Qor” nomli qo‘shiqlarim ham stsenariy mavzusi bilan uyg‘unlashib ketgan.
— Biz Shuhrat Yo‘ldoshevni nafaqat ardoqli xonanda sifatida taniymiz, balki shifokor ekanidan ham xabardormiz. Har ikki sohaning uddasidan chiqishga qanday erishdingiz?
— To‘g‘ri, ko‘pchilik meni san’atkor sifatida yaxshi taniydi. Ammo tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarimning soni ham anchagina. Najot izlab murojaat qilgan bemorlarga studiyada, ovoz yozish paytida bo‘lsa ham qo‘limdan kelganicha yordam beraman.
San’at — mening yuragim. Kasbim shifokorlik bo‘lsa-da, san’atga bo‘lgan mehrim bo‘lakcha. Uni bir umr tark etolmasam kerak. Shundanmi, hozir faqat ijodiy izlanish bilan mashg‘ulman.
— Suhbatlaringizning birida o‘zingizga Shuhrat Daryo deb yangi taxallus tanlaganingizni ma’lum qilibsiz. Buni qanday izohlaysiz?
— Tabiatning mo‘‘jizasi bo‘lgan daryo kenglik, cheksizlik timsoli. U har tomonga to‘lib-toshib oqqani kabi insonga in’om etilgan iste’dod ham chegara bilmay yuraklardan otilib chiqadi. Men tanlagan ijod yo‘li ham xuddi daryodek sertoshqin, nihoyasiz bo‘lishini nazarda tutgan holda shu nomni ma’qul topdim.
Kichik irmoqlar birlashib asov daryoni yaratadi. Inson ham erishgan kichik yutuqlaridan kibrlanib qolmasdan, ijodning katta dovonlari sari dadil qadam tashlashi, har doim nimagadir erishish uchun intilishi lozim. O‘z navbatida, bu nom menga juda katta mas’uliyat ham yuklaydi. Ko‘nglim shoshqin daryo singari yugurgilashini istayman.
Dilafro‘z TO‘RAQULOVA
suhbatlashdi |