O‘zining «Yaxshi ham siz borsiz», «Unutilgan hur», «Oftobga qaytaman» she’riy to‘plamlari bilan so‘z ixlosmandlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan shoir G‘ulom Mirzo qisqa tanaffusdan so‘ng «Qalb tomchilari» nomli ancha salmoqli majmuasiga tartib berib, tafakkur qatlamlari taftishidan hosil bo‘lgan yangi she’riy topilmalarini taqdim etdi.
Kitobni o‘qigan kishi, avvalo, shoirning tilni yaxshi o‘zlashtirganini payqaydi. Hazrat Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn»idan to‘g‘ri saboq chiqarib, turkiy tilning so‘z yasash imkoniyatlaridan o‘rinli foydalangan. Uchliklarda «Qulaylikka qullikdan qutul» deya uch harf — q+u+l ning birikmasidan turli ifoda tovlanishini mahorat bilan ko‘rsatsa, «Dilnoma» she’rida «dil» so‘zidan o‘ttizta mustaqil so‘z yasab, lirik qahramon va yorning sifatlarini tazod va muqobala yo‘sinida keltiradi (Siz dilxoh, diltortar, dilorom. Biz dilgir, dilshuda, dilpora).
She’rlarining birida oyni malohatli mallohga mengzagan shoir (Malohatli malloh kabi moh Tunni haydab ketar olisga) hurlikka erishgan millatning ruhiyatini ifodalash uchun daraxt tasviriga kirishadi. Daraxt ramzlar tilida hayot, ulug‘vorlik, azamat timsoli. Shoir bu timsolning zimmasiga aynan shunday sifatlar sohibi bo‘lmish millat ma’nosini ham «yuklaydi». She’rning dastlabki ikki bandida bir manzarani tasvirlab, «zikr», «huzur» va «duo» so‘zlarini qo‘llash orqali o‘quvchini tasavvur bosqichidan mistik tafakkur olamiga yetaklaydi. Bu satrlarni o‘qigan kishi tabiatdagi har bir jonzot o‘ziga nasib etgan ne’matning haqqini bajo keltirishda sobit ekani, butun borliq muayyan bir uyg‘unlikda hayot kechirishi va qonuniyatlarga itoat qilishi lozimligiga yana bir karra imon keltiradi:
Ozroq yelsa shabada,
Zikrlari behisob.
Xivchinu shox-shabbada
Shitirlari behisob.
Yomg‘ir yuvsa mabodo
Huzurlari behisob,
Novdalarin duoga
Cho‘zurlari behisob.
Keyingi bandda go‘zal lahzalar shukronasini ifodalash uchun lirik qahramon qalbini yaproqqa o‘xshatadi. Endi daraxt taxayyul ko‘zida novdalari yam-yashil yaproqqa burkangan holatidan tillarida shukronalik behisob bo‘lgan ko‘ngillar bilan orastalangan muhtasham bir qudsiy xilqatga do‘nadi:
Yaproqdek bir qalbimda
Shukronam qancha, bilmam.
Lek yuzlab yurak bargda
Shukurlari behisob.
Muallif ko‘proq so‘zning zalvoriga e’tibor qaratadi. Vazn va qofiyaga moslashtirish ilinjida satrlarni yordamchi so‘zlar bilan to‘ldirishdan o‘zini tiyadi. Jumladan, atigi 11 so‘z va 6 satrdan iborat quyidagi she’rda insoniy baxtning tarixiy kurtaklari haqida fikr yuritadi:
Baroridan kelgan ov,
g‘or,
olov,
po‘stak —
ilk baxt uchun yana
ne kerak?..
Ortiqcha pardoz yo‘q, so‘zlar tashqi ohangiga qarab emas, ichki musiqaviylik va mantiqiy bog‘lanishga muvofiq tanlangan. She’rning o‘qtomirini «ilk baxt» tushunchasi tashkil qiladi. Qolgan so‘zlarni o‘zining ma’no mehvari atrofiga aylantirgan aynan shu ibora o‘qishdan uqishga, tasavvurdan tafakkur sari kechinmalarni harakatlantiradi.
Baxt o‘zi nima? Baxtsizlik-chi? Abadiy baxt mavjudmi? Barchaga maqbul tushadigan baxt mezonlari bormi? Bu taxlit savollar inson fikrlay boshlaganidan beri jumboq. Shoir baxtning dastlabki ko‘rinishi moddiy asosda paydo bo‘lgani, qadimgi davr odami o‘ljasini ayoli avaylab saqlagan cho‘g‘da pishirib yegandan so‘ng po‘stakning ustida oyoq cho‘zib, g‘orning og‘zidan ko‘rinayotgan osmon parchasini huzur-la tomosha qilishni eng ulug‘ baxt, deb hisoblaganini ritorik savol orqali tasdiqlab, ayni paytda shu baxtning chinligini shubha ostiga qo‘yadi. Negaki, bir maromda yashash, birxillik odamzot tabiatiga xos emas. «Yana ne kerak?..» savoli tufayli kimlarningdir yuho nafsi junbushga keladi, kimgadir bir umr qorin g‘amida yashash erish tuyuladi. Qalb va qorin g‘amida ikki toifaga bo‘lingan odamlarning baxt yo‘lidagi intilishlari tiriklikni bugungi pallasiga yetkazib keldi. Odamlar endi g‘orda emas, bahavo uylarda, parqu to‘shaklar ustida, zangori olov va zangori ekran huzur-halovatida yashamoqdalar. Lekin shu holatda ham baxt degan oliy ne’matning nimasidir kemtik ko‘rinaveradi.
She’rda tasvirlangan ilk baxtning dastlabki ko‘rinishlari kim uchundir qanoat timsoli bo‘lsa, kimlardir ajdodlarning orzulari kichikligiga kuyunadi, boshqa birov «baxt» tushunchasini agar nafs qutqusiga bog‘liq tasavvur qilsa, o‘zini «g‘or odami»dan hech qanday tafovuti yo‘qday his qiladi.
Kitob yagona mantiq xalqasida birlashgan 12 turkumdan iborat. Boshqa kitoblarda uchramaydigan «Mutolaa farog‘ati» turkumi kishi e’tiborini tortadi. Negaki, mumtoz adabiyotimizda mukarram oyatlar va hadisi shariflar, aziz-avliyolarning hikmatlarini she’riy tarjima qilish go‘zal an’anaga aylangan edi. G‘ulom Mirzo unutilayozgan an’anani ijodiy o‘zlashtirib, turli zamonlarda yashab, ijod qilgan faylasuflarning hayotiy saboqlari hamda mutolaa natijasida hosil bo‘lgan shaxsiy mulohaza va xulosalarini quyma satrlar orqali ifodalashga uringan. Muallif bu turkumda kimningdir fikri ta’sirida qolgan ijodkor emas, balki o‘z dunyoqarashi va maslagiga mos hamda quvvatlab rivojlantiradigan xosiyatga ega bo‘lgan tirik fikrlarni nazm silkiga tortishga jazm qilgan. Mutolaa farog‘ati turkumidan joy olgan Demokrit deydi: «mardlik taqdir zarbalarini pisand etmaslik» kabi she’rlar adabiy jarayonda she’riy tarjima va talqin an’anasiga yangi ravnaq bag‘ishlaydi, deb umid qilamiz.
Olimjon DAVLATOV
|