Muzey binosining tashqi ko‘rinishiyoq kishi e’tiborini tortadi. Bino Temuriylar davri hamda zamonaviy me’morchilik an’analariga uyg‘un tarzda qurilgan. Muzeyda saqlanayotgan 3 mingdan ziyod eksponatlar o‘sha davrdagi ilm-fan, madaniyat, san’at, hunarmandchilik, me’morchilikning yuksak taraqqiyotidan xabar berib turadi. Bular — Amir Temur va Temuriylar davriga oid me’morchilik obidalarining maketlari, qo‘lyozmalar, yozishmalar, kumush va mis tangalar, sarkardaning harbiy anjomlari, Go‘ri Amir maqbarasidan olingan ashyolar, sopol va mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, XIX-XX asrlarga oid kitoblar, tangalar, etnografik buyumlar...
Tashkil etilganiga o‘n besh yil to‘lib-to‘lmay muzey dunyo jamoatchiligi e’tiborini qozondi. Bugun uning xazinasini Eron elchixonasi sovg‘a qilgan Amir Temur va Temuriylarning qo‘shni davlat hukmdorlari bilan yozishmalari, Hindiston elchixonasi tortiq etgan bir qancha noyob qo‘lyozmalar nusxalari, Pokiston, Xitoy elchixonalari, Malayziya, Qozog‘iston, Rossiya, Gruziya, Turkiya va boshqa davlatlarning xos tuhfalari yanada boyitib turibdi.
Muzeydagi eksponatlar bilan tanishish uchun bu yerga har kuni uzoq-yaqindan yuzlab tomoshabinlar kelib ketishadi. Kunning qay vaqtida bormang, muzeyda maktab, kollej, litsey o‘quvchilarini yo bo‘lmasa talabalarni uchratishingiz mumkin. Mamlakatimizga qadam ranjida qilgan sayyohlarning esa bu dargohga kelmagan kuni yo‘q.
— Davlatingiz tarixiga oid ayrim ma’lumotlardan avval ham boxabar edim, — deydi muzeyga tashrif buyurgan malayziyalik Muhammad Ashfar Ali. — Bu yerga kelib, al Xorazmiy, al Buxoriy kabi allomalar ham o‘zbekistonlik bo‘lganligini, ularning shaxsiyati va dunyo tamadduniga qo‘shgan hissalari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim. Dunyo tan olgan buyuk sarkarda Amir Temurning esa juda ulkan ishlarga qodir bo‘lgani — ma’naviyat, ilm-fan, madaniyatga katta e’tibor qaratganini, ustozlarini behad ulug‘laganini, ularning vafot etgan joylarini obod qilganini, zamondosh bo‘lgan olim va allomalarga alohida e’tibor qaratganini shu zaminga kelib bildim.
— Muzeyimizga xorijiy davlatlardan fan va madaniyat namoyandalari, rasmiy delegatsiyalar ham tez-tez tashrif buyurishadi, — deydi muzeyning ekskursiyalar bo‘limi boshlig‘i Hikmat Onnayev. — Shu paytgacha muzeyga jahonning turli davlatlaridan 700 dan ziyod mehmonlar kelishgan. Ular Temuriylar davri tarixi bilan tanishib, juda katta taassurotlarga ega bo‘lishmoqda.
«Muzeyning faxriy mehmonlar kitobi»ga Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Gaydar Aliev 1996 yil 22 oktyabrda shunday dil so‘zlarini yozib qoldirgan ekan: «Chuqur hayajon va katta hurmat ila ulug‘ Amir Temur muzeyi bilan tanishdim. Muzey eksponatlari buyuk davlat arbobi, sarkarda, o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi Amir Temur haqida to‘laqonli ma’lumot beradi. O‘zbekiston xalqiga katta rahmat. Amir Temurning tarixiy merosini avaylab, hurmat bilan qarash yuqori ma’naviyat va donolik belgisidir».
Muzeydan turli xil ko‘rgazmalar ham o‘rin olgan bo‘lib, ulardan biri joriy yil 9 aprelda Sohibqiron tavalludining 675 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. «Temuriylar davlatining diplomatik munosabatlari» deb nomlangan mazkur bo‘limda diplomatik aloqalarga bevosita daxldor tarixiy maktublarning nusxalari — Amir Temurning Yildirim Boyazidga yo‘llagan maktubi, Yildirim Boyazidning Amir Temurga javobi, Amir Temurning, Shohrux mirzoning Misr hukmdoriga yuborgan maktublari, Sulton Husayn Boyqaroning Uzun Hasanga yo‘llagan maktubi va boshqalar o‘rin olgan.
Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik, tasviriy va amaliy san’at, adabiyot, musiqa san’ati yuksak taraqqiy etgani bizga tarixdan ma’lum. Bugungi kunda turli sabablarga ko‘ra boshqa yurtlarga olib ketilgan Temuriylar davriga oid qo‘lyozma asarlar, badiiy hunarmandchilik buyumlari va san’at namunalari dunyoning eng mashhur muzey va kollektsiyalarida saqlanib, tomoshabinlarni hayratga solmoqda. Muzeydagi «Jahon xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar» ko‘rgazmasidan Rossiya, Turkiya, AQSh, Fransiya, Angliya kabi davlatlarda saqlanayotgan Temuriylar davriga oid qimmatbaho ashyolar — Mirzo Ulug‘bek, Sulton Husayn mirzo nomi yozilgan piyolalar, Mironshohning uzuk-muhrlari hamda o‘sha davr badiiy hunarmandchilik buyumlarining nusxalari joy olgan. Yaqinda muzey fondi ana shunday yangi eksponatlar bilan boyidi. Sankt-Peterburgdagi davlat Ermitajida saqlanayotgan Mironshoh Mirzo hamda Gavharshodbegim uzuk-muhrlarining nusxalari yaratilib, muzeyga sovg‘a qilindi.
Muzey o‘zbek xalqining boy moddiy va ma’naviy merosini targ‘ib etish maqsadida o‘z eksponatlari bilan halqaro ko‘rgazmalarda ham qatnashib turadi. Xususan, 1996 yili Fransiyada o‘tkazilgan «Temuriylar renessansi», 2000 yili Germaniyaning Gannover shahrida o‘zkazilgan «Ekspo — 2000», 2004 yili Avstraliyaning Sidney shahridagi Paurxaus muzeyida o‘tkazilgan «Yorqin gullar: Markaziy Osiyo gazlamalari va keramikasi» xalqaro ko‘rgazmalarida muzeyning noyob eksponatlari namoyish etildi.
Muzey va uning eksponatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ko‘rgazma zallarini tomosha qilib yurganimizda qizalog‘ini yetaklab olgan bir ayolga ko‘zimiz tushdi. O‘zini Dilbar Jumayeva deya tanishtirgan bu ayol farzandi ta’tilga chiqqanini, uning vaqtini mazmunli o‘tkazishini istab, bu yerga olib kelganini ta’kidladi. Muzeydan uzoqlasharkanman, ko‘nglimda g‘urur hissi paydo bo‘ldi: ulug‘ bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan osori-atiqalarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyosligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Fozil JABBOROV,
«Hurriyat» muxbiri
|