Ma'naviyat

10 Noyabr 2011 11:46
JANOB TARBIYA
«Ta’lim» va «tarbiya» tushunchalari hech qachon bir-biriga zid qo‘yilmagan, qolaversa, ular o‘rtasidagi chegara ham nisbiy. Aksariyat hollarda hayotda ta’lim muhim, savodsiz yashab bo‘lmaydi, degan mulohazalarga ham duch kelasiz. Ammo negadir hech kim «tarbiyasiz yashab bo‘ladi» deb dangal ayta olmaydi.
Mabodo shunday gap til uchiga kelib qolsa, dastlabki mulohazadanoq tiyilamiz. Negaki, tarbiya bilan hazillashib bo‘lmaydi. Demak, inson kamolida tarbiya birlamchi ekan-da?!.
Ish yuzasidan bir voqeaga guvoh bo‘ldik. Uning sharhi qanchalik alamli bo‘lmasin, so‘zlovchi o‘zini nechog‘li oqlamasin, gap «Janob Tarbiya»ga borib taqalaverdi. Ko‘rinmas bu qudrat ko‘p narsalarga qodirligini bot-bot eslatib turadi.
...Bu maktubni beparvo o‘qib bo‘lmasdi. Unda hayotga katta umidlar bilan qadam qo‘ygan, ammo birinchi ushlagani cho‘g‘ bo‘lib chiqib, qo‘lini kuydirgan va shu bilan butun orzulari barbod bo‘lgan ayol qalbining iztiroblari juda ta’sirchan ifodalangan edi: «Men baxt do‘konida navbatga turganlarning oldingi qatorida edim. Hammani sevardim, odamlarga yomonlikni ravo ko‘rmasdim va shuning evaziga niyatimga yetaman, deb o‘ylardim. Afsuski ... ». Albatta, u atrofdagilarni ayblar, o‘zini haq deb hisoblar, shu orqali tiriklikka nafratini yashirmasdi.
Aslida ham shundaymi? Axir hech narsa behuda sodir bo‘lmaydi-ku.  Badanga behikmat zirapcha sanchilmas... Atrofimizda baxtdan masrur, chinakamiga hayot ardog‘ida umrguzaronlik qilayotgan son-sanoqsiz odamlar borligiga e’tibor qilaylik. Shubhasiz, ularga ham faqat yaxshi kunlar sovg‘a qilinmagandir. Balki bu vaqtichog‘likka ular toshni kemirib, suvni simirib yetishgandir.
...U barbod bo‘lgan turmushi haqidagi alamli hikoyasini yakunladi. Albatta, ko‘plab baxti qaro bo‘lgan juvonlar kabi u ham omadsizligida o‘zgalarni, ko‘proq sobiq turmush o‘rtog‘ini yomonlar, o‘zini qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan qilib ko‘rsatardi. Holbuki, xalqda «Qars ikki qo‘ldan» degan gap bor. Omadi gap esa har kim hayotdan izlaganini topadi. Agar kimgadir do‘st kerak bo‘lsa, yaqin kishisidan nuqul shu fazilatlarni izlaydi, topsa, uni qabul qiladi, murodiga yetadi. Topolmasa, undan uzoqlashadi, voz kechadi. Ikki kishining o‘rtasidagi munosabat er-xotinlik rishtalari bilan bog‘langanda ham mohiyat shu: ko‘nglidagiga duch kelgan bo‘lsa, olam guliston. Aksi bo‘lganda esa bizda murosa yo‘li tanlanadi. Shubhasiz, jami er-xotinlik juftliklari omadli bo‘lavermagan, xuddi shunday, jami er-xotinlar oilada o‘zlarini baxtli hisoblamaydilar. Biroq yashaydilar: ota-ona hurmati, qarindosh-urug‘ sha’ni, bolalarning baxti uchun... Shu aqidadan kelib chiqib, «Baxtga erisha olmasligimizning aksariyat sabablari o‘zimizda emasmikan?» degan nuqtai nazar bilan masalaga yondoshdik.
Ayolning mahzun hikoyasi sirasida bir e’tirofi qulog‘imizda qoldi: «Qaynotam nuqul: «Tarbiyasiz ekansan» deb koyirdilar». Keyinroq ma’lum bo‘ladiki, u voyaga yetgan muhit ko‘ngildagidek bo‘lmagan.
Endi shunday oilani tasavvur qiling. Ota ichkilikka ruju qo‘ygan, ro‘zg‘orning butun yuki onaning gardanida. To‘rt nafar norasida go‘dagini voyaga yetkazish uchun suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, tirikchiligini ta’minlayapti. Azbaroyi qozon qaynatish g‘amida sevimli kasbi — o‘qituvchilikni tashlab, bozorga chiqib ketdi. Erning parvoyi palak, shishaning tor og‘zidan ichkariga kirib, «ummon»ga g‘arq bo‘lib ketgan. Bu ahvoldan xotin darg‘azab, bozordan charchab, ezilib keladi-da, butun zahrini pajmurda erga sochadi. Oilada har kuni janjal, to‘polon, ur-yiqit. Bolalar ana shunday muhitda o‘sib, ulg‘ayishgan.
Sho‘rpeshona kelin shu oilaning — to‘ng‘ichi. Uning baxtsizligida o‘zining, aniqrog‘i, oilaviy tarbiyaning ta’siri o‘z kuchini ko‘rsatgan. Tarbiya jarayonining zanjirsimon ta’sirini qarang: uning noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi tarbiyasiz ota-onanigina emas, ularning zurriyodlari hayotini ham barbod qilayapti...
Ana shunday mulohazalar bilan aslida gap nimadaligini chuqurroq o‘rganishga kirishdik. Bu yumushda mahalla oqsoqollari, jabrdiydaning yaqinlari, ruhshunosu pedagoglar ko‘maklashishdi. Ularning yordami bilan hayot «laboratoriyasi»ning ichiga teranroq kirib borishga urindik. 
Voqea: Ota-onaning dastlabki g‘idi-bidilari yillar o‘tib, oshkora janjalga aylandi. Gohi-gohida bo‘lib turadigan yeng ichidagi muhorabalar keyinchalik doimiy mashg‘ulot tusini oldi. Ko‘z ochgandan ishga ketguncha, ishdan qaytib, uyquga yotguncha tortishuv, gap talashish va oxirida janjal.
Taassurot: Doimiy oilaviy janjallar ichida o‘sayotgan bolalar bu holga butunlay ko‘nikishdi, ularda oila, er-xotinlik, turmush shunday bo‘lishi kerak, degan tasavvur shakllandi. Endi ota-onalari jim qolgan pallada bolalar o‘zaro janjal chiqaradigan bo‘lishdi. Shunday qilib, tegirmonda tug‘ilgan sichqon momaqaldiroqdan qo‘rqmaydi, deganlaridek, bu oila farzandlari qashshang, quloqsiz, gap uqmas, janjalkash bo‘lib o‘sishdi.
Oqsoqolning e’tirofi: «Farzand uchun ona mehri, ota nasihati havodek zarur. Mehr berilsa, mehrli bo‘ladi, nasihat eshitsa, odobni o‘rganadi. Mehr ko‘rgan bola dilozor bo‘lmaydi. Otaning har bir pand-nasihati boshqalarga hurmat ruhini sing­diradi, aks holda farzand boshqalar bilan hisoblashmaydigan, hech kimdan fikr so‘ramaydigan, hamma narsada o‘zi qaror qabul qiladigan o‘zboshimcha va xudbin bo‘lib yetishadi».
Sobiq qaynota hikoyasidan: «Kelin qo‘l-oyog‘i chaqqon, muomalasi shirin, xushchaqchaq qiz ekan. Bu fazilatlari bilan hammamizning mehrimizni tezda qozondi. Asli keyinroq ma’lum bo‘ldi. Oila tarbiyasining sayozligi, ayniqsa, ota o‘gitini eshitmagani tezda o‘z kasrini ko‘rsata boshladi. Unda umuman o‘zidan yoshi katta odam oldida odob saqlash, uning hurmatini joyiga qo‘yish, pand-nasihatlarini tinglash hissi shakllanmagan edi. Mening oldimda ham o‘zini tengdoshlaridek tutar, qo‘rs muomala qilardi. Hatto tortishib, ba’zan ko‘zimga tik qaragancha: «Bekor aytibsiz» singari nomaqbul gaplarni ham aytaverardi...».
Pedagogning mulohazasi: «Bolani kamolga yetkazishning sinalgan usullaridan biri — u esini tanigandan boshlab foydali mashg‘ulotga jalb qilish. Masalan, uy-ro‘zg‘or yumushlariga. Qiz bolalar uy tutish, sarishtalikka go‘dakligidanoq o‘rgatib borilmog‘i lozim».
Sobiq qaynona: «U uy-ro‘zg‘or ishlariga ham epsiz — narsalari ivirsib yotar, qozon-tovoqdan yiroq, bichish-tikishda uquvsiz edi. Negaki, onasi bozordan beri kelmagan, qizining ayni zehni ochilayotgan pallada ayol kishiga asqotishi zarur bo‘ladigan mashg‘ulotlardan saboq bermagandi. Issiq-sovuqqa chidash, og‘ir-engilga ko‘nikishni bilmas, xullas, turmushga tayyor emasdi. Tartibsizligi tufayli tanbeh eshitsa xafa bo‘lib, juda iztirob chekar, xursand bo‘lganda esa yeru ko‘kka sig‘may quvonardi. Birovdan ranjisa ham qattiq nafratlanar, yoqtirib qolsa joniga tegib ketardi — me’yorni bilmasdi».
Voqea: Bu oilada bir-birini qadr­lash, hurmat qilish, ayash kayfiyati bo‘lmagan. Shuning uchun bolalar ongida «Eng yomon odamlar bizning ­uyimizdagilar» degan tushuncha shakllangan.
Natija: Shunday muhitda o‘sganlar odatda o‘zlariga mehribonlarni, sirdoshlarni, do‘stlarni ko‘chadan qidira boshlaydi va topishadi ham. Chunki ko‘chaning bir lahzalik yoki janjalgacha yetmaydigan qisqa muloqotlari uydagi ur-surdan yaxshi-da! Bu bolalarda munosabatning ikkinchi qirrasini shakllantirdi, ya’ni «Eng yomon odamlar bizning uyimizdagilar». Bunga mutanosib tarzda esa «Eng yaxshi odamlar — begonalar, ya’ni ko‘chadagilar» degan aqida paydo bo‘ldi va bolalar shu ruhda ulg‘ayishdi. Va nihoyat ular o‘z-o‘zidan ko‘cha bolalari bo‘lib qolishdi.
Taassurot: Bunday tushunchaning ikkinchi jihati quyidagicha shakllanadi: uydagilarini yomon deb ulg‘aygan bolalar to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan yoki shunchaki tanbeh bergan qarindoshlari, yaqinlaridan nafratlanadigan, ulardan qochadigan, sirlarini yashiradigan bo‘lishadi, hurmatga hurmatsizlik bilan javob qaytarishadi. Demak, kelinga xushmuomala qilgan qaynota yoki «qizim» deb erkalatgan qaynona ham baribir yomon kishilar. Buning o‘rniga begonalar — qo‘shnilar, mehmonlar, tasodifan uchrab qolgan tanishlar — yaxshi.
Oqsoqol: «Negadir mahallada shu xonadonda tiq etgan tovush ham tez tarqalardi».
Natija: Shunday qilib, oiladagi sirlar ham ko‘chaga chiqa boshladi, maslahat ham ichkaridan emas, tashqaridan — begonalardan so‘raladigan bo‘ldi.
Oiladagi nosog‘lom muhit bolalarning kelajagini shu taxlit ostin-ustun qilib tashlagandi. Doimiy yetishmovchiliklar esa ularning g‘ururi, sha’nini ham kunpayakun qilgan, o‘zining, yaqinlarining obro‘si uchun kurashish hissi butunlay yo‘qolgandi.
Ular toshbag‘ir bo‘lib o‘sishdi.
Sobiq qaynota: «Kechagi qilig‘idan xijolat bo‘lish, aybi uchun uzr so‘rash, tanbeh berganda mulzam bo‘lishni bilmasdi. Qancha fig‘on chekib, oh-voh qilmang, sirtiga suv yuqtirmay, pinagini ham buzmay ketaverardi».
Ruhshunos: «Kelinning o‘zini ayb­siz sanashida asos bor. Kishida o‘z faoliyatini tanqidiy baholash ko‘nikmasi shakllanmagan bo‘lsa, hamma vaqt o‘zini haq deb biladi. Avvalo, u tarbiyalangan muhitda biror masalada javob berish, mas’uliyat hissi talab qilinmaganidan o‘zi tomonidan amalga oshirilgan har qanday xatti-harakatni to‘g‘ri, deb qabul qilishga o‘rganib qolgan. Nazoratsizlik muhitida rag‘bat yoki tanbehning yo‘qligi tufayli unda muhokama qobiliyati paydo bo‘lmagan, ya’ni tabiiy instenktlari o‘z holicha rivojlangan va shu holida u ko‘proq mutaraqqiy davr kishisini emas, xilvatdagi unutilgan kimsani eslatadi.
To‘g‘ri, maktab tahsili, tashqi taassurotlar tufayli xushmuomalalik, shirinso‘zlik singari fazilatlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin, lekin ulardan ham farosat bilan foydalanishni eplay olmaydi. Lozim bo‘lmagan o‘rinda o‘ta xushmuomala yoki keraksiz joyda shirinso‘z bo‘lib qolish ehtimoli mavjud. Qaynotaning e’tirofidan ko‘rinib turibdiki, unda hurmatning me’yorlari haqida tushuncha ham yo‘q, bo‘lmasa, begona bo‘lganda ham yoshi katta odamga «Bekor aytibsiz» tarzida muomala qilish naqadar uyatli ekanini sezardi. U esa kimsan qaynotasiga shunday deb turibdi!
Bir so‘z bilan aytganda, bolaligidanoq uning qalbi majruh bo‘lgan, ya’ni ko‘ngil oynasi qiyshiq shakllangan, qiyshiq oynaning aksi esa doim qiyshiq bo‘ladi. Endi bu yog‘iga hamma narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, fe’lida paydo bo‘lgan egoizmni yengishi qiyin bo‘ladi. Boz ustiga, turmushda omadi kelmagan bo‘lsa, hayotga musht o‘qtalab qarashi ham mumkin».
Mahalla oqsoqoli: «Xudoga shukur, juda namunali, madaniyatli oilalar ko‘p, ularning xonadoniga qadam qo‘yishingiz bilan fayz-baraka, tarovat ufurib turadi. Ammo shunday odamlar ham borki, og‘zidan yomon gap chiqmasa yoki janjallashmasa, ishtahasi ochilmaydi, tomog‘idan non o‘tmaydi. Bundaylar bir chapani odam aytganidek, «Janjalni ko‘plar bozordan sotib olsa, ular hovlisida o‘stiradi». Yomonlikdan semiradi, yomon gap aytib huzurlanadi, tavba-yu, odam shu ko‘yga tushib qolar ekan. Bizning azaliy qadriyatlarimizda farzandlar oldida hatto ovozni ko‘tarib gapirish ham nojoiz hisoblangan. Ularning beg‘ubor, musaffo muhitda ulg‘ayishlari ta’minlangan. Afsuski, kelinning oilasi... Mushtdekkina joni bilan hammamizni qiynab yubordi».
Albatta, mutaxassisning va ko‘pni ko‘rgan kayvonining xulosalari ko‘ngilni ravshan qilmaydi. Yana bir zamondoshimiz nomaqbul muhitda dunyo­ga kelib, boshiga tushgan savdolarga chora izlab turibdi. Aybni qayerdan qidirishni bilmaydi. Bizningcha, illatning boshi ko‘zga ko‘rinmas, biroq hamma narsani oldindan hal qilib qo‘yadigan «Janob Tarbiya»da ekanda-a! Odam ota-onasini o‘zi tanlay olmaganidek, go‘dak ulg‘ayayotgan muhitini ham o‘zi yaratishga qodir emas. Bunday marhamat insoniyat oldidagi qarz, muqaddas burch sifatida kattalarga yuklatilgan. Afsuski, ana shunday buyuk vazifa ba’zan unutiladi yoki zarur darajada ta’minlanmaydi, turmush tashvishlari, o‘z-o‘zini yenga olmaslik tazyiqi ostida...
Ana shunday muhitda ulg‘aygan, o‘zi aytgandek, «baxt oshuftasi» bo‘lgan kelin dunyoga hasrat to‘la ko‘zlari bilan boqmoqda, har bir unsurdan zabun holati uchun ayb qidirmoqda. Albatta, ma’lum andozalarda shakllangan kishi go‘shangaga kirganida birdaniga o‘zgarib qolmaydi, bil’aks, intim munosabatlarda ko‘ngilda nima bo‘lsa bari yuzaga otilib chiqadi. Garchi sobiq kuyov bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagan esa-da (u bu mavzuda gap ochishni xohlamas, juda alamzada, chunki ota-onasining qarshiligiga qaramay, sevib shu qizga uylangan ekan), er-xotinlik munosabatlarida bunday tarbiyaning qanchalik «asqotgani»ni tasavvur qilish qiyin emas.
Voqea: Buning isbotiga bir misol aytib berishdi: kuyov uzoq safarga ketish oldidan yosh rafiqasiga erkalanib: «Yaxshi tilaklar bildirmaysizmi?» debdi. Bunday muomalaga o‘rganmagan kelin esa: «O‘limga ketayotganingiz yo‘q-ku, qaytib kelasiz-da» tarzida sovuq javob qilibdi. Bu gapning erkakka qanday ta’sir etishini chamalab ko‘ring.
Mulohazalarni tinglab, xat muallifiga murojaat etdik. Taassufki, u bu gaplarni eshitishni xohlamas, hammasida baribir boshqalarni aybdor deb bilardi. U parvarish ko‘rmay o‘sgan tog‘ olchasiga o‘xshardi: yovvoyi tabiat qo‘ynida daraxt betizgin tarvaqaylab rivojlangan va o‘zining borlig‘ini shu tartibsizlikda, deb biladi. Juvon ham «Men shundayman va shu holimcha qolaman. Kerak bo‘lsa, boshqalar menga moslashsin» degandek kibr bilan o‘tirar, odaticha, hammadan qusur topib, hamma narsadan norozi bo‘lardi. Afsuski, hayotning shunday temir qonuniyatlari borki, u shohdan ham, gadodan ham o‘ziga buysunishni talab qiladi, ularga zid borish o‘tkir arra tig‘iga qarshi turishdek gap. Buni bizning suhbatdoshimiz tushunib yetmasdi, tushunishni ham xohlamasdi...
Maqolamiz avvalidagi mulohaza — «tarbiyali» va «tarbiyasiz» degan tushunchalarga tarozining ikki pallasi yoki jism hamda uning soyasi deb qarash to‘g‘ri emas. Hech vaqt issiqni sezish uchun sovuqqa chiqish kerak bo‘lmaganidek, tarbiyali odamni ajratish uchun tarbiyasiz kishini topish shart emas. Bu ikki tushuncha yaxlit narsaning ikki tarafi kabi yagonadir.
Hakim SATTORIY

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM